Sun’iy intellektning yozuvchi uslubini aynan ko‘chirmay, uning «umumiy xususiyatlarini» o‘zlashtirishga o‘tishi jiddiy huquqiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Image credit: arstechnica.com

OpenAI kompaniyasining ChatGPT chat-boti endilikda taniqli mualliflarning yozish uslubiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqlid qiluvchi matnlarni yaratish haqidagi so‘rovlarni rad etmoqda, deyiladi Kayl Orlandning Arstechnica.com’da e’lon qilingan maqolasida. Buning o‘rniga, ommabop katta til modeli (LLM) muallif ijodining «umumiy xususiyatlaridan» ilhomlangan, lekin «o‘z ovoziga ega bo‘lgan» muqobil matnlarni taklif qilmoqda.

Ars Technica nashri Stiven King (Stephen King) uslubida hikoyaning kirish qismini yozishni so‘rab murojaat qilganda, chat-botdan quyidagi javobni oldi:

«Men, albatta, atmosferaga boy, qahramonlar ruhiyatiga asoslangan dahshat va kichik shaharcha vahimasini aks ettirib yoza olaman, lekin Stiven Kingning aynan o‘z uslubida yoza olmayman yoki uning o‘ziga xos ovoziga aniq taqlid qila olmayman. Mana, shunday hissiyotni bera oladigan, ammo o‘ziga xosligini saqlab qolgan original kirish qismi…»

Sinovlar davomida ChatGPT hayot bo‘lgan (Joan Rouling, Emi Tan) va vafot etgan (Charlz Dikkens, Ernest Xeminguey) mualliflar uchun ham shunga o‘xshash cheklovlarni qo‘lladi. Shu oy boshida No Latency e’lon qilgan tahlilda ham hayot mualliflar bo‘yicha shunday xulosaga kelingan, ammo o‘shanda chat-bot vafot etgan yozuvchilarning uslubini ko‘chirishga rozi bo‘lgani aytilgan edi.

Qonuniy muammolardan qochish

Turli mualliflarning «aniq uslubini» to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirishni rad etib, uning o‘rniga umumiy «hissiyotni» berishni taklif qilish — bir qarashda unchalik katta farq qilmaydigandek tuyulishi mumkin. Ammo OpenAI o‘z modellarini o‘qitishda mualliflik huquqini buzganlikda ayblanib, yozuvchilarning qator sud da’volariga duch kelayotgan bir paytda, bu kichik o‘zgarish katta huquqiy ahamiyatga ega. Masalan, da’volarning birida ChatGPT’ning «mualliflik huquqi bilan himoyalangan matnlarga hayratlanarli darajada o‘xshash matn yaratish qobiliyati» alohida ta’kidlangan. OpenAI vakili esa bu borada izoh berishdan bosh tortdi.

AQSh mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, odatda g‘oyaning ma’lum bir ifodasi himoya qilinadi, muallifning nomoddiy uslubi emas. Ammo sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan uslubiy taqlid asl muallif asariga «jiddiy darajada o‘xshash» bo‘lib qolsa, bu huquqbuzarlikka aylanishi mumkin.

«Bizda shu paytgacha alohida ijodkorlarning shaxsiy uslubiga sun’iy intellekt yordamida bo‘lgani kabi bunchalik sifatli va arzon taqlid qilish imkoniyati bo‘lmagan», — dedi Jorj Vashington universiteti Huquq maktabi professori Robert Brauneyis Bloomberg Law nashriga.

Mualliflar gildiyasi (Authors Guild) ijodkorlarni hamkasblarini hurmat qilishga va generativ SIdan boshqa yozuvchilarning noyob uslublarini, ovozini yoki boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini ataylab ko‘chirishda foydalanmaslikka chaqirmoqda. Tashkilot ogohlantirishicha, axloqiy jihatdan tashqari, boshqa yozuvchiga taqlid qilish g‘irrom raqobat yoki mualliflik huquqini buzish ayblovlariga olib kelishi mumkin.

SI modellarining taqlid qilishga moyilligi yaqin o‘tmishda ham qator muammolarni keltirib chiqargan edi. O‘tgan yili yozuvchi Lena MakDonald (Lena McDonald) o‘z kitobida SI tomonidan yaratilgani yaqqol bilinib qolgan quyidagi jumlani qoldirib ketgani uchun keskin tanqidlarga uchragandi: «Men ushbu parchani J. Bri (J. Bree) uslubiga ko‘proq moslashtirish uchun qayta yozdim…».

Boshqa modellar bunga qanday yondashmoqda?

OpenAI o‘zining DALL-E 3 tasvir generatori «hayot bo‘lgan rassomlar uslubida tasvir yaratish so‘rovlarini rad etishga dasturlanganini» ta’kidlaydi. Ammo barcha yirik til modellari ham matnli uslublarni ko‘chirishda bir xil qoidaga amal qilmayapti. No Latency tadqiqotiga ko‘ra, bozordagi asosiy modellarning reaksiyasi quyidagicha:

SI Modeli Uslubni ko‘chirish so‘rovlariga munosabati
Google Gemini So‘rovlarni doimiy ravishda va to‘liq bajaradi.
Perplexity AI So‘rovlarni qat’iy rad etadi va qayta yo‘naltiradi (ChatGPT kabi).
Anthropic Claude So‘rovlarni bajaradi, biroq taqlid muammosidan xabardor ekanini bildiruvchi ogohlantirishlar qoldiradi.
Microsoft Copilot So‘rovlarni bajaradi, biroq taqlid muammosidan xabardor ekanini bildiruvchi ogohlantirishlar qoldiradi.

Bu o‘zgarishlar uzoq vaqtdan beri OpenAI mahsulotlaridan foydalanib kelayotgan ayrim mijozlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Reddit foydalanuvchilaridan biri shunday yozadi:

«Endi GPT xonim ma’lum bir mualliflar uslubida kontent yarata olmasligini aytmoqda. Mening so‘rovlarim juda aniq edi va ulardan aynan o‘zim istagan natijani olardim… Bu cheklovni qanday chetlab o‘tishni bilmayapman. Balki unga o‘zim tahrirlagan va texnik jihatdan menga tegishli bo‘lgan matnlarni yuklab berarman?»

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan