Sunʼiy intellekt agentlari rivojlangani sari tobora mustaqillashib, nafaqat odamlar bilan, balki umumiy kod bazalari hamda boshqa raqamli tizimlarda o‘zaro hamkorlikda ishlashga o‘tmoqda. Anthropic kompaniyasi tadqiqotchilari bir nechta agent bir muhitga tushib qolganda nima sodir bo‘lishini sinovdan o‘tkazdi va bir qator muammolarni aniqladi: ular bir-biridan ajralib qolishi, bir xil xatolarni ommaviy ravishda takrorlashi, o‘zaro til biriktirishi yoki hatto ochiq qarama-qarshilikka (konfrontatsiyaga) borishi mumkin ekan.
Tajribalarning birida tadqiqotchilar 45 ta agentdan birgalikda dastur kodidagi zaifliklarni qidirishni so‘radi. Agentlar kelishilgan holda harakat qilib, umumiy xabarlar “taxtasi” orqali maʼlumot almashganda, yakka tartibda ishlagan agentlar topgan 21 ta zaiflik o‘rniga 266 tasini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq boshqa bir sinovda bir nechta agentning bir vaqtning o‘zida videoo‘yin yaratishga urinishi muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. O‘zaro muloqot qilish imkoniyatiga qaramay, ular deyarli butunlay izolyatsiya qilingan holda ishladi va natijada sifatsiz mahsulot yaratdi.
Asosiy muammo SI agentlarining o‘zaro hamkorlikda o‘zini qanday tutishi bilan bog‘liq. Olimlar bir seriyadagi barcha modellar bir xil vaziyatlarda deyarli bir xil harakatlarni amalga oshirishini aniqladi – bu ilm-fanda “past dispersiya” (low variance) deb ataladi. Odamlar muammoga duch kelganda turli yechimlarni taklif qiladi, lekin SI agentlari ko‘pincha bitta variantni tanlaydi. Masalan, bir tajribada 30 ta agentdan 18 tasi bir vaqtning o‘zida bir xil nomdagi kod tarmog‘ini (branch) yaratgan bo‘lsa, boshqa bir holatda agentlarning teng yarmi bir xil dasturlarni ishlab chiqishga qaror qildi. Buning xavfli tomoni shundaki, bitta agentning xatosi qolgan barchasida takrorlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Tadqiqotchilarni agentlarning axborotni qanday qabul qilishi va kimga ishonishi masalasi ham xavotirga solmoqda. Maʼlum bo‘lishicha, SI modellari boshqa agentlar bilan muloqot qilganda haqiqatni yolg‘ondan ajratishga qiynaladi. Turli manbalardan bir-biriga zid maʼlumotlar olgach, ular qaysi biri to‘g‘ri maʼlumot berayotganini anglay olmagan. Narxlash bilan bog‘liq simulyatsiyalarda esa agentlar tezda o‘zaro til biriktirib, maksimal foyda ko‘rish maqsadida sunʼiy ravishda yuqori narxlar belgilay boshlagan.
Agentlarga qarama-qarshi ko‘rsatmalar berilganda esa tizimda haqiqiy tartibsizlik yuzaga keldi. Olimlar uchta SI yordamchisidan bir xil kodni qayta yozishni so‘radi, biroq har biriga turli dasturlash tilini belgilab berdi. To‘rt soat ichida virtual “hamkasblar” o‘zaro “kiberurush” boshlab yubordi: ular raqiblarining hisoblarini (akkauntlarini) blokladi, zararli kodni begona fayllar ostida yashirdi va raqobatchilarning jarayonlarini yo‘q qilish uchun avtomatik skriptlarni ishga tushirdi. Tajovuzkorlik va sabotajga moyillik u yoki bu darajada sinovdan o‘tkazilgan barcha modellarda kuzatildi.
Eʼtiborlisi shundaki, Claude Sonnet 5 va Mythos Preview kabi yangiroq modellar mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishni o‘rgangan. Bahslar g‘arazli niyat tufayli emas, balki vazifalardagi tafovut sababli yuzaga kelayotganini tushungan agentlar zarar yetkazishni to‘xtatib, log-fayllarda (logs) uzr so‘ragan va kimning kodi tezroq ishlashini tekshirish kabi halol musobaqa shartlarini taklif qilgan. Shunga qaramay, olimlar neyrotarmoq quvvati va uning diplomatik yondashuvi o‘rtasida bevosita bog‘liqlikni topa olmadi: ilg‘or modellar baʼzan oddiyroq versiyalarga qaraganda ancha tajovuzkor va murosasiz bo‘lib chiqdi.
Anthropic o‘tkazilgan tajribalardan shunday umumiy xulosaga keldi: agentlarning harakatlarini muvofiqlashtirish ularning intellekti yoki mustaqilligi ortishi bilan o‘z-o‘zidan shakllanib qolmaydi. Insoniyatga ming yillar davomida shakllangan ijtimoiy mexanizmlar – obro‘, meʼyorlar, qoidalar, ishonch, sanksiyalar va nizolarni hal qilish institutlari yordam beradi. SI agentlarida esa bu tartibga soluvchi vositalarning to‘laqonli muqobillari hali mavjud emas. Shu sababli bitta agentning xatti-harakati butun tizimga tezda masshtablashishi mumkin. Tadqiqotchilarning fikricha, kelajakdagi tizimlar xavfsizligini nafaqat bitta avtonom agent darajasida, balki mustaqil ravishda o‘zaro hamkorlik qila oladigan, harakatlarini muvofiqlashtiradigan va bir-biriga taʼsir ko‘rsatadigan SI tizimlari guruhlari (“swarms”) darajasida baholash talab etiladi.