Financial Times nashrining yozishicha, OpenAI va Google kompaniyalari sunʼiy intellekt bilan o‘zaro muloqotning kelajagi matnga emas, balki aynan ovozga bog‘liq bo‘lishiga ishonmoqda. Hozirda ushbu texnologik gigantlar nutqni bevosita tushuna oladigan va generatsiya qiladigan yangi ovozli modellarni ishlab chiqyapti. Bu esa SI bilan muloqotni yana-da tezroq va tabiiyroq qiladi. Mutaxassislarning fikricha, bunday yondashuv nafaqat savollarga javob beradigan, balki dasturlashdan tortib kundalik ishlarni boshqarishgacha bo‘lgan uzoq muddatli vazifalarni mustaqil bajara oladigan sunʼiy intellekt agentlari uchun asos bo‘lishi mumkin.
Maʼlumki, ilk ovozli yordamchilar bir necha bosqichda ishlagan: tizim avval nutqni matnga o‘girgan, so‘ng so‘rovni til modeli yordamida qayta ishlagan va shundan keyingina javobni yana ovozga aylantirgan. Aynan shu ko‘p bosqichlilik sababli jarayonda kechikishlar yuzaga kelgan, suhbat mazmuni (konteksti) yo‘qolib, javoblar mexanik tarzda eshitilgan. Yangi tizimlar esa nutqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) qayta ishlaydi, bu esa ohang, urg‘u va inson nutqining boshqa tabiiy xususiyatlarini hisobga olish imkonini beradi.
SI sohasidagi yetakchi kompaniyalar foydalanuvchilar orasida ovozli formatga qiziqish keskin ortib borayotganini taʼkidlamoqda. Masalan, Google maʼlumotlariga ko‘ra, ularning ovozli rejimidan foydalanuvchilar soni bir yil ichida ikki barobarga oshgan, SI bilan ovozli suhbatlar esa matnli muloqotlarga qaraganda o‘rtacha besh baravar uzoqroq davom etmoqda. O‘z navbatida, OpenAI ham ChatGPT‘ning ovozli rejimidan har hafta 150 milliondan ortiq kishi foydalanayotganini maʼlum qildi. Ishlab chiquvchilarning qayd etishicha, ovozli muloqot, ayniqsa, insondan maqsadni, cheklovlarni va kontekstni batafsil tushuntirish talab etiladigan vazifalar uchun juda qulay vositadir.
Qolaversa, ovozli rejim dasturchilar uchun ham muhim ish quroliga aylanishi mumkin. Ular o‘z maqsadlarini qisqa matnli so‘rovlarga qaraganda ovozli suhbatda to‘liqroq bayon qila oladi – masalan, aynan qanday muammoni hal qilayotgani, xatolik nima sababdan yuzaga kelgani va qanday natija kutilayotganini tushuntirishi mumkin. OpenAI mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv kod yozish maqsadida Codex modeli bilan ishlashda hozirdanoq katta yordam bermoqda. Microsoft muhandislari esa GitHub‘dagi dasturlash vazifalarini boshqarishda allaqachon ovozdan foydalanishni boshlagan.
Bundan tashqari, OpenAI va Google o‘z modellarining muloqot uslubini ham doimiy ravishda takomillashtirib bormoqda. Google‘ning taʼkidlashicha, modellar o‘zini tabiiy suhbatdosh kabi tutib, jonliroq va erkin nutqni qo‘llab-quvvatlasa, foydalanuvchilar SIga tezroq ko‘nikadi. Yaqinda OpenAI ham ChatGPT Live yangilanishini taqdim etib, uni so‘nggi ikki yil ichidagi ovozli modelning birinchi yirik apdeyti deb atadi.
O‘z-o‘zidan, ovozli SIning rivojlanishi yangi turdagi qurilmalar paydo bo‘lishiga ham kuchli turtki bermoqda. Bugungi kunda ko‘plab startaplar foydalanuvchi buyruqlarini doimiy qabul qilib, qaydlar olib boradigan portativ diktofonlar, ovozli uzuklar va boshqa innovatsion gadjetlarni ishlab chiqmoqda. PitchBook maʼlumotlariga ko‘ra, ovozli SI bilan shug‘ullanadigan kompaniyalarga kiritilgan sarmoyalar joriy yilning birinchi choragidayoq 7 milliard dollarga yetgan (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 milliard dollardan kam edi). Shu bilan birga, OAV xabarlariga ko‘ra, OpenAI ham kamera, mikrofon va dinamikka ega o‘z shaxsiy qurilmasi ustida faol ish olib bormoqda.
Biroq ovozli muloqotga to‘liq o‘tish jarayoni hozircha bir qator texnik muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, SI tizimlari fon shovqini (baland ovozli muhit) sharoitida hamon xato qilishi, baʼzi aksentlarni yaxshi tanimasligi va hissiy ohangni noto‘g‘ri talqin qilishi kuzatilmoqda. Mutaxassislar fikricha, aynan real sharoitlarda – shovqinli ko‘chalardan tortib tinch ofisgacha – ishlash sifati ovozning inson va sunʼiy intellekt o‘rtasidagi asosiy muloqot vositasiga aylana olish-olmasligini uzil-kesil belgilab beradi.