Pekinda antiqa musobaqa – yarim marofonda odamlar va robot-gumanoidlar birgalikda 21 kilometrlik masofani bosib o‘tadi. Musobaqa 2025 yil 13 aprel kuni Beijing E-Town maxsus iqtisodiy hududida o‘tkaziladi. Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish allaqachon boshlangan va tadbirga qiziqish tez surʼatda ortib bormoqda. Qoidalar quyidagicha: robot jamoalariga poyga davomida batareyalarni almashtirish va hatto robotlarni o‘zgartirish imkoniyati beriladi. Biroq, har bir bunday o‘zgartirish uchun jamoaning yakuniy vaqtiga 10 daqiqalik jarima qo‘shiladi. Musobaqada ilmiy institutlar, xususiy kompaniyalar va robototexnika ixlosmandlari ishtirok etishi mumkin.

Yangi qoidalarga muvofiq, robotlar masofani 3 soat 30 daqiqa yoki undan tezroq bosib o‘tishlari shart. Muhimi, bo‘yi faqat 0,5 metrdan 2 metrgacha bo‘lgan odamsimon robotlar ishtirok etishi mumkin. G‘ildirakli yoki bir necha juft oyoqli robotlar musobaqaga qo‘yilmaydi. Robotlarni masofadan turib ham, avtonom sunʼiy intellekt yordamida ham boshqarishga ruxsat beriladi. Asosiy talab – trassa, odamlar va boshqa ishtirokchilar xavfsizligini taʼminlashdir.
Robotlar toifasidagi dastlabki uch o‘rin uchun mukofot jamg‘armasi mos ravishda 5000, 4000 va 3000 yuanni tashkil etadi, bu taxminan 697, 558 va 418 AQSH dollariga teng. Vaqtdan tashqari, hakamlar qoidalarga texnik muvofiqlikni ham baholaydilar. Shuningdek, chidamlilik va dizaynning o‘ziga xosligi uchun maxsus mukofotlar belgilangan. Tashkilotchilar butun dunyodagi tadqiqot institutlari, universitetlar va robototexnika klublari jamoalarini faol ishtirok etishga chorlamoqda.
Ushbu yarim marafon Beijing E-Town hududida robototexnikani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejaning bir qismi, xolos. Yaqinda mahalliy hokimiyat kelgusi ikki yil ichida iqtisodiyotning turli sohalarida 10 mingdan ortiq robotni joylashtirish dasturini taqdim etdi. Ulardan 1000 ga yaqini gumanoid robotlar bo‘ladi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati taxminan 5 milliard yuanni (686 million AQSH dollari atrofida) tashkil etadi.
Robotlar allaqachon JD, Xiaomi Automotive va Bayer korxonalarida faol ishlamoqda. Kelgusi yil oxirigacha tumanda joriy etiladigan sanoat robotlari soni 5 mingtadan oshadi. Ishlab chiqarish vazifalaridan tashqari, gumanoidlar odamlar hayotiga xavfni kamaytirish maqsadida xavfli hududlarda: konlar, zavodlar va elektr stansiyalarida ishlash uchun ham qo‘llaniladi.
2023 yilda Xitoyning gumanoid robotlar bozori hajmi 2,76 milliard yuanga baholangan bo‘lsa, 2029 yilga kelib uning keskin o‘sishi 75 milliard yuanga (104 milliard AQSH dollari) yetishi kutilmoqda. Bashoratlar amalga oshsa, Xitoy 5 yildan kamroq vaqt ichida butun jahon odamsimon robotlar bozorining uchdan bir qismini egallaydi.