Joriy yilning 20 iyulidan 26 iyuligacha bo‘lgan muddatda Xitoyning sunʼiy intellekt modellari OpenRouter platformasida eng ko‘p qo‘llaniladigan beshta model qatoriga kirdi. Bir hafta ichida 10,5 trillion token qayta ishlagan Xiaomi kompaniyasining MiMo-V2.5 modeli yetakchiga aylandi, undan keyingi o‘rinlarda DeepSeek, Tencent va Zhipu AI ishlanmalari joylashdi. Reyting xorijiy dasturchilarning haqiqiy pullik so‘rovlariga asoslangan bo‘lib, bu holat Xitoy modellari ichki bozordan tashqarida ham faol qo‘llanilayotganini ko‘rsatadi.

Ikkinchi o‘rinni haftasiga 6,37 trillion token bilan DeepSeek V4 Flash, uchinchi o‘rinni esa 3,94 trillion token bilan Tencent kompaniyasining Hunyuan Hy3 modeli egalladi. To‘rtinchi pog‘onadan 3,29 trillion token bilan Zhipu AI kompaniyasining GLM 5.2 modeli o‘rin oldi. Kuchli beshlikni 3,17 trillion token to‘plagan DeepSeek V4 Pro yakunlab berdi. Ayni paytda so‘nggi ikki model o‘rin almashgan. Shuningdek, hozirda kuchli o‘nlikka NVIDIA‘ning Nemotron 3 Ultra, MiniMax M3, Step 3.7 Flash, Kimi K3 va Anthropic‘ning Claude Opus 4.8 modellari ham kiradi.

Hunyuan Hy3 reytingning eng tez o‘sayotgan modeliga aylandi. 6 iyul kuni ommaviy foydalanishga ochilganidan so‘ng, uning haftalik trafiki bir oy ichida 999 foizdan ko‘proqqa oshdi. Mazkur model 295 milliard parametrga ega bo‘lib, bitta so‘rovda ularning 21 milliardi faollashadi va 256 mingtagacha tokenli kontekstni qo‘llab-quvvatlaydi hamda dasturlash va agent vazifalari kabi maqsadlarga mo‘ljallangan. Birinchi o‘rinni egallagan MiMo-V2.5 esa “Mixture-of-Experts” arxitekturasidan foydalanadi, 1 trilliondan ortiq parametrga va 1 million tokenli ulkan kontekst oynasiga ega.

OpenRouter vakillarining qayd etishicha, reyting aynan xorijiy dasturchilar tomonidan modellardan foydalanish holatini aks ettiradi. Platforma o‘n minglab mustaqil dasturchilar va kichik kompaniyalarning pullik API-so‘rovlarini jamlaydi. Bu uni ishlab chiqaruvchilarning o‘z korporativ statistikasidan farqlaydi va modellarga Xitoydan tashqaridagi real talabni baholash imkonini beradi. Shu bilan birga, OpenRouter statistikasi Xitoy IT-gigantlarining ichki mahsulotlarida modellardan foydalanish, yopiq korporativ tatbiqlar, shuningdek, Amerika kompaniyalari o‘z mijozlariga bevosita taqdim etadigan API-so‘rovlarni qamrab olmaydi.

Taʼkidlash joizki, OpenRouter‘da Xitoy modellarining ustunligi asta-sekin shakllanib bordi. Aprel oyida ular yuqori to‘qqiz o‘rindan oltitasini, may oyida esa yuqori besh o‘rindan to‘rttasini va tokenlar bo‘yicha umumiy trafikning 61 foizini egalladi. Iyul oyida CNBC nashri Amerika kompaniyalari qulayligi va arzonligi sababli OpenRouter‘da Xitoy modellariga faol o‘tayotganini maʼlum qilgan edi.

Bugungi kunda sunʼiy intellekt sohasida OpenRouter‘dan tashqari yana ikkita asosiy reyting turi mavjud. Chatbot Arena‘da foydalanuvchilar modellarning javoblarini qaysi modelga tegishli ekanini bilmagan holda baholaydi – unda ham iyul oyida DeepSeek V4 va GLM 5.2 ochiq modellar orasida kuchli beshlikka kirgan. Artificial Analysis esa modellarni dasturlash, matematika, mantiq va uzun matnlar bo‘yicha sinovdan o‘tkazadi. Bu vazifalarda Xitoyning ochiq modellari ko‘pincha rekordlarni yangilaydi, biroq yopiq turdagi Claude va GPT yetakchilikni saqlab qolmoqda. Demak, OpenRouter‘dagi ustunlik texnologik yetakchilikdan ko‘ra ko‘proq qulaylik va keng tarqalganlik belgisi sanaladi.

Endilikda xitoylik dasturchilar nafaqat ochiq modellar va API qulayligi hisobiga o‘z mavqelarini saqlab qolishi, balki o‘zlarining hisoblash infratuzilmasi, dasturiy taʼminot ekotizimi va fundamental texnologiyalarini ham yana-da rivojlantirishi talab etiladi. Yaqinda DeepSeek rahbari kompaniya uchun asosiy cheklov texnologiya yoki kadrlar emas, balki aynan hisoblash resurslari (hisoblash quvvatlari) bo‘lib qolayotganini taʼkidlagan edi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan