Kaliforniya AQSh shtatlari orasida birinchi bo‘lib kompaniyalarga xodimlarni faqatgina algoritm qarori asosida ishdan bo‘shatishni taqiqladi. Gubernator Gevin Nyusom (Gavin Newsom) xodimlarni kuzatishda sun’iy intellektdan foydalanishni cheklovchi hamda shtat qisqartirilishi algoritmlar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa, bu haqda xodimlarni ogohlantirishni ish beruvchilar zimmasiga yuklovchi qonunlar paketini imzoladi.

Yangi qoidalar bir nechta qonun loyihasini o‘zida birlashtirib, amalda AQShda kadrlar bo‘yicha qaror qabul qilishda algoritmlardan foydalanuvchi kompaniyalar uchun ilk majburiy talablarni belgilab bermoqda. Asosiy tamoyil shundan iboratki, menejer xodimni faqat SI xulosasiga tayangan holda ishdan bo‘shatishi yoki intizomiy jazoga tortishi mumkin emas. Qaror kuchga kirishidan avval uni albatta inson tekshirib ko‘rishi shart.
Kaliforniyaning SI to‘g‘risidagi yangi qonuni nimalarni taqiqlaydi?
-
Yangi qonun ommaviy qisqartirish, boshqa lavozimga o‘tkazish yoki ishdan bo‘shatish avtomatlashtirilgan tizim ishi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, ish beruvchilar zimmasiga bu haqda xodimlarni xabardor qilish majburiyatini yuklaydi.
-
Shuningdek, hujjat ish joyidagi hojatxonalarda SI bilan ishlovchi kuzatuv kameralaridan foydalanishni qat’iyan taqiqlaydi.
-
Ayrim cheklovlar huquqshunoslarga ham taalluqli: ularga protsessual hujjatlarni, jumladan, sud da’volarini tayyorlashni to‘liq sun’iy intellektga topshirish taqiqlanadi.
Nyusomning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun qabul qilinishiga Meta xodimlarining shikoyatlari asosiy turtkilardan biri bo‘lgan. Ularni qisqartirishga tushgan nomzodlarni baholovchi ichki SI vositasining ishlash mexanizmi xavotirga solgan. Ta’kidlanishicha, algoritm yaqinda tibbiy ta’til olgan xodimlarni nomutanosib ravishda ko‘proq tanlagan.
HR Dive kadrlar portali ma’lumotlariga ko‘ra, AQShdagi har to‘rtinchi menejer xodimlarni bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorlarda SIdan “tez-tez yoki doimiy ravishda” foydalanadi. Bu yirik kompaniyalar kadrlar bilan bog‘liq jarayonlarda algoritmlardan allaqachon naqadar faol foydalanayotganidan dalolat beradi.
Qonunni imzolash chog‘ida Nyusom SI sanoati o‘z faoliyatini mustaqil ravishda tartibga solishga qodir deb hisoblaydigan Tramp ma’muriyatini keskin tanqid qildi. Gubernator bunday pozitsiyani “safsata” deb atadi va quyidagicha bayonot berdi: “Federal darajada yetakchilik yo‘qligi sababli, biz ancha ko‘proq chora ko‘rishga majbur bo‘lyapmiz”.
Shu bilan birga, Nyusom Kaliforniya davlat idoralari kelgusida ham “superintellekt” emas, aynan “sun’iy intellekt” atamasidan foydalanishini majburiy qilib qo‘yuvchi farmoyishni imzoladi. Ma’lumot o‘rnida, “superintellekt” atamasi yaqinda Tramp ma’muriyati tomonidan federal xizmatchilarning bir qismi uchun muomalaga kiritilgan edi.
Kelgusida prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkinligi aytilayotgan Nyusom SI keltirib chiqaradigan xavf-xatarlarni aviatsiya sohasi bilan qiyoslaydi. Uning ta’kidlashicha, aviatsiya tarmog‘ida ham insonlar xavfsizligi bozor tomonidan emas, aynan davlat tomonidan qat’iy tartibga solinadi.