Unslop.run kichik sunʼiy intellekt laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ko‘pchilik ommabop sunʼiy intellekt modellari “Siyosiy kompas” testidan o‘tganda so‘l-libertarian (so‘l qanot) kvadrantga tushib qoladi. Yaʼni, ular iqtisodiy jihatdan so‘l va ijtimoiy jihatdan libertarian qarashlar uyg‘unligini namoyon etadi. Sinovdan o‘tkazilgan 16 ta modeldan 15 tasi barcha testlar seriyasida shkalaning aynan shu qismida qolgan. Faqatgina Grok modeli sezilarli istisno bo‘ldi: u baʼzi hollarda markazdan chaproqda, boshqa vaziyatlarda esa o‘ngroqda joylashdi.

Image credit: hightech.plus

Maʼlumot o‘rnida, “Siyosiy kompas” – bu shaxs yoki tizimning siyosiy qarashlarini ikki mustaqil o‘q bo‘yicha baholaydigan onlayn-test bo‘lib, u iqtisodiy (so‘ldan o‘ngga) va ijtimoiy (avtoritardan libertarianga) shkalalarga asoslanadi. Test 62 ta tasdiqdan iborat va ularga to‘rt ballik shkala (“mutlaqo qo‘shilmayman”dan “mutlaqo qo‘shilaman”gacha) asosida javob berish talab etiladi. Savollar soliqlar, harbiy harakatlar, abortlar, ozchilik huquqlari, iqtisodiy siyosat va davlatning shaxsiy hayotga aralashuvi darajasi kabi muhim ijtimoiy masalalarni qamrab oladi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, aksariyat tizimlar joylashgan so‘l-libertarian kvadrant anʼanaviy ravishda ijtimoiy tenglik g‘oyalari, cheklanmagan bozorni tanqid qilish va shaxsiy muxtoriyatni yoqlash bilan bog‘lanadi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, o‘ng-libertarian sektor erkin tadbirkorlik va davlatning minimal aralashuvi tamoyillariga tayanadi, avtoritar qutblar esa qatʼiy davlat nazorati konsepsiyalarini aks ettiradi.

Ushbu tadqiqot doirasida Unslop.run laboratoriyasi 16 ta modelni, jumladan, GPT, Claude, Gemini, Llama, DeepSeek, Qwen, Kimi, GLM, Mistral va Grok versiyalarini sinovdan o‘tkazdi. Har bir model testning standart versiyasida 30 martadan, qayta shakllantirilgan tasdiqlar bilan yana 30 martadan, shuningdek, savollar tartibi aralashtirilgan qo‘shimcha bitta sinovdan o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, 15 ta modelda alohida sinovlar ko‘rsatkichlari 10 ballik shkala bo‘yicha atigi 0,2–1,2 punktga siljigan va ular so‘l-libertarian kvadrantdagi o‘rnini barqaror saqlab qolgan.

Faqatgina Grok butunlay boshqacha natija ko‘rsatdi. Uning o‘rtacha iqtisodiy ko‘rsatkichi shkala markaziga yaqin bo‘lsa-da, alohida sinovlar natijalari ikki xil guruhga ajraldi: taxminan yarim holatlarda model chapga, qolgan yarmida esa o‘ngga og‘gan. Shu bilan birga, har bir sinov doirasidagi javoblar izchil bo‘lib qolgan. Tadqiqotchilar bu holatni bimodal (ikki qutbli) deb taʼriflab, uni tanga tashlashga qiyosladi: yaʼni, navbatdagi natija qaysi tomonga og‘ishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Qiziq jihati shundaki, modellardan siyosiy xaritada o‘zlarini qayerga joylashtirishi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘ralganda, aksariyat tizimlar iqtisodiy markazga yaqinroq pozitsiyalarni tanladi. Shuningdek, ularning javoblarida yaqqol radikal pozitsiya kuzatilmadi. Sinovdagi barcha tizimlar irqiy ustunlik va yevgenika g‘oyalarini qatʼiy rad etib, shaxsiy daxlsizlikni himoya qilishni qo‘llab-quvvatladi. Iqtisodiy masalalarda esa modellar, odatda, korporatsiyalar faoliyatining, jumladan, ekologiya sohasida davlat tomonidan tartibga solinishi kerakligini yoqladi.

Tadqiqotchilarning alohida taʼkidlashicha, ushbu tajriba sunʼiy intellektning o‘ziga xos shaxsiy siyosiy eʼtiqodlari borligini anglatmaydi. Kuzatilgan og‘ishning ehtimoliy sabablaridan biri SI modellarni o‘rgatishda foydalanilgan maʼlumotlar tarkibi bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkin. Sababi o‘rgatuvchi datasetlarda akademik matnlar va internet-platformalar, xususan, umumiy hisobda so‘lroq qadriyatlarga moyil deb qaraladigan Reddit materiallari keng o‘rin olgan. Biroq, o‘rgatuvchi maʼlumotlar to‘plamlariga to‘liq kira olmasdan turib, natijalarda aynan maʼlumotlar, modellarni qo‘shimcha o‘qitish usullari yoki ularning ishlab chiquvchilari qarorlari qanday rol o‘ynaganini aniq tasdiqlash imkonsiz.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan