Xitoyda sunʼiy intellekt qiyofadoshlarining (raqamli klonlarining) ommalashuvi sababli aktyorlar, teleboshlovchilar va strimerlar ishidan ayrila boshladi. Ishlab chiqaruvchi kompaniyalar neyrotarmoqlarni konkret odamlarning tashqi ko‘rinishi, ovozi va o‘zini tutishi asosida o‘rgatib, so‘ng ularning o‘rniga aynan mana shu raqamli nusxalardan foydalanmoqda. Buning natijasida kontent ishlab chiqarish xarajatlari taxminan 90 foizga kamaymoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida Xitoyda chiqarilgan qisqa metrajli seriallarning 95 foizi SI yordamida yaratilgan. Bunga parallel ravishda yangi bozor ham vujudga kelmoqda: odamlar allaqachon o‘z qiyofalarini SI-seriallar va reklamalarda ishlatish uchun ixtiyoriy ravishda litsenziyalashni boshlagan.
Shunday ishdan bo‘shatish holatlaridan biri aprel oyida yuz berdi – bolalar uchun mo‘ljallangan mashhur dasturning boshlovchisi ishidan ayrildi. Ish beruvchi kompaniya unga o‘zining yuzi, ovozi va dasturni olib borish uslubi asosida sunʼiy intellektni o‘rgatishga rozi bo‘lishni taklif qildi. Uning raqamli nusxasidan doimiy foydalanish huquqi evaziga xodimaga o‘n oylik maoshi miqdorida tovon puli berilishi aytilgan. Muzokaralardan so‘ng SI-nusxadan foydalanish muddati besh yilgacha qisqartirildi, tovon puli miqdori esa bir yillik maoshga tenglashtirildi. Shuningdek, boshlovchi kelajakda o‘z qiyofasi aks etgan kontentdan foydalanishni taqiqlash huquqini ham saqlab qoldi.
Bunday raqamli nusxalarni yaratish jarayoni “distillyatsiya” deb ataladi. Jarayonda inson ishtirokidagi video va audio materiallardan uning tashqi ko‘rinishi hamda xatti-harakatlarining o‘ziga xos jihatlari: mimikasi, lab harakatlari, imo-ishoralari, ovozi, ohangi va nutqdagi o‘ziga xos odatlari “ajratib olinadi”. O‘qitib bo‘lingach, model aktyorning jismoniy ishtirokisiz yangi sahnalar va replikalarni (gaplarni) mustaqil yarata oladi. Natijada, inson aslida o‘z kompaniyasiga o‘zining raqamli o‘rinbosarini yaratishga yordam beradi, shundan so‘ng esa uni keyingi ishlab chiqarish jarayonidan chetlatishlari mumkin.
Bu tendensiya, ayniqsa, qisqa seriallar sanoatida jadal tarqalmoqda. 2026 yil fevral oyida ByteDance kompaniyasining Seedance 2.0 video-modeli chiqqanidan so‘ng, bunday kontentni ishlab chiqarish yana-da tezlashdi va arzonlashdi. Birinchi chorakda Xitoyda jami 128 mingta qisqa serial chiqarilgan bo‘lib, ularning 95 foizdan ortig‘i SI yordamida yaratilgan. Xitoy audiovizual internet xizmatlari assotsiatsiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, may oyida Douyin (Xitoydagi TikTok) platformasidagi eng ommabop 100 ta animatsion serialning 89 tasi to‘liq SI yordamida ishlangan.
O‘z navbatida, ishlab chiqarish muddatlari ham tubdan o‘zgardi. Agar 2024 yilda uch-besh daqiqalik rolikni yaratish uchun besh kishilik jamoa va uch oygacha vaqt talab etilgan bo‘lsa, endilikda bir nafar xodim shunday materialni 1-2 kunda tayyorlay oladi. Ishlab chiqarish tannarxi esa avvalgisiga nisbatan qariyb 10 foizgacha pasaydi. Buning natijasida nafaqat aktyorlarga, balki suratga olish guruhlari, ssenaristlar va boshqa texnik mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj ham keskin kamaymoqda.
Sunʼiy intellekt onlayn savdo sohasida ham faol qo‘llanilmoqda. Raqamli boshlovchilar inson xizmati narxining taxminan 10 foizi evaziga mahsulotlarni kechayu kunduz tinimsiz reklama qila oladi. Joriy yilning mart oyiga kelib, JD.com platformasidagi 70 mingdan ortiq sotuvchi aynan shunday virtual boshlovchilardan foydalangan. Mashhur boshlovchilarning ayrim raqamli nusxalari baʼzi toifalarda asl nusxalari (yaʼni odamlar) bilan tengma-teng yoki ulardan ham yuqoriroq savdo natijalarini ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, bugungi kunda Xitoyda raqamli nusxalar aslida kimga tegishli ekani, kompaniya ulardan qancha vaqt foydalana olishi va buning uchun inson qancha tovon puli olishi kerakligi haqida huquqiy bahslar avj olmoqda. Xususan, Xanchjouda ko‘rib chiqilgan ishlardan birida sud o‘zini SI almashtirganini daʼvo qilgan xodimga kompaniya zimmasiga qo‘shimcha tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi. Taʼkidlash joizki, birgina qisqa seriallar sanoatida bevosita 690 ming kishi band, yana qariyb 15 million aholi esa jonli efirlarni (strimlarni) o‘zining asosiy kasbi (daromad manbai) deb biladi. Shu bois, raqamli ijrochilarga o‘tishning ijtimoiy va iqtisodiy ko‘lami juda katta bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, SI o‘z qiyofasini rasman litsenziyalashga tayyor bo‘lgan odamlar uchun butunlay yangi bozorni ham yaratmoqda. Xitoyda aktyorlar, modellar va oddiy foydalanuvchilar o‘z suratlarini yuklab, SI-seriallar, reklamalar va videoo‘yinlar uchun yuzlaridan foydalanish huquqini pullashi mumkin bo‘lgan maxsus platformalar paydo bo‘ldi. Bunday platformalarda bir epizod uchun yuzdan foydalanish narxi o‘rtacha 15-74 dollarni tashkil etadi, boshqa tizimlarda esa alohida (eksklyuziv) litsenziyalar orqali 700 dollargacha sof daromad olish mumkin.