Anthropic kompaniyasi Claude‘ning yangi modellari tomonidan generatsiya qilinadigan matnlarga ko‘zga ko‘rinmas suv belgilarini (watermark) joriy qilishni boshladi. Mashina o‘qiy oladigan ushbu markirovka noshirlar, taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarga matnning sunʼiy intellekt tomonidan ishlanganini aniqlashga yordam berishi ko‘zda tutilgan. Belgining o‘zi foydalanuvchiga ko‘rinmaydi va materialning o‘qilishiga taʼsir qilmaydi.
“Suv belgisi” bevosita generatsiya qilingan matnga singdiriladi hamda undan nusxa ko‘chirish va boshqa joyga joylashtirish vaqtida ham saqlanib qoladi. Ayrim hollarda u keyingi tahrirlardan so‘ng ham yo‘qolmasligi mumkin. 2026 yil 2 avgustdan boshlab chiqariladigan Claude modellari matnlarni ishga tushirilgan paytdan boshlab belgilaydi. Kompaniya ushbu funksiyani eski versiyalar uchun keyinroq joriy etishni rejalashtirmoqda.
Mazkur markirovka tizimi Anthropic kompaniyasining Yevropaning “Sunʼiy intellekt to‘g‘risida”gi qonuni talablarini, xususan, SI tomonidan yaratilgan kontent shaffofligiga oid 50-moddasini bajarishga qaratilgan chora-tadbirlarining bir qismiga aylandi. Shu bilan birga, ushbu funksiya foydalanuvchining qaysi mamlakatdan ekanidan qatʼi nazar, Claude‘ning qo‘llab-quvvatlanadigan barcha modellari generatsiya qiladigan kontentga tatbiq etiladi. Shuningdek, Anthropic uchinchi tomon tashkilotlariga o‘z suv belgilarini aniqlash vositalarini taqdim etish va tizimning ishlashiga oid texnik tafsilotlarni ochiq eʼlon qilish niyatida.
Mediafayllar uchun esa kompaniya boshqacha yondashuvni qo‘llaydi: tasvirlar va qo‘llab-quvvatlanadigan boshqa formatdagi hujjatlar C2PA standarti bo‘yicha raqamli imzo bilan taʼminlanadi. Ushbu metamaʼlumotlar faylning aynan Claude modeli tomonidan yaratilganini yoki qayta ishlanganini tasdiqlaydi. Biroq, matndagi belgidan farqli o‘laroq, bunday himoya unchalik barqaror emas – format o‘zgartirilganda, skrinshot olinganda yoki qayta saqlanganda belgi o‘chib ketishi mumkin.
Anthropic vakillari yangi texnologiya SI kontenti inson tomonidan yaratilgandek taqdim etiladigan holatlarni aniqlashga yordam berishidan umidvor. Bu, ayniqsa, nashriyot sohasi uchun juda dolzarbdir: so‘nggi yillarda mualliflari generativ sunʼiy intellektdan foydalanganlikda gumon qilingan kitoblar atrofida shov-shuvli bahslar yuzaga kelgan edi.
Shu bilan birga, kompaniya “suv belgisi” mualliflikni tasdiqlovchi mutlaq dalil bo‘la olmasligini taʼkidlamoqda. Claude matnini tahrirlash, boshqa so‘zlar bilan ifodalash, tarjima qilish yoki boshqa materiallar bilan aralashtirish belgini sezilmaydigan qilib qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, belgi dastlab inson tomonidan yozilib, keyinchalik tarjima qilish, tahrirlash yoki qisqartirish maqsadida Claude‘dan foydalanilgan matnda ham paydo bo‘lib qolishi mumkin. Va aksincha, belgining yo‘qligi matnning aynan inson tomonidan yozilganini to‘liq kafolatlamaydi.
Taʼkidlash joizki, Anthropic matnli kontent uchun bunday tizimni joriy etgan ikkinchi yirik texnologik kompaniyaga aylandi. Maʼlumot o‘rnida, 2024 yilda Google DeepMind Gemini tomonidan yaratilgan matn va videolarni belgilash uchun SynthID texnologiyasini, bir yil avval esa uning tasvirlar uchun mo‘ljallangan versiyasini taqdim etgan edi.