Reuters agentligi xabariga ko‘ra, AQSHning eng yirik maktab okrugi hisoblangan Nyu-York shahri maʼmuriyati boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilarining dars jarayonida sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanishiga bir yillik moratoriy eʼlon qildi. Sinfxonalarda yangi texnologiyalarni tartibga solishga qaratilgan mazkur qaror mamlakat miqyosida qabul qilingan eng qatʼiy cheklovlardan biri bo‘ldi.

Yangi tartib sakkizinchi sinfgacha bo‘lgan 600 mingga yaqin o‘quvchiga daxldor bo‘lib, uning doirasida shahar maktablarida qo‘llanilayotgan 40 ga yaqin taʼlim dasturi va raqamli vositalardan foydalanish to‘xtatiladi. Yuqori sinf o‘quvchilari uchun esa sunʼiy intellekt tizimlaridan foydalanish ayrim yo‘nalishlarda cheklangan holda saqlab qolinadi. Shu bilan birga, pedagoglarning dars rejalarini tuzish va jadvallarni shakllantirish kabi tashkiliy vazifalarda texnologiya imkoniyatlariga tayanishi taqiqlanmagan.
Shahar meri Zohran Mamdani cheklovning sabablarini izohlar ekan, bolalarning to‘laqonli taʼlim olishi va shaxs sifatida rivojlanishida o‘qituvchi bilan bevosita insoniy muloqot muhim o‘rin tutishini taʼkidladi. Merning qayd etishicha, yosh avlod tengdoshlari bilan birga ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirishi, ustozlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatishi va murakkab muammolarni o‘z kuchi bilan hal qilish tajribasiga ega bo‘lishi zarur.
Nyu-York davlat maktablari 2022 yil oxirida ChatGPT ommalashgan davrda ham ushbu platformaga vaqtinchalik taqiq joriy etgan, keyinchalik esa cheklovlar yumshatilib, maxsus moslashtirilgan modellar – AI teaching assistants joriy qilingan edi. Hozirda Los-Anjeles kabi AQSHning boshqa yirik taʼlim okruglari ham maktablarda sunʼiy intellektdan foydalanish qoidalarini qayta ko‘rib chiqmoqda.