BMT raqamli makonda bolalarni himoya qilish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirmoqda – tahlilchilarning taʼkidlashicha, sunʼiy intellektning rivojlanishi uni tartibga solishga qaratilgan urinishlardan o‘zib ketib, mavjud tahdidlarni yana-da kuchaytirmoqda.

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 80 foizdan ortig‘i internetda vaqt o‘tkazadi. Daromadi past mamlakatlarda esa aynan shu yosh toifasi tarmoq foydalanuvchilarining eng yirik qismini tashkil etadi.

Image credit: un.org

Shu munosabat bilan, BMT jiddiy ogohlantirish bilan chiqmoqda: dezinformatsiya, onlayn-taʼqib (kiberbulling) va sunʼiy intellektning yashirin xavflari haqida gap ketganda, asosiy zarbani aynan yosh avlod o‘z zimmasiga olyapti. Xalqaro yoshlar kuni – 12 avgust arafasida eʼlon qilingan yangi tahliliy maʼlumotnomada tashkilot hukumatlar, texnologiya kompaniyalari, reklama beruvchilar, OAV va tadqiqotchilarni bolalar himoyasi hamda ularning ushbu muammoni hal etishdagi ishtirokini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratishga chaqirdi.

O‘tgan oyda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish rivojlanayotgan SI texnologiyalarini sinovdan o‘tmagan dori-darmonlarga qiyoslab, ular ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qilgan va “Sunʼiy intellekt sohasida bolalar xavfsizligi bo‘yicha global majburiyat”ni qabul qilishga daʼvat etgan edi.

“Hech bir bola tartibga solinmagan sunʼiy intellekt uchun sinov obyekti (tajriba quyonchasi) bo‘lmasligi kerak… Bola jabr ko‘rganida, bunga shunchaki “algoritm sababchi” degan vaj ko‘rsatilmasligi lozim”, – degan edi Guterrish iyul oyida bo‘lib o‘tgan SI boshqaruvi bo‘yicha birinchi Global muloqotda.

Hisobotda yoshlar internetda duch kelayotgan tahdidlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligi alohida taʼkidlangan. Bu tahdidlar foydalanuvchining diqqat-eʼtibori va shaxsiy maʼlumotlarini monetizatsiya qiluvchi biznes-modellar hamda shunga moslashtirilgan dizayn yechimlarining bevosita oqibatidir. Xususan, odatlari, shaxsiyati va ijtimoiy aloqalari endigina shakllanayotgan bolalar foydalanuvchilarni internetdan kompulsiv (muttasil) foydalanishga undaydigan, qaramlikka olib keluvchi algoritmlar, “lutbokslar” (inglizcha “loot box” – o‘lja qutisi yoki o‘lja sandig‘i) va boshqa raqamli hiyla-nayranglar oldida ayniqsa himoyasizdir.

Bugungi kunda sunʼiy intellektning rivojlanishi uni tartibga solishga qaratilgan urinishlardan ilgarilab ketib, dipfeyklar va generativ kontentdan tortib, SI yordamidagi ekspluatatsiyagacha bo‘lgan mavjud tahdidlarni yana-da kuchaytirmoqda. Bundan tashqari, hisobotda foydalanuvchilarning onlayn xarajatlarini oshirish maqsadida qo‘llaniladigan yashirin reklama texnologiyalari ham qayd etilgan.

Hisobot mualliflarining taʼkidlashicha, bolalar va yoshlarni shunchaki potensial qurbonlar sifatida ko‘rish noto‘g‘ri. Ular ayni paytda kontent yaratuvchilari, huquq himoyachilari va yoshlar harakatlarining tashkilotchilari sifatida ham maydonga chiqmoqda. Biroq bunday harakatlarga kuch bag‘ishlayotgan onlayn-platformalarning o‘zi ularning yetakchilarini – ayniqsa, qizlar, milliy ozchilik vakillari va faollarni – kiberbulling hamda kuzatuvga duchor qilmoqda. Shu bois, tadqiqotlarda va axborot muhitini himoya qilishga qaratilgan qonunlarni ishlab chiqishda yoshlarning o‘z fikrini inobatga olish shartligi taʼkidlangan.

“Bolalar va yoshlar bugungi axborot inqirozidan eng ko‘p aziyat chekayotganlar qatorida bo‘lish bilan birga, uni hal qilishda eng yaxshi yordam bera oladigan qatlam hamdir, – dedi BMTning axborot yaxlitligi bo‘yicha katta maslahatchisi Sharlotta Skeddan. – Yoshlarni himoya qilish va ularni muloqotga jalb etish bir-birini istisno etuvchi maqsadlar emas. Biz har ikkisini ham birdek bajarishimiz kerak”.

Hujjatda qayd etilishicha, hukumatlar va jamoat tashkilotlari dark patterns (aldamchi dizayn), targetlangan reklama, kontent moderatsiyasi va maxfiylik to‘g‘risidagi qonunlarni muhokama qilishda internetdagi bolalar xavfsizligi mavzusini tobora birinchi o‘ringa olib chiqmoqda. Biroq sunʼiy intellekt ommalashgani sari, bolalar huquqlarini SI boshqaruvi standartlariga kiritish uchun mavjud imkoniyatlar eshigi tezda yopilib bormoqda.

Shu munosabat bilan hisobotda bir qator aniq qadamlar taklif etilgan: mamlakatlar tegishli qonunchilik bazasini shakllantirishi, texnologik kompaniyalar bolalarni himoya qilishning o‘rnatilgan mexanizmlarini joriy etishi, reklama beruvchilar bola huquqlarini moliyaviy foydadan ustun qo‘yishi, OAV yosh auditoriya uchun sifatli kontent yaratishi, mutaxassislar esa, ayniqsa, Global Janub mamlakatlarida maʼlumotlardagi bo‘shliqlarni bartaraf etishi lozim.

BMT o‘z navbatida Global muloqot hamda ushbu texnologiyaning imkoniyatlari va xavflarini baholash uchun tuzilgan organ – Sunʼiy intellekt bo‘yicha mustaqil xalqaro ilmiy guruh orqali sohani tartibga solishga ko‘maklashishda davom etmoqda.

“Raqamli texnologiyalar va axborot muhiti rivojlanishda davom etar ekan, hozirgi fursat bizga tamoyillar deklaratsiyasidan amaliy harakatlarga o‘tish imkoniyatini bermoqda”, – deyiladi hisobot xulosasida.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan