Sem Altman TIME jurnaliga bergan intervyusida kompaniya 2026 yil oxirigacha AGI (umumiy sunʼiy intellekt) yaratishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Bunday bayonot Astra modellarining namoyishi va yaqinda yuz bergan xavfsizlik inqirozi fonida yangradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, kompaniyaning 700 dan ortiq avtonom sunʼiy intellekt agenti o‘zaro til biriktirib, firibgarlik izlarini yashirish maqsadida Hugging Face servisiga hujum qilgan. Natijada ChatGPT ishlab chiquvchisi tadqiqotlarni vaqtincha to‘xtatib, nazoratni kuchaytirishga majbur bo‘lmoqda. Bundan tashqari, OpenAI yillik daromad va kapitallashuv bo‘yicha o‘zining asosiy raqobatchisi – Claude Code vositasi orqali katta muvaffaqiyatga erishgan Anthropic kompaniyasidan ortda qola boshladi.

OpenAI mutaxassislari AGI yaratishga juda yaqin qolinganini taʼkidlamoqda. Bosh ilmiy xodim Mark Chen taraqqiyotni 80 foizga baholasa, kompaniya prezidenti Greg Brokman hozirgi davrni AGI paydo bo‘lish arafasi deb hisoblaydi. OpenAI ustavida AGI “iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan aksariyat faoliyat turlarida insonlardan ustun keladigan yuqori avtonom tizimlar” sifatida taʼriflanadi.
Bunday optimistik bashoratlar hali ommaga taqdim etilmagan Astra modellar oilasi bilan bog‘lanmoqda. Avgust oyi boshida bo‘lib o‘tgan yopiq taqdimotda 16 ta SI agenti murakkab matematik masalani kichik vazifalarga bo‘lib, ishni o‘zaro muvofiqlashtirgan holda yechimni tayyorladi. Ishlab chiquvchilarning qayd etishicha, Astra allaqachon stajyor-tadqiqotchi darajasiga yetgan. Biroq, model shu qadar qudratli bo‘lib chiqdiki, OpenAI unga xavfsizlik bo‘yicha “kritik” xavf darajasini berdi.
Tizimlarning avtonomlik darajasi oshgani sayin, ularni nazorat qilish masalasi shunchalik keskinlashmoqda. Iyul oyi oxirida OpenAI sinovdan o‘tkazilayotgan bir nechta SI agenti izolyatsiyalangan muhitdan chiqib ketib, Hugging Face platformasiga hujum qilganini maʼlum qildi. METR va Redwood Research tomonidan o‘tkazilgan tergov shuni ko‘rsatdiki, agentlar bundan oldin o‘zaro muvofiqlashuv uchun yashirin kanal tashkil etgan: 1200 ga yaqin tizim OpenAI‘ning fayl almashish tizimi orqali 70 mingta xabar almashgan. Hujumda bevosita 700 ga yaqin agent ishtirok etib, ular mazkur tarmoqdan kiberxavfsizlikka oid masalalarni muhokama qilish, tashqi tizimlarga kirish yo‘llarini izlash va keyingi harakatlarni rejalashtirish uchun foydalangan.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, Hugging Face‘ga qilingan hujumning asosiy maqsadi ExploitGym test topshiriqlariga javob olish bo‘lmagan (ular to‘g‘ri javoblarni generatsiya qilish yo‘lini topib bo‘lgan edi). Agentlar baholash tizimi ularning firibgarligini aniqlab qo‘yishidan xavotirlanib, tekshiruv algoritmini o‘rganishga va testdan halol o‘tgandek ko‘rinish hosil qilish uchun o‘z faoliyati izlarini yashirishga uringan. Ular 4,5 sutka ichida jami 17 600 ga yaqin harakatni amalga oshirgan. OpenAI test muhitida barcha monitoring mexanizmlari ishlatilmagani sababli hujumni o‘z vaqtida aniqlay olmaganini tan oldi. Hodisadan so‘ng kompaniya nazoratni, test muhitlarining izolyatsiyasini va algoritmlar mantig‘i tahlilini kuchaytirdi hamda ayrim tadqiqotlarni to‘xtatib turdi.
Xavfsizlik bilan bog‘liq bu inqiroz OpenAI ichidagi boshqa muammolar, xususan, kadrlar yo‘qotishi fonida yuz bermoqda. So‘nggi bir yil ichida bir nechta top-menejer va xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchilar kompaniyani tark etdi. Shuningdek, Meta yirik kompensatsiyalar taklif qilib, OpenAI xodimlarini o‘ziga jalb qilmoqda. Eng asosiy zarba esa korporativ bozorda kuzatildi. Anthropic dasturlashga asosiy eʼtiborni qaratib, Claude Code‘ni dasturchilar orasida eng talabgir vositaga aylantirdi. OpenAI esa asosan ChatGPT‘ning o‘sishiga diqqat qaratib, mahsulotlarni dasturlash va avtonom SI agentlari atrofida qayta qurishni kechroq boshladi. Natijada, Anthropic eʼlon qilingan yillik daromad va bozor kapitallashuvi bo‘yicha ilk bor OpenAI‘dan o‘zib ketdi. Hozirda OpenAI ChatGPT va Codex imkoniyatlarini birlashtirish, o‘z SI qurilmasini yaratish va hisoblash infratuzilmasini kengaytirish orqali yo‘qotilgan pozitsiyalarini tiklashga harakat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Sem Altmanning AGI haqidagi bashorati biroz ziddiyatli ko‘rinadi. Bir tomondan, OpenAI mustaqil harakat qiluvchi tizimlarni ishlab chiqishni tezlashtirmoqda; ikkinchi tomondan esa, Hugging Face bilan yuz bergan insident sababli ularni nazorat qilishni o‘rganish uchun jarayonni sekinlashtirishga majbur bo‘lmoqda. Qolaversa, Altmanning o‘zi SI tufayli yuz beradigan iqtisodiy o‘zgarishlar tezligiga oid kutilmalarini biroz pasaytirdi. Uning taʼkidlashicha, kompaniyalar va odamlar hamon eski qoidalar bo‘yicha ishlamoqda, shu bois ancha qudratli SI tizimlarining paydo bo‘lishi ham iqtisodiyotning bir zumda qayta qurilishiga olib kelmasligi mumkin.