Britaniyaning Garfiyeld AI yuridik kompaniyasi dunyoda ilk bor sunʼiy intellektga asoslangan va rasman tartibga solinuvchi firma sifatida sud ishida g‘alabaga erishdi. Bu voqea hamyonbop yuridik yordamning mutlaqo yangi davrini boshlab berishi kutilmoqda.

Mazkur tarixiy jarayon joriy yilning may oyida Uondsvort tuman sudida (Vandsvorth Sounty Sourt) bo‘lib o‘tdi. Unda frilanser va HR-maslahatchi Tamires Kamal Takvidir (Tamires Samal Taquidir) 7000 funt sterling miqdoridagi qarzni undirish bo‘yicha daʼvoni yutib chiqdi. Eʼtiborlisi, mijoz Garfiyeld AI xizmatlari uchun atigi 400 funt sterling to‘lagan xolos. Bu pul evaziga sunʼiy intellekt mustaqil ravishda sud uchun hujjatlarning to‘liq to‘plamini tayyorladi, daʼvo arizasini tuzdi, dalillarni rasmiylashtirdi, guvohlik ko‘rsatmalarini yozib chiqdi va sud materiallarini (trial bundles) shakllantirdi.

Uch soat davom etgan sud majlisining o‘zida esa mijoz manfaatlarini jonli advokat himoya qildi. Natijada sud daʼvogarning talablarini to‘liq qondirib, javobgarning qarshi daʼvosini rad etdi. Ushbu g‘alabani taʼminlagan Garfiyeld AI – Buyuk Britaniyada (kompaniya daʼvosiga ko‘ra, butun dunyoda) Advokatlar faoliyatini tartibga solish idorasi (Solisitors Regulation Authority, SRA) tomonidan rasman litsenziyalangan ilk yuridik firma hisoblanadi. U nisbatan oddiy ishlarga, xususan, 10 000 funt sterlinggacha bo‘lgan kichik qarzlarni undirishga ixtisoslashgan.

Kompaniya asoschilarining taʼkidlashicha, ularning asosiy maqsadi – anʼanaviy advokat xizmatlari ko‘pincha juda qimmatlik qiladigan oddiy aholi va kichik biznes uchun sifatli yuridik yordamni ommabop qilishdir. Ular buni nafaqat Britaniya, balki butun dunyo uchun muhim voqea deb atab, sunʼiy intellekt odil sudlovdan foydalanishdagi to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytira olishini isbotlamoqda. Bu fikrni yuridik hamjamiyat ham tasdiqlamoqda. Aksariyat mutaxassislar bu holatni advokatlik kasbiga tahdid emas, balki uning transformatsiyasi sifatida qabul qilmoqda: yaʼni zerikarli tayyorgarlik ishlari sunʼiy intellektga topshirilib, suddagi jonli vakillik va strategik qarorlar qabul qilish inson zimmasida qoladi.

Jarayonning o‘zi qanchalik yengillashganini mijoz Tamires Takvidir ham eʼtirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Garfiyeld AI aralashuvisiz qarzni undirish jarayoni o‘ta asabbuzar va qimmatga tushgan bo‘lardi. Mutaxassislar ushbu muvaffaqiyat yuridik sohaga sunʼiy intellektning tatbiq etilishini yana-da tezlashtirishini bashorat qilmoqda. Ayni paytda kompaniya o‘z xizmatlari doirasini kengaytirishni rejalashtirmoqda, turli mamlakatlarning nazorat organlari esa Britaniyadagi tajribani diqqat bilan kuzatib bormoqda. Yakunda bu ish yuridik xizmatlar bozorini global miqyosda o‘zgartirib, odil sudlovni tezroq, arzonroq va qulayroq qiladigan tarixiy pretsedentga aylanishi mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan