AQSh hukumati Anthropic kompaniyasining eng ilg‘or sunʼiy intellekt modellari – Claude Fable 5 va Claude Mythos 5 uchun joriy etilgan eksport cheklovlarini bekor qildi. Bu qarordan so‘ng kompaniya mazkur modellarga global miqyosda kirish imkoniyatini bosqichma-bosqich qayta tiklashini maʼlum qildi.

Claude chat-botini ishlab chiquvchi Anthropic seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH Savdo vazirligidan rasmiy xabarnoma olganini bildirdi.

“Savdo vazirligi bizga Claude Fable 5 va Mythos 5 modellariga nisbatan eksport nazorati bekor qilingani haqida xabar berdi. Ertadan boshlab ulardan foydalanish imkoniyatini bosqichma-bosqich tiklaymiz”, – deyiladi kompaniya bayonotida.

Oy boshida AQSh rasmiylari milliy manfaatlar bilan bog‘liq xavfsizlikni inobatga olgan holda, ushbu modellarga nisbatan shoshilinch cheklovlar kiritgan edi. Bunga modellarning himoya mexanizmlarida aniqlangan ayrim zaifliklar sabab qilib ko‘rsatilgan.

12 iyun kuni AQSh hukumati Anthropic‘dan Claude Fable 5 va Mythos 5 modellariga kirishni vaqtincha to‘xtatishni talab qildi. Maqsad – modellardan noqonuniy yoki zararli yo‘nalishlarda foydalanish ehtimolini kamaytirish edi. Shundan so‘ng Anthropic davlat idoralari bilan birgalikda bir qator texnik choralarni amalga oshirdi. Amerika ommaviy axborot vositalari tanishgan rasmiy xatga ko‘ra, Tramp maʼmuriyati kompaniya aniqlangan muammolarni to‘liq bartaraf etgan, degan xulosaga kelgachgina cheklovlarni bekor qilgan.

Bundan to‘rt kun avval esa Anthropic AQSh hukumatidan mamlakatning kiberhimoya sohasidagi cheklangan doiradagi tashkilotlariga Mythos 5 modelidan foydalanish uchun maxsus ruxsat olganini maʼlum qilgan edi.

Rasman cheklovlarning bekor qilinishi aniqlangan texnik muammolar hal etilgani bilan izohlanmoqda. Biroq tahlilchilar bu qarorga taʼsir qilgan omillar shundangina iborat emasligini taʼkidlayapti.

Keyingi oylarda Xitoyning yetakchi texnologiya kompaniyalari yuqori imkoniyatlarga ega yangi sunʼiy intellekt modellarini ketma-ket taqdim etmoqda. Ular ayrim benchmarklarda amerikalik ishlanmalarga juda yaqin natijalarni ko‘rsatib, baʼzi yo‘nalishlarda ular bilan bemalol tenglashayotganini namoyish qildi.

Bu esa Vashington uchun texnologik ustunlikni saqlab qolish masalasini yana-da dolzarblashtirdi. Agar amerikalik kompaniyalarning eng ilg‘or modellari uzoq vaqt tashqi bozorlardan uzilib qolsa, bu AQShning sunʼiy intellekt sohasidagi mutlaq yetakchi mavqeiga putur yetkazishi mumkin.

Shu sababli ayrim mutaxassislar eksport cheklovlarining bekor qilinishi nafaqat zaifliklarning yopilgani, balki Xitoy bilan kuchayib borayotgan texnologik bellashuv sharoitida amerikalik ishlab chiquvchilarning raqobatbardoshligini cheklab qo‘ymaslik istagi bilan ham bog‘liqligini aytmoqda.

So‘nggi bir yilda Xitoyning qator kompaniyalari nisbatan arzon hisoblash resurslari yordamida yuqori samaradorlikka erishgan modellarni taqdim etib, jahon SI bozoridagi kuchlar muvozanatiga jiddiy taʼsir ko‘rsatdi. Bu esa AQShda ilg‘or texnologiyalarni qanday tartibga solish va ularni tashqi bozorlarga qay darajada erkin chiqarish kerakligi haqidagi munozaralarni yana-da avj oldirdi.

Anthropic kabi OpenAI ham AQSh hukumati bilan uzviy muvofiqlashgan holda ish olib bormoqda. Xususan, kompaniya o‘zining yangi GPT-5.6 modelini dastlab faqat cheklangan doiradagi tasdiqlangan hamkorlar uchungina ishga tushirdi.

OpenAI rahbari Sem Altman juma kuni X ijtimoiy tarmog‘ida bu jarayonga munosabat bildirib, amaldagi tartib ideal emasligini yashirmadi. “Bu hali biz optimal deb hisoblaydigan jarayon emas”, – deb yozdi u.

So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, sunʼiy intellekt sohasi endilikda faqatgina texnologiya emas, balki geosiyosiy taʼsir va iqtisodiy ustunlik uchun kurashning eng asosiy maydoniga aylandi. AQSh bir tomondan eng qudratli SI modellaridan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xatarlarni nazorat qilishga intilsa, ikkinchi tomondan jahonda tobora kuchayib borayotgan texnologik poygada o‘z kompaniyalarining so‘zsiz yetakchiligini saqlab qolishga harakat qilmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan