Xitoylik tadqiqotchilar uchuvchisiz uchish apparatlari to‘dasiga aloqa to‘liq uzilgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri vizual ko‘rinish bo‘lmagan sharoitda ham nishonlarni avtonom tarzda izlab topish va yo‘q qilish imkonini beruvchi sunʼiy intellekt algoritmini ishlab chiqqanini eʼlon qildi. Simulyatsiyada tizim jangovar harakatlarni olib borish uchun yetarli tezlikda ishlab, “yuz foizlik samaradorlikka” erishgan. Dala sinovlari esa hali oldinda.

Dronlar to‘dasini boshqarish bo‘yicha mavjud tizimlarning aksariyati operator yoki tayanch stansiyasi bilan barqaror aloqa kanaliga qaram. Zamonaviy urushlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, radioaloqa uzilganda yoki sensorlar ishdan chiqqanda, to‘daning samaradorligi halokatli darajada pasayadi. Kelajakning avtonom boshqaruv tizimlari esa aynan shunday noaniqlik sharoitlarida ishlashiga to‘g‘ri keladi.
Jang maydoni uchun mo‘ljallangan odatiy SI algoritmlari barcha obyektlarni – xoh u dron, tank, bino yoki tepalik bo‘lsin – bir xil maʼlumotlar nuqtasi sifatida qayta ishlaydi. Xitoyning HG-STR algoritmi esa jang maydonining dinamik tasvirini tuzadi, unda turli obyektlar ko‘rinmas aloqalar bilan o‘zaro bog‘lanadi. Masalan, radar qurilmasi shunchaki obyekt emas, balki relyef, xalaqit manbalari va mudofaa pozitsiyalari bilan bog‘langan tahdid tuguni hisoblanadi. O‘rmon yashirinish tuguniga, tepalik esa ko‘rishni to‘suvchi chiziqqa aylanadi. To‘dadagi dron alohida bir birlik emas, balki axborot almashish tugunidir. Bunday tuzilma to‘daga bevosita “ko‘rayotgan” narsasiga shunchaki reaksiya bildirish o‘rniga, taktik xulosalar chiqarish imkonini beradi.
SCMP xabariga ko‘ra, to‘da aloqa va vizual tasdiq yo‘qolganidan keyin ham nishonni taʼqib qilishda davom eta oladi. Algoritm joy relyefi, avvalgi patrul marshrutlari va qayd etilgan issiqlik (termal) anomaliyalari asosida dushmanning ehtimoliy joylashuvini hisoblab, mustaqil ravishda vaziyatga moslasha oladi. Mohiyatan, bu dasturlashtirilgan xulq-atvordan bevosita jang maydonida mantiqiy xulosalar chiqarishga o‘tish demakdir.
HG-STR (Heterogeneous Graph Spatio-Temporal Reasoning) algoritmi Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismidagi tadqiqot guruhi tomonidan ishlab chiqilgan va “Acta Aeronautica et Astronautica Sinica” jurnali maqolasida batafsil tavsiflangan. Bu zamonaviy urush talablariga javob beradigan darajada tez ishlab, nishonlarni yo‘q qilishda 100 foizlik samaradorlikka erisha oladigan ilk maʼlum algoritmdir.
Biroq mualliflarning o‘zlari taʼkidlaganidek, simulyatsiyadagi ideal ko‘rsatkich haqiqiy jangda ham ideal samaradorlikka erishiladi degani emas. Chunki real jangda soxta nishonlar, fuqarolik transport vositalari, chalg‘ituvchi manyovrlar, shikastlangan datchiklar, faol radioelektron kurash vositalari, o‘zgaruvchan ob-havo va minglab boshqa omillar mavjud bo‘ladi. Shunga qaramay, bu yondashuvning o‘zi harbiylar “boshqaruv halqasidagi inson” (human-in-the-loop) tizimidan “halqa ustidagi inson” (human-on-the-loop) va so‘ngra “halqadan tashqaridagi inson” (human-out-of-the-loop) tizimiga o‘tayotganining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi. To‘da yakuniy buyruqni oladi va mustaqil harakat qiladi.