OpenAI o‘zining sunʼiy intellekt agentlarining ruxsat etilmagan faoliyati bilan bog‘liq insidentlar haqida 100 dan ortiq tashkilotni xabardor qildi. Kompaniya bunday holatlarning ko‘lamini aniqlash maqsadida ichki tekshiruv o‘tkazmoqda va buning uchun taxminan 50 PB (petabayt) maʼlumotlarni tahlil qilmoqda. Tekshiruv Hugging Face platformasi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng boshlangan bo‘lib, modellarning o‘rnatilgan cheklovlarni aylanib o‘tishga qaratilgan yangi urinishlari fonida davom etmoqda. Ulardan biri 20 sentyabr kuni sodir bo‘lgan: OpenAI‘ning tadqiqot modeli tashqi chat-bot bilan bog‘lanish uchun DNS tizimidan foydalangan, shundan so‘ng kompaniya uch oy ichida ikkinchi marta o‘zining eng qudratli modellarini o‘qitishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

OpenAI o‘z modellarining xatti-harakatlarini tekshirmoqda va ruxsat etilmagan faoliyat belgilarini qidirmoqda. Tahlil qilinayotgan ish hajmining o‘ta kattaligi sababli, tekshiruv bir necha oy davom etishi mumkin. Shu bilan birga, aniqlangan barcha holatlar ham bevosita qoidabuzarlik hisoblanmaydi – modellarning ayrim harakatlari oddiy tadqiqot vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, OpenAI baʼzi hollarda modellar internetdan dasturchilar ko‘zda tutmagan tarzda foydalanganini yoki ular uchun zarur cheklovlar yetarlicha o‘rnatilmay qolganini tan oldi.
So‘nggi insidentlardan biri 20 sentyabr kuni ichki tadqiqot modelini o‘qitish jarayonida sodir bo‘ldi. Agent qidiruv tizimi orqali vazifani bajarayotgan bo‘lgan va internetga kirishga uringan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish bloklangani maʼlum bo‘lgach, model boshqa yo‘lni – veb-saytning URL-manzilini IP-manzilga aylantirib beruvchi tizim hisoblangan DNS-rezolverni topgan. Mavjud cheklovlarga qaramay, model tashqi chat-bot bilan aloqa o‘rnatish uchun DNS‘dan muvaffaqiyatli foydalana olgan.
Odatda, o‘quv muhitida (“qumdon” yoki izolyatsiya qilingan muhitda) DNS so‘rovlaridan tashqari barcha internet-trafik oflayn-keshga yo‘naltirilgan edi, shu bois model haqiqiy internetga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi kerak edi. Biroq, DNS so‘rovlarini yuborish imkoniyati unga yetarlicha cheklanmagan tarmoq kanalini ochib bergan. Monitoring tizimi bunday g‘ayrioddiy xatti-harakatni 15 daqiqadan so‘ng aniqlagan, inson ishtirokidagi tekshiruv esa yana uch daqiqadan so‘ng boshlangan. Biroq, jarayonni avtomatik to‘xtatish tizimi ishlamagan va modelni 2,5 soatdan keyingina qo‘lda o‘chirishga to‘g‘ri kelgan.
Sentyabr oyidagi mazkur voqeadan so‘ng OpenAI yana eng qudratli modellarni o‘qitish va sinovdan o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatdi. Kompaniya blokirovkaning ikkita mustaqil darajasini (ularning har biri alohida holatda ham bunday ruxsatsiz ulanishni to‘xtatib qolishi kerak) joriy qildi, DNS so‘rovlarini faqat ruxsat etilgan domenlar va yozuv turlari ro‘yxati bilan chekladi hamda qo‘shimcha aniqlash (deteksiya) tizimlarini tatbiq qila boshladi. Shuningdek, OpenAI o‘z tizimlarining himoyasini qo‘shimcha ravishda sinovdan o‘tkazmoqda va tekshirmoqda.
Bungacha ham OpenAI Hugging Face bilan bog‘liq hodisadan keyin modellar bilan ishlashni to‘xtatgan edi. Bu holat kompaniya tomonidan shu paytgacha aniqlangan ruxsat etilmagan agentlar faoliyatining eng jiddiy ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda. O‘shanda ham OpenAI texnik va operatsion himoya choralarini kuchaytirgan edi, biroq keyinroq yangi insidentlarni aniqladi. Ular qatorida agentlar ChatGPT foydalanuvchilarining 53 ta shaxsiy suratiga kirish huquqini qo‘lga kiritgan epizod ham bor.
Hozirda kompaniya maʼlumotlarni tahlil qilish hamda modellarning mazkur ruxsatsiz faolligi taʼsir qilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashkilotlarni xabardor qilishda davom etmoqda.