JPMorgan hisobotiga ko‘ra, bozordagi yetakchi tizimlar narxi o‘sishda davom etayotgani sababli kompaniyalar sun’iy intellektga sarflanadigan xarajatlarini tobora faolroq qayta ko‘rib chiqmoqda va arzonroq, ochiq kodli (open-source) modellarga o‘tmoqda. Ayrim Xitoy modellari bir token uchun 10-50 baravar arzon turadi va shu bilan birga qator benchmarklarda G‘arb modellari bilan deyarli bir xil samaradorlikni namoyish etadi. Sanoatning «haqiqiy foydalanish bo‘yicha to‘lov» (pay-as-you-go) tizimiga o‘tishi allaqachon xarajatlarning keskin oshishiga olib keldi: OpenAI tokenlarining narxi GPT-5.4 va GPT-5.5 versiyalari orasida ikki baravar oshdi, ba’zi korporativ mijozlarning xarajatlari esa 100 baravaragacha ko‘tarildi.

Image credit: hightech.plus

Tadqiqotda qayd etilishicha, narxlar bosimi kompaniyalarni OpenAI va Anthropic’ning premium yechimlariga qaramlikni kamaytirishga majbur qilmoqda. Gartner ham ayni shu muammo haqida ogohlantirmoqda: ularning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt xarajatlari oldindan aytib bo‘lmaydigan darajaga yetmoqda va kompaniyalar u yoki bu vazifa uchun qancha token talab qilinishini doim ham tushunavermaydi. Bu, prognozlarga ko‘ra, 2028-yilga borib sun’iy intellekt ishtirokida dasturiy ta’minot yaratish xarajatlari dasturchining o‘rtacha maoshidan oshib ketishiga olib kelishi mumkin.

JPMorgan tahlilchilarining ta’kidlashicha, ayrim hollarda sun’iy intellektdan foydalanish narxi keskin oshgan. Masalan, hisobotga ko‘ra, OpenAI tokenlarining narxi GPT-5.4 va GPT-5.5 versiyalari orasida ikki baravar ko‘tarilgan bo‘lsa, Microsoft o‘zining Copilot xizmati narxini oshirib, bir nechta modellar uchun tariflarni kengaytirgan. Ba’zi korporativ mijozlarning aytishicha, narx siyosati qayta ko‘rib chiqilgandan so‘ng ularning sun’iy intellektga sarflaydigan xarajatlari 100 baravaragacha oshgan.

Shu munosabat bilan arzonroq muqobillarga o‘tishning ilk holatlari allaqachon qayd etilmoqda. Lindy startapi sezilarli tejamkorlik va samaradorlik oshganini aytib, Anthropic kompaniyasining Claude modellaridan voz kechdi va Xitoyning DeepSeek modelidan foydalanishni boshladi. Coinbase bosh direktori Brayan Armstrong ham yaqin bir yilda sun’iy intellekt bilan bog‘liq vazifalarning aksariyati ancha arzon modellarga o‘tishini bashorat qilmoqda.

Narx va samaradorlik nisbati ochiq hamda arzon yechimlar foydasiga hal qiluvchi omilga aylanib bormoqda. Taqqoslashlardan birida Claude Opus 4.8 benchmarkda 56 ball to‘plagan va uning ishlash narxi 3700 dollarni tashkil etgan. DeepSeek V4 Pro esa atigi 186 dollar evaziga 44 ball to‘plagan. Bu esa xitoylik turni salkam 20 baravar arzonroq qiladi.

DeepSeek, Alibaba, Xiaomi, MiniMax va Kimi kabi xitoylik ishlab chiquvchilar modelning sifati va uni ishlatish narxini o‘zida jamlagan «bir dollarga to‘g‘ri keladigan intellekt samaradorligi» ko‘rsatkichi bo‘yicha tobora ko‘proq yetakchilik qilmoqda.

Shu bilan birga, JPMorgan’ning qayd etishicha, OpenAI va Anthropic’ning premium modellari ilmiy tadqiqotlar, kiberxavfsizlik va ilg‘or SI-agentlari kabi maksimal aniqlikni talab qiladigan murakkab vazifalarda o‘zining muhim o‘rnini saqlab qoladi. Biroq korporativ vazifalarning aksariyati eng yuqori darajadagi samaradorlikni talab etmaydi, bu esa arzonroq, ochiq kodli muqobillar uchun keng bozor ochib beradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan