Sunʼiy intellekt agentlari ilmiy kashfiyotlarni o‘ziga xos konveyerga aylantirmoqda: gipotezalar tez va arzon ishlab chiqilyapti, tadqiqotchilar esa ularni tekshirishga shunchaki ulgurmayapti. Google DeepMind‘ning “Conjecture Machines” nomli hisobotiga ko‘ra, ilmiy taxminlar va jismoniy (real) tekshiruv o‘rtasidagi tafovut tobora kuchayib boradi. Bu esa laboratoriyalardan tortib taqriz tizimigacha bo‘lgan butun ilmiy infratuzilmani tubdan isloh qilishni taqozo etadi. Bu jarayonda asosiy zarba yosh olimlarga tegmoqda – ular o‘z ilmiy mushohadasi va intuitsiyasini rivojlantirish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.

Image credit: deepmind.google

Odatdagi chat-botlardan farqli o‘laroq, SI agentlari uzoq muddatli maqsadlarga erishishni mustaqil rejalashtirishga qodir. Ular murakkab vazifalarni quyi bosqichlarga ajratadi, parallel jarayonlarni ishga tushiradi, real vaqt rejimida o‘z xatolarini to‘g‘rilaydi va maʼlumotlar bazalarini ishga tushirishdan tortib laboratoriya robotlarini boshqarishgacha bo‘lgan tashqi dunyo bilan o‘zaro aloqaga kirishadi. Mualliflar misol tariqasida Co-Scientist nomli SI agentini keltiradi: u atigi ikki kun ichida antibiotiklarga chidamlilikning tarqalishi haqidagi murakkab biologik gipotezani mustaqil shakllantirib, uning ustuvorligini belgilab bergan. Aslida esa London Imperial kolleji olimlari jamoasiga bu gipotezani isbotlash uchun qariyb o‘n yil vaqt kerak bo‘lgan edi.

Bunday tizimlarning foydalilik darajasi keskin o‘sishiga uchta omil yordam bermoqda: ilg‘or bazaviy SI modellarining rivojlanishi, tuzilmaviy dasturiy “qoliplar”dan (scaffolding) foydalanish va aniq laboratoriyalar ehtiyojlariga moslashtirish. Eng yangi SI modellari mulohaza yuritish texnologiyalari tufayli “Humanity‘s Last Exam” va “FrontierMath” kabi eng murakkab ilmiy benchmarklarda allaqachon inson-ekspertlardan o‘zib ketmoqda. Maxsus dasturiy qobiqlar modellarga xotira, ilmiy dasturiy taʼminot va adabiyot qidirish vositalaridan foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, olimlar yillar davomida orttirgan shaxsiy tajribalarini oddiy matnli ko‘rsatmalarga (promptlarga) o‘tkazishi mumkin. Bu “ko‘nikmalar to‘plamlari” SI agentiga muayyan laboratoriya ishining o‘ziga xos jihatlarini darhol tushunishga yordam beradi.

Natijada gipotezalarni yaratish jarayoni aql bovar qilmas darajada arzon va ommaviy bo‘lib bormoqda. Shu bilan birga, ularni tasdiqlash yoki rad etish (validatsiya) bosqichi jismoniy, sekin va qimmatligicha qolmoqda. Matematika va dasturlashni bundan mustasno qilish mumkin, chunki bu sohalarda verifikatsiyani to‘liq virtual tarzda o‘tkazsa bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, olimlar SI tomonidan yaratilgan isbotlar hajmi insoniyatning ularni anglash qobiliyatidan oshib keta boshlaganda yuzaga keladigan “matematik hazmsizlik” xavfi haqida allaqachon ogohlantirmoqda.

Materialshunoslikdan tortib dori vositalarini izlashgacha bo‘lgan boshqa ko‘plab sohalarda esa SI nazariyasi va amaliy tekshiruv o‘rtasidagi tafovut jadal kuchaymoqda. SI agenti qarishga qarshi kurashish uchun genom modifikatsiyasi zanjirini bir zumda taklif qilishi mumkin, biroq biologik hujayralar real laboratoriyada o‘stirilmaguncha, bu shunchaki gipoteza bo‘lib qolaveradi. Ushbu to‘siqni yengib o‘tish uchun Google DeepMind, Ginkgo Bioworks va Lila Sciences kabi texnologiya gigantlari qimmatbaho robotlashtirilgan “aqlli laboratoriyalar” qurishga allaqachon sarmoya kirita boshlagan.

Agentlarni joriy etish bir qator ijtimoiy xatarlar bilan bog‘liq. Birinchisi – yosh olimlarning malakasizlanishi (de-skilling). Agar yosh tadqiqotchilar boshidanoq agentlarga tayansa, ular o‘z ilmiy mushohadasi va intuitsiyasini rivojlantira olmaydi. Ikkinchisi – institutlar byudjetlarni xodimlarga emas, balki hisoblash resurslariga sarflashni afzal ko‘rishi mumkin. Uchinchisi – grant arizalari va maqolalardagi matnning jamg‘armalar mezonlariga optimallashtirilishi tufayli o‘ziga xoslikning pasayishi. Va nihoyat, tengsizlik: agar eng yaxshi agentlardan foydalanish imkoniyati cheklansa, boy va kambag‘al institutlar o‘rtasidagi tafovut yana-da chuqurlashishi mumkin.

Mualliflar siyosatchilar va jamg‘armalar uchun to‘rtta ustuvor yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tgan:

  1. Olimlarning agentlardan keng foydalanishini taʼminlash. Buning strategik ahamiyati superkompyuterlardan foydalanish bilan tengdir.
  2. Milliy ilmiy maʼlumotlarni metamaʼlumotlar va sifat nazorat tizimiga ega ochiq API orqali agentlarga moslashtirish.
  3. Validatsiya uchun mo‘ljallangan eksperimental infratuzilmaga, jumladan, avtomatlashtirilgan laboratoriyalarga sarmoya kiritish.
  4. Taqriz tizimini isloh qilish: agentlar taqrizchilarga nashrlar oqimini yengishda yordam berishi mumkin, lekin buning uchun avval ulardan foydalanishning shaffof qoidalarini ishlab chiqish lozim.

Hisobotning yakuniy xulosasi shunday: butun ilmiy infratuzilma – laboratoriyalar va grantlardan tortib taqriz tizimi va mansab pillapoyalarigacha – SIning rivojlanish surʼatlaridan ortda qolmoqda. Mualliflar tadqiqotlarni avtomatlashtirish hech qanday holatda byudjetlarni qisqartirish uchun bahona bo‘lmasligi kerakligini taʼkidlaydi. Ilm-fan institutlarida chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni birinchi bo‘lib boshlagan mamlakatlar eng katta samara oladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan