Anthropic kompaniyasi o‘zining Claude sunʼiy intellekt yordamchisining ovozli rejimi imkoniyatlarini kengaytirib, unga Opus va Sonnet kabi kuchli til modellarini biriktirdi. Shu paytgacha ovozli muloqot faqat qisqa suhbatlar va oddiy so‘rovlar uchun mo‘ljallangan yengil hamda tezkor Haiku modeli foydalanuvchilari uchungina mavjud edi. Shu tariqa, Anthropic ChatGPT‘ning ovozli imkoniyatlarini faol rivojlantirayotgan OpenAI bilan raqobat kurashida yana bir muhim qadam tashladi.
Anthropic vakillarining taʼkidlashicha, ovozli rejim dastlab kundalik savollarga tez javob olish vositasi sifatida yaratilgan. Biroq, amaliyot shuni ko‘rsatdiki, foydalanuvchilar undan butunlay boshqacha maqsadda – ish vazifalarini muhokama qilish, aqliy hujumlar (brainstorming) o‘tkazish, taqdimotlar tayyorlash va murakkab tahliliy muammolarni hal qilishda foydalana boshlagan. Haiku modelining cheklangan imkoniyatlari esa bunday murakkab jarayonlar uchun yetarli bo‘lmay qoldi.
Endilikda ovozli interfeys resurs talab qiluvchi vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan hamda maʼlumotlarni tahlil qilish, matn va dasturiy kod yozish, shuningdek, intellektual yordamchi rejimida ishlash bo‘yicha ancha keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan Opus va Sonnet modellarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Foydalanuvchilar joriy suhbatni uzmagan holda matnli va ovozli muloqot rejimlari o‘rtasida erkin o‘ta oladi va zarurat tug‘ilganda, suhbat davomida foydalanilayotgan modelni almashtirishi ham mumkin bo‘ladi.
Yangi imkoniyatlar, avvalo, professional maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan. Bunga misol tariqasida Anthropic shunday vaziyatni keltiradi: foydalanuvchi Claude‘ga tijoriy taklifning asosiy tezislarini aytib turadi, shundan so‘ng yordamchi bo‘lajak mijoz uchun bir sahifali hujjatni mustaqil ravishda tayyorlab beradi. Yana bir holat ish jadvalini boshqarishni nazarda tutadi – masalan, foydalanuvchi poyezd kechikishi tufayli ushlanib qolsa, ovozli yordamchi taqvimdagi uchrashuvlarni mustaqil ravishda boshqa vaqtga ko‘chira oladi.
Yangilanish ovozli rejimning til imkoniyatlariga ham ijobiy taʼsir qildi. Agar ilgari to‘liq qo‘llab-quvvatlash faqat ingliz tiliga tatbiq etilib, qolgan tillar beta-sinov bosqichida bo‘lgan bo‘lsa, endi mazkur funksiya nemis, fransuz, ispan, italyan, portugal, yapon, koreys, hind va indonez tillarini rasman qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa kompaniyaga o‘z xizmatlarini ingliz tilida so‘zlashmaydigan bozorlarda faolroq ilgari surish imkonini beradi.
Qizig‘i shundaki, ovozli rejimning bunday rivojlanishi Anthropic‘ning umumiy strategiyasi o‘zgarayotganini aks ettiradi. Agar bir yil avval kompaniya Claude‘ni asosan matn va dasturiy kod bilan ishlash vositasi sifatida taqdim etgan bo‘lsa, bugungi kunda u asta-sekinlik bilan to‘laqonli multimodal raqamli yordamchiga aylanib bormoqda. Anthropic 2026 yil boshidan beri Claude‘ning korporativ xizmatlar va ishchi ilovalar, jumladan, jamoaviy ish vositalari hamda ofis dasturlari bilan integratsiyasini faol rivojlantirmoqda. Ovozli interfeys ushbu strategiyaning mantiqiy davomiga aylanmoqda.
Aslida, Anthropic o‘zining asosiy raqibi – ChatGPT‘ning ilg‘or ovozli rejimi tufayli sunʼiy intellekt bilan o‘zaro muloqotning yangi standartini o‘rnatgan OpenAI‘ga yetib olmoqda. Bugungi kunda foydalanuvchilar SIdan shunchaki matn yaratishni emas, balki inson bilan muloqotga maksimal darajada yaqin bo‘lgan tabiiy suhbatni tobora ko‘proq kutmoqda. Ushbu segmentda aynan ovozli muloqot sifati platforma tanlashdagi asosiy omillardan biriga aylanib bormoqda.