Google DeepMind gumanoidlarni boshqarishga mo‘ljallangan yangi Gemini Robotics 2 sunʼiy intellekt modelini namoyish qildi. Oldingi ishlanmalardan farqli o‘laroq, ushbu tizim butun tana harakatini nazorat qila oladi – robotlar yura oladi, cho‘kkalab o‘tira oladi, muvozanatini saqlaydi va turli buyumlar bilan murakkab amallarni bajaradi. Shuningdek, kompaniya yana ikkita qo‘shimcha modelni ham eʼlon qildi: bular yuqori darajali rejalashtirish uchun Gemini Robotics ER 2 hamda bulutli texnologiyalarga ulanmasdan, bevosita qurilmaning o‘zida ishlaydigan Gemini Robotics On-Device 2 modellaridir.

Yangi tizim avval faqat qo‘l harakatlari uchun masʼul bo‘lgan Gemini Robotics‘ning takomillashtirilgan ko‘rinishi hisoblanadi. Endilikda u ham gumanoid, ham sanoat robotlarini boshqarib, ularning maishiy sharoit va ishlab chiqarishda ikki qo‘llab ishlashiga imkon beradi. Robotlar vaziyatni mustaqil baholaydi, yangi sharoitlarga moslashadi va qayta o‘qitishni talab qilmasdan murakkab vazifalarni uddalaydi. Model VLA (ko‘rish-til-harakat) sinfiga mansub bo‘lib, u vizual maʼlumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat buyruqlariga aylantira oladi.
Namoyish vaqtida Apptronik kompaniyasining Apollo 2 nomli odamsimon roboti model buyrug‘i bilan suv quyish idishini ko‘tarib, xona bo‘ylab harakatlandi va uni pastki javonga joylashtirdi. Gemini Robotics 2 ning aynan shu versiyasi boshqa bir platforma – Franka Duo‘da ham muvaffaqiyatli ishladi. Google‘ning taʼkidlashicha, bu holat modelni turli robotlar o‘rtasida tezda va muammosiz ko‘chirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Kompaniya robotlarning chaqqonligi sezilarli darajada yaxshilanganini ham maʼlum qilmoqda. Xususan, Apollo 2 tizim yordamida mayda motorikani talab qiladigan vazifalarni bajardi: axlat xaltalarini tugdi, qulflarni yopib, lampochkalarni burab chiqardi. Ikki barmoqli qisqichga ega sanoat robotlarida esa model detallarni aniq o‘rnatish, asboblardan foydalanish va obyektlarni ko‘chirish kabi ishlarni muvaffaqiyatli uddaladi.
Gemini Robotics ER 2 modeli esa harakatlarni rejalashtirish uchun masʼul etib belgilangan. U ovozli ko‘rsatmalarni bosqichma-bosqich harakatlar ketma-ketligiga aylantiradi, vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi, bitta amaliyot doirasida yuzlab qarorlar qabul qiladi, xatoliklardan so‘ng tiklanadi va vaziyat o‘zgarganda rejaga tuzatish kiritadi. Google, shuningdek, bir nechta robotni muvofiqlashtirish imkoniyatini ham qo‘shdi – ular o‘zaro maʼlumot almashib, vazifalarni taqsimlay oladi. Bundan tashqari, ER 2 yaqinlashayotgan odamlarni yaxshiroq aniqlaydi va robotlarning o‘z vaqtida to‘xtashiga imkon beradi.
Internetga ulanish imkoni bo‘lmagan lokal holatlar uchun kompaniya Gemini Robotics On-Device 2 ni taqdim etdi. Ushbu model to‘g‘ridan-to‘g‘ri robotda lokal tarzda ishlaydi va bir necha soat ichida to‘plangan 200 tadan kam o‘rgatuvchi misol asosida ikki qo‘lli robotlarning yangi konstruksiyalariga moslasha oladi. Hamkorlar uchun Gemini Robotics va Gemini Robotics On-Device modellari ochiq taqdim etildi, Gemini Robotics ER 2 esa Google AI Studio‘da va Gemini Enterprise Agent Platform platformasida yopiq dastlabki sinov uchun eʼlon qilindi.
Shu bilan bir qatorda, Google robototexnika tizimlarining xavfsizligini baholash uchun mo‘ljallangan ASIMOV-Agentic sinov to‘plamini ham namoyish qildi. Ushbu benchmark robotlarning potensial xavfli harakatlardan voz kechish, yuqori noaniqlikdagi vaziyatlarni tanib olish va zarurat tug‘ilganda insondan yordam so‘rash qobiliyatini tekshiradi.