Sunʼiy intellekt bosh miya jarohati tufayli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan bemor miyasiga o‘rnatilgan ko‘rish protezini aniqroq boshqarishga yordam berdi. Jarayonda chuqur taʼlim (deep learning) modeli elektr stimulyatsiyasi sxemalarini tanlab, miya reaksiyasini oldindan aytib berdi va kamroq tok sarflab, kerakli natijaga erishish imkonini yaratdi. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bunday yondashuv kortikal protezlarni yana-da aniqroq va shaxsiylashtirilgan qilishga yo‘l ochadi – endilikda qurilma har bir inson miyasining o‘ziga xos xususiyatlariga mustaqil moslasha oladi.

Maʼlumki, to‘r pardaga taʼsir qiluvchi anʼanaviy qurilmalardan farqli o‘laroq, ko‘rish kortikal protezlari shikastlangan ko‘z va ko‘rish nervlarini chetlab o‘tib, elektr impulslarini bevosita bosh miyaga yetkazib beradi. Ushbu yondashuv bosh jarohatlari, insult yoki neyrodegenerativ kasalliklar oqibatida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan, biroq bosh miyasining ko‘rish po‘stlog‘i faolligini saqlab qolgan kishilarda ko‘rish imkoniyatini tiklash umidini beradi. Mazkur texnologiya, ayniqsa, voyaga yetgan yoshda ko‘rish qobiliyatidan ayrilgan bemorlarga katta yordam berish salohiyatiga ega.
Olimlar Ispaniyada bosh miya jarohati oqibatida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan 27 yoshli bemor ishtirokida tajriba o‘tkazdi. Uning ko‘rish po‘stlog‘iga yarim yil muddatga 96 kanalli elektrodlar matritsasi o‘rnatildi. Unga tok yuborilganda bemorda fosfenlar – yorug‘lik dog‘lari, chaqnash, yulduzcha yoki chiroqlardek idrok etilishi mumkin bo‘lgan oddiy vizual shakllar paydo bo‘lgan. Tadqiqotchilar bu idrok jarayonini aniqroq boshqarish maqsadida neyrotarmoqni miyaning turli elektr stimullariga bo‘lgan reaksiyasini oldindan aytib berishga o‘rgatdi. Bunda model nafaqat stimulyatsiya parametrlarini, balki tajribadan bevosita oldingi miya faolligini ham hisobga oldi. Shundan so‘ng, sunʼiy intellekt neyronlar faolligining kerakli shaklini eng yuqori ehtimollik bilan yuzaga keltiradigan taʼsir sxemalarini tanlab oldi.
Sinovlar shuni ko‘rsatdiki, SI tomonidan ishlab chiqilgan sxemalar belgilangan miya faolligini aniqroq takrorlashga erishib, boshqa usullarga nisbatan kamroq elektr toki talab qildi. Bundan tashqari, neyronlarning haqiqiy faolligi haqidagi maʼlumotlar orqali ishtirokchi aynan nimani ko‘rganini faqat stimulyatsiya parametrlariga asoslanib qilingan bashoratlardan ko‘ra ancha yaxshiroq tahlil qilish mumkin bo‘ldi. Ayrim tajribalarda bemor o‘zi idrok qilgan fosfenlarning shakli, o‘lchami, yorqinligi va rangini ham aniq tasvirlab bera olgan.
Olimlarning tushuntirishicha, miya elektrod signallarini ekrandagi oddiy piksellar kabi qabul qilmaydi. Neyronlarning javob reaksiyasi doimiy ravishda o‘zgarib turadi, qo‘shni elektrodlar bir-biriga taʼsir ko‘rsatadi va ayni bir impuls miyaning o‘sha paytdagi fiziologik holatiga qarab turlicha ko‘rish obrazlarini hosil qiladi. Bu muammoni hal qilish uchun tajribada qo‘llangan implantat ikkita rejimda ishladi: u bir vaqtning o‘zida ham neyronlarni stimulyatsiya qildi, ham ularning faolligini qayd etib bordi. Bu esa SI modeliga ishtirokchi miyasidan kelayotgan qayta aloqa (feedback) asosida taʼsir parametrlarini real vaqtda moslashtirish imkonini berdi.
Mazkur yondashuv kelgusida har bir bemor miyasiga individual moslashadigan yana-da ishonchli va samarali ko‘rish protezlarini yaratish uchun asos bo‘lishi kutilmoqda. Bunda qurilma qatʼiy belgilangan (standart) stimulyatsiya sxemasi o‘rniga doimiy ravishda neyronlar reaksiyasini tahlil qiladi va real vaqt rejimida taʼsir parametrlarini o‘zgartirib boradi. Shu bilan birga, tadqiqotchilar oldida miya faolligi signallari qanday qilib to‘laqonli va anglangan ko‘rish idrokiga aylanishini hamda bu yondashuv mukammal protezlarda qay darajada samara berishini aniqlash vazifasi turibdi.