Milodiy 79 yilda Vezuviy vulqonining otilishi Gerkulanum shahrini o‘ta qaynoq piroklastik oqim ostida qoldirib, hashamatli villadagi kutubxonani ko‘mir uyumlariga aylantirgan edi. Oradan ikki ming yil o‘tib, “Vesuvius Challenge” xalqaro loyihasi shu vaqigacha imkonsiz deb hisoblangan vazifani uddaladi: olimlar sinxrotronlar va sunʼiy intellekt yordamida kolleksiyadagi eng qadimiy o‘ramlardan birini, unga jismonan tegmasdan turib, virtual tarzda “yoyishga” muvaffaq bo‘ldi. Bu qariyb 1,5 metr uzunlikdagi yaxlit matn va 20 ga yaqin ustundan iborat falsafiy mulohazalar bo‘lib, so‘nggi o‘n yilliklarda papirologiya sohasida qilingan eng muhim kashfiyotlardan biridir. Xuddi shu uslub yordamida Gerkulanumdan topilgan qolgan 600 dan ortiq o‘ramni ham o‘qish mumkin bo‘ladi.

Image credit: hightech.plus

PHerc. 172 nomi bilan maʼlum bo‘lgan o‘ram shu qadar mo‘rt ediki, 1980-yillarda uni mexanik tarzda ochishga bo‘lgan urinishlar umidsiz deb topilgan – ko‘mirlashgan papirus arzimas teginishdan ham uvalanib ketardi. Bu vaziyatda aql bovar qilmas darajada yorqin rentgen nurlarini hosil qiluvchi ulkan elektron tezlatkichlar – sinxrotronlar yordamga keldi. Fransiyadagi ESRF va Buyuk Britaniyadagi Diamond Light Source qurilmalarida o‘tkazilgan skanerlash natijasida mikrometr aniqligidagi uch o‘lchamli xaritalar yaratildi. Press-relizda aytilishicha, faqat bitta o‘ramga oid maʼlumotlarning umumiy hajmi 300 terabaytga yetgan.

Biroq, ishlov berilmagan rentgen tasvirlarida faqat qora uglerod foni ko‘rinib, unda siyohni umuman ajratib bo‘lmas edi. Matnni o‘qish uchun olimlar siyohning o‘ziga xos xususiyatidan foydalandi: tarkibiga metall qo‘shilgan qurumdan tayyorlangan siyoh rentgen nurlarini papirusga qaraganda boshqacha yutadi. Tadqiqotchilar neyron tarmoqni o‘ram yuzasidagi ana shu mikroskopik notekisliklarni ilg‘ashga o‘rgatdi. Fiziklar, kompyuter lingvistlari va papirologiya mutaxassislarining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari natijasida harflarning konturlari tiklandi.

Olingan matn yunon tilida yozilgan bo‘lib, miloddan avvalgi II-III asrlarga oid falsafiy risola ekani aniqlandi. Yaʼni, u Gerkulanumdan topilgan aksariyat yodgorliklardan ancha qadimiyroq.

Muallif stoik falsafasiga oid tushunchalarni muhokama qiladi: hormē (“intilish”) – inson va hayvonlarga xos bo‘lgan tug‘ma harakat impulsi bo‘lib, muallif agar aql uni boshqarmasa, bu impulsning haddan ziyod ortib ketishi (pleonasmos) ehtiroslar va xatoliklarga olib kelishidan ogohlantiradi. Shuningdek, matnda phronēsis (“amaliy donolik”) – illatlar o‘rniga fazilatlarni tanlash qobiliyati ham tilga olinadi. Uslubi va atamalariga qaraganda, asar muallifi – Gerkulanum kutubxonasida asarlari ko‘pchilikni tashkil etuvchi epikurchi faylasuf Filodem emas, balki undan avvalroq yashagan, ehtimol, stoiklar vakili bo‘lgan boshqa bir shaxsdir.

Xuddi shu o‘ramning alohida qatlamidan tadqiqotchilar epikurchilikka oid “Xudolar haqida”gi asarga qilingan ishoratlarni (unda kitoblarning raqamlanishi ham eslatib o‘tilgan) topdi. Avvallari bu asarning faqat birinchi jildi maʼlum edi, endi esa uning kamida sakkizta kitobdan iborat bo‘lgani ayon bo‘ldi. Unda “xudolar”ning tabiati, ilohiy iroda va koinotning tuzilishi muhokama qilinadi, bu esa epikurchilik ilohiyotining rivojlanishiga yangicha nazar tashlash imkonini beradi.

Kuyib ko‘mirga aylangan papiruslarni o‘rganish davom etadi. Muhandislar va fiziklar o‘z ishini yakunladi, endi navbat papirologlar, tarixchilar va filologlarga. Bundan tashqari, ayni shu uslub yordamida Gerkulanumdan topilgan 600 dan ortiq boshqa o‘ramlarni ham o‘qish mumkin bo‘ladi – ular hozircha omborxonalarda daxlsiz saqlanmoqda.

Shuningdek, Vezuviy otilishi qurbonlarining kul qatlami ostidan olingan suyak parchalari milodiy I asr oxirida Pompeyda yashagan odamlarning DNKsini saqlab qolgani va ularning kelib chiqishi hamda qarindoshlik aloqalariga oydinlik kiritgani maʼlum qilindi. O‘sha tabiiy ofatda halok bo‘lgan besh kishilik guruhdan olinib, tadqiq etilgan ilk genetik material ushbu qadimiy Rim shahrining halokati tarixini zamonaviy madaniy tasavvurlar (stereotiplar) taʼsiridan xoli tarzda o‘rganishga imkon beradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan