Jahon bankining yangi hisobotida taʼkidlanishicha, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va avvallari o‘nlab yillarni talab etgan taraqqiyot darajasiga tezroq erishish uchun sunʼiy intellektdan unumli foydalanishi mumkin. Buning uchun ular birinchi navbatda aholini barqaror elektr energiyasi, internet va raqamli taʼlim bilan taʼminlash kabi birlamchi muammolarni hal qilishi lozim. Tahlilchilarning qayd etishicha, bu mamlakatlarda SI tufayli avtomatlashtirishdan zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan ish o‘rinlari ulushi rivojlangan boy davlatlardagiga qaraganda uch baravar kam. Jahon banki bosh iqtisodchisi Indermit Gill bu haqda gapirar ekan, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar birinchi sanoat inqilobini qo‘ldan boy berib bo‘lganini va endi ular navbatdagi yana bir imkoniyatni yo‘qotishga haqli emasligini taʼkidladi.
Jahon banki bahosiga ko‘ra, generativ sunʼiy intellekt tufayli ish o‘rinlarining ommaviy qisqarib ketishi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun unchalik katta xavf tug‘dirmaydi. Xususan, daromadi yuqori mamlakatlarda ish o‘rinlarining 14,2 foizi potensial xavf ostida bo‘lsa, daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich atigi 4,5 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, SI yordamida mehnat unumdorligini oshirish orqali foyda ko‘rishi mumkin bo‘lgan ish o‘rinlari ulushi deyarli bir xil – rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda 16,2 foiz, boy mamlakatlarda esa 18,7 foiz.
Indermit Gill sunʼiy intellektni rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun o‘ziga xos “najot halqasi” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlar o‘zlarining xususiy SI modellarini yaratishi yoki infratuzilmaga milliardlab dollar sarmoya kiritishi shart emas. Buning o‘rniga ular arzon va tayyor texnologik vositalarni mahalliy vazifalarga moslashtirishi – masalan, tibbiy yordam, taʼlim, qishloq xo‘jaligi va davlat xizmatlari sifatini yaxshilash uchun SIdan foydalanishi mumkin. Bugungi kunning o‘zidayoq SI shifokorlarga tibbiy maʼlumotlarni tezroq tahlil qilish va tashxis qo‘yishga, o‘qituvchilarga o‘quv materiallarini yaratishga, fermerlarga esa ekin ekish muddatlari va turlarini to‘g‘ri tanlash bo‘yicha qaror qabul qilishga yordam bera olmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasining bahosiga ko‘ra, qulay sharoitlar yaratilgan taqdirda sunʼiy intellekt yaqin o‘n yil ichida Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika mamlakatlari iqtisodiyotini taxminan 4 foizga o‘stirish imkoniga ega.
Biroq bu imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish uchun mamlakatlar jiddiy texnologik tafovutni bartaraf etishi talab etiladi. Jahon banki hisobotida hukumatlar aholining barqaror elektr energiyasi, internet, smartfon va kompyuterlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishi, shuningdek, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishi lozimligi qayd etilgan. Aks holda, sunʼiy intellekt mamlakatlar va ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish o‘rniga, uni yana-da kengaytirib yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, Jahon banki SIni joriy etishning ehtimoliy salbiy oqibatlaridan ham ogohlantirmoqda. Ushbu texnologiya daromadlar tengsizligini kuchaytirishi, dezinformatsiya (yolg‘on axborot) tarqalishini osonlashtirishi va siyosiy nazoratni oshirishi mumkin. Shu bois, ekspertlarning fikricha, SIni joriy etish jarayoni foydalanuvchilarni himoya qilishga va yangi texnologiyalardan adolatli foydalanishni taʼminlashga xizmat qiladigan institutlarni rivojlantirish bilan yonma-yon olib borilishi kerak.
Shunga qaramay, SIdan butunlay voz kechishning tovoni juda yuqori bo‘lishi mumkin. “Zamonaviy rivojlanayotgan iqtisodiyotlar birinchi sanoat inqilobini o‘tkazib yubordi va keyingi ikki asr davomida buning badalini to‘lab keldi. Endi ular bu imkoniyatni ham boy berishga haqli emas”, – deya xulosa qildi Indermit Gill.