Sunʼiy intellekt allaqachon kasblarning 68 foizida qo‘llanilmoqda, biroq u ishchilarning o‘rnini egallashdan ko‘ra inson mehnatini to‘ldiruvchi vosita vazifasini bajarmoqda. Google tadqiqotchilari Gemini bilan amalga oshirilgan qariyb 15 millionta anonim muloqotni tahlil qilib, ATLAS v1.0 hisobotida aynan shunday xulosaga keldi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, SI ish vazifalarining bor-yo‘g‘i 21 foizida qo‘llaniladi va so‘rovlarning 10 foizdan kamrog‘i jarayonlarni to‘liq avtomatlashtirishga qaratilgan. Amaliyotda foydalanuvchilar neyrotarmoqqa ko‘proq maʼlumot izlash, qoralamalar tayyorlash, matnlarni tahrirlash, yechimlarni tekshirish va bilim olish maqsadida murojaat qilmoqda.

Ushbu xulosalarni shakllantirish uchun hisobot mualliflari aprel oyining ikki haftasi davomida Gemini, Google qidiruvidagi AI Mode va Gemini API orqali amalga oshirilgan 14,65 million muloqotni o‘rganib chiqdi. Avtomatik tasniflash tizimi yordamida so‘rovlar ishga oid va shaxsiy turlarga ajratilib, 150 mamlakat va 140 tildagi 800 ta kasbga doir 4000 dan ortiq vazifa bilan taqqoslandi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tadqiqotda Gemini Enterprise va Google Workspace kabi korporativ xizmatlar hisobga olinmagan, shu sababli biznes muhitida SIdan foydalanishning real ko‘rsatkichi bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, odamlar Gemini‘dan butun boshli vazifalarni to‘liq ishonib topshirish uchun emas, balki tadqiqot o‘tkazish, qoralama tayyorlash, xatolarni bartaraf etish va bilim olish kabi jarayonlarda hamkorlikdagi ish vositasi sifatida foydalanmoqda. Google iqtisodchisi Skott Strendning taʼkidlashicha, bugungi kunda Gemini AQSHdagi mehnatga layoqatli aholining 90 foizini qamrab oluvchi kasblarning 70 foizida qo‘llanilmoqda. Ayni paytda u SIdan foydalanish hanuzgacha “juda yuzaki” darajada ekanini qayd etdi. Xususan, o‘rtacha statistik xodim undan o‘z vazifalarining atigi 21 foizi uchun foydalanadi, nostandart aqliy mehnatni avtomatlashtirishga esa muloqotlarning 10 foizdan kamrog‘i to‘g‘ri keladi.

Qizig‘i shundaki, ish jarayonidagi bunday cheklangan foydalanishdan tashqari, Gemini bilan amalga oshirilgan barcha muloqotlarning 86 foizi ishdan tashqari vaqtga to‘g‘ri keladi. Foydalanuvchilar SIga o‘qish, kundalik rejalashtirish va maishiy vazifalar, shuningdek, tibbiyot, moliya, huquqshunoslik va davlat xizmatlariga oid masalalarda yordam so‘rab murojaat qiladi. Bu talab, ayniqsa, dam olish kunlari va kechki payt yaqqol seziladi: mazkur mavzulardagi so‘rovlarning deyarli yarmi aynan shu vaqt oralig‘ida kelib tushadi. Google hisob-kitoblariga ko‘ra, agar SI bir kishining haftasiga kamida 30 daqiqa uy yumushini tejab qolsa, bu birgina AQSHning o‘zida yiliga qariyb 100 milliard dollarlik iqtisodiy qiymat yaratishi mumkin.

Bundan tashqari, tadqiqot davomida daromad darajasi va SIdan foydalanish o‘rtasidagi bog‘liqlik ham aniqlandi. Muayyan kasb bo‘yicha median (o‘rtacha) ish haqining 1 foizga oshishi neyrotarmoqdan foydalanishning taxminan 2,5–2,7 foizga ortishiga mos keladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, Gemini foydalanuvchilarining o‘rtacha daromadi yiliga qariyb 83 ming dollarni tashkil etadi va bu mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 20 ming dollarga yuqoridir.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, mualliflar texnologiyaning turli mamlakatlar va kasblar bo‘ylab tarqalishiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Garchi SIdan foydalanish iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa-da, baʼzi istisnolar ham yo‘q emas: Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqning ayrim mamlakatlarida aholi jon boshiga YAIM darajasi pastroq bo‘lishiga qaramay, SIdan foydalanish ko‘rsatkichi G‘arbiy Yevropa bilan teng darajada ekani kuzatilmoqda. Shu bilan birga, ushbu hisobot generativ sunʼiy intellekt faqatgina “oq yoqaliklar” (ofis xodimlari) orasida ommabop degan stereotipni ham inkor etdi. Bugungi kunda avtomexaniklar, elektriklar va boshqa jismoniy mehnat mutaxassislari chizmalar, fotosuratlar va videolar bilan ishlashda Gemini‘ning multimodal imkoniyatlaridan faol foydalanmoqda.

Umuman olganda, Google xulosalariga ko‘ra, tadqiqot natijalari sunʼiy intellekt yaqin kelajakda ishchilarni ommaviy ravishda siqib chiqarishi haqidagi pessimistik ssenariylarni tasdiqlamaydi. Hozirgi bosqichda bu texnologiya, eng avvalo, inson imkoniyatlarini kengaytiruvchi va to‘ldiruvchi vosita sifatida xizmat qilmoqda. Kelgusida texnologiyalar rivojlanib borishi bilan SIdan foydalanish tendensiyalari qanday o‘zgarishini kuzatib borish maqsadida kompaniya ATLAS tadqiqotini muntazam yangilab borishni rejalashtirmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan