Massachusets texnologiya instituti (MIT) neyrobiologlari miyaning til tizimi bilan abstrakt fikrlash mexanizmlari bir-biridan nisbatan mustaqil ishlaydi, degan xulosaga keldi. Insult oqibatida nutqida jiddiy nuqsonlar paydo bo‘lgan kishilar qoida va qonuniyatlarni aniqlashga doir vazifalarni sog‘lom ishtirokchilardan kam bo‘lmagan darajada muvaffaqiyatli bajargan. Funksional magnit-rezonans tomografiyasi (fMRT) yordamida o‘tkazilgan kuzatuvlar ham mantiqiy mushohada paytida miyaning tilga masʼul sohalari faollashmasligini ko‘rsatgan. Buning Ibn Tufaylga qanday aloqasi bor?

Image credit: hightech.plus

Til va tafakkur bir-biriga qay darajada bog‘liq ekani asrlar davomida faylasuflar va olimlar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Inson o‘ylayotganda doimo so‘zlardan foydalanadimi yoki fikr tildan mustaqil ravishda ham shakllanishi mumkinmi? Til bilan tafakkur o‘rtasidagi bog‘liqlik, bir qarashda, juda kuchlidek ko‘rinadi. Abstrakt g‘oyalarni ham, xuddi jumlalar singari, alohida qismlarga ajratish va ulardan murakkab tuzilmalar hosil qilish mumkin. Biroq mantiqiy fikrlash bir vaqtning o‘zida bir nechta axborot elementini hisobga olish, ular o‘rtasidagi munosabatlarni solishtirish va aniq xulosa chiqarishni talab qiladi. Til esa axborotni, asosan, so‘zma-so‘z va izchil tarzda ifodalaydi. Shu bois inson fikrlarini shakllantirish, tartibga solish va boshqalarga tushuntirishda tildan foydalansa-da, mantiqiy mushohadaning o‘zi miyadagi boshqa tizimlarga tayanishi mumkin. Yaʼni til fikrni ifodalashning eng muhim vositalaridan biri, ammo fikrlashning yagona sharti emas.

Ushbu farazni tekshirish uchun olimlar insultni boshdan kechirgan, nutqni tushunish va ifodalash qobiliyati jiddiy darajada buzilgan ikki nafar bemorni o‘rgandi. Ularga tildan foydalanishni talab qilmaydigan vazifalar berildi. Ishtirokchilar sonlar to‘plamidagi yashirin qoidani topishi yoki geometrik shakllar ketma-ketligida yetishmayotgan elementni aniqlashi kerak edi. Miyaning nutqqa masʼul sohalari shikastlanganiga qaramay, bemorlar bu vazifalarni nazorat guruhidagi sog‘lom ishtirokchilardan kam bo‘lmagan darajada bajardi. Ular, hatto, o‘zlari aniqlagan qoidalarni imo-ishoralar va chizmalar orqali boshqalarga tushuntirib bera oldi. Bu holat inson muayyan fikrni so‘z bilan ifodalay olmasa ham, uni anglashi, tahlil qilishi va undan xulosa chiqarishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Tadqiqotchilar sog‘lom ishtirokchilar bilan ham fMRT yordamida bir qator tajribalar o‘tkazdi. Ko‘ngillilarga ikki turdagi mantiqiy vazifa taklif qilindi. Induktiv vazifalarda ular misollar orasidagi yashirin qonuniyatni aniqlashi, deduktiv vazifalarda esa “агар…, u holda…” tamoyiliga asoslangan xulosalarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini baholashi kerak edi. Shu jarayonda olimlar miyaning tilni qayta ishlashga masʼul sohalari faolligini kuzatib bordi.

Natijalar mantiqiy mushohada paytida til tizimi sezilarli darajada faollashmaganini ko‘rsatdi. Yashirin qonuniyatlarni izlash kabi murakkab vazifalarda miyaning “ko‘p talabli tarmoq” deb ataluvchi tizimi (Multiple Demand Network – MDN) ishga tushgan. U diqqatni boshqarish, turli maʼlumotlarni bir vaqtning o‘zida hisobga olish va murakkab masalalarni yechishda muhim o‘rin tutadi. Biroq deduktiv fikrlashda mazkur tarmoqning ishtiroki nisbatan kamroq kuzatilgan. Bu esa mantiqiy fikrlashning barcha turi yagona mexanizmga emas, axborotni qayta ishlashning bir nechta tizimiga tayanishini ko‘rsatadi.

Tadqiqot natijalari miya shikastlanishi tufayli yuzaga keladigan nutq buzilishi – afaziyaga chalingan insonlarni to‘g‘ri tushunish uchun ayniqsa muhimdir. So‘zlash yoki so‘zlarni tushunish qobiliyatining yo‘qolishi aqliy salohiyat ham pasayganini anglatmaydi. Afaziyali insonlar murakkab masalalarni yechish, shaxmat o‘ynash, reja tuzish va kundalik ishlarini mustaqil boshqarish qobiliyatini saqlab qolishi mumkin. Ammo jamiyatda nutq bilan bog‘liq qiyinchiliklarni intellektual imkoniyatlarning cheklanganligi bilan adashtirish holatlari hanuz uchraydi.

Bu xulosalar sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilari uchun ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Katta til modellari (LLM) asosan matnlar vositasida o‘qitiladi va axborotni qayta ishlashda tilga tayanadi. Shunga qaramay, ular inson tafakkurining ayrim jihatlariga ishonarli tarzda taqlid qila oladi. Inson miyasi til funksiyalari bilan abstrakt mushohadani qanday ajratishini tushunish kelajakda til qobiliyatidan tashqari, mustaqil rejalashtirish, mantiqiy tahlil va muhitni idrok etish mexanizmlariga ega bo‘lgan sunʼiy intellekt tizimlarini yaratishga yordam berishi mumkin.

Ushbu ilmiy xulosalar XII asrda yashagan andalusiyalik mutafakkir Ibn Tufaylning mashhur “Hay Yaqzon o‘g‘li” asaridagi falsafiy g‘oyalarni ham yodga soladi. Asar qahramoni Hay odamlar jamiyatidan mutlaqo uzoqda, kimsasiz orolda ulg‘ayadi. Unga hech kim til o‘rgatmaydi, tayyor bilim yoki diniy-falsafiy tushunchalarni yetkazmaydi. Shunga qaramay, Hay atrofidagi tabiatni diqqat bilan kuzatish, hodisalarni o‘zaro solishtirish, tajriba o‘tkazish va sabab-oqibat munosabatlarini izlash orqali borliq haqida tobora murakkab xulosalarga keladi.

Hayning tafakkuri dastlab so‘zlar orqali emas, kuzatuv, hissiy tajriba, tasavvur va mantiqiy xulosa chiqarish orqali rivojlanadi. U tirik va jonsiz narsalar o‘rtasidagi farqni anglaydi, tabiatdagi umumiy qonuniyatlarni izlaydi hamda yakka kuzatuvlardan umumiy xulosalar chiqaradi. Boshqacha aytganda, u tilni bilmasdan turib induktiv va abstrakt fikrlash qobiliyatini namoyon etadi.

Qahramon keyinchalik Absol bilan uchrashib, inson tilini o‘rganadi. Shunda til Hayda mutlaqo yangi tafakkurni paydo qilmaydi; aksincha, uning ongida avvaldan shakllangan tushuncha va xulosalarni nomlash, tartibga solish hamda boshqa insonga yetkazish vositasiga aylanadi. Bu jihat asarni zamonaviy tadqiqot natijalari bilan bog‘laydi: tafakkur tilsiz ham kechishi mumkin, til esa mavjud fikrlarni ifodalash va boshqalar bilan baham ko‘rish imkonini beradi.

Albatta, badiiy-falsafiy asarni zamonaviy neyrobiologik tajribaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri isboti sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Biroq Ibn Tufayl ilgari surgan inson aqli til va jamiyatdan tashqarida ham kuzatish hamda mushohada orqali rivojlanishi mumkinligi haqidagi g‘oya bugungi ilmiy xulosalar bilan hayratlanarli darajada hamohangdir. Shu maʼnoda, “Hay Yaqzon o‘g‘li” nafaqat falsafiy va adabiy meros, balki til, tafakkur va inson ongining tabiati haqidagi hozirgi bahslarga ham mazmunli hissa qo‘sha oladigan asardir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan