Google DeepMind bosh direktori Demis Xassabis yaqin besh-o‘n yil ichida insondan qolishmaydigan yoki hatto undan ustun bo‘lgan kuchli sunʼiy intellekt (Artificial General Intelligence, AGI) ishlab chiqilishini maʼlum qildi. U AGI yaratilish imkoniyatiga to‘la ishonadi va bu faqat vaqt masalasi, deb hisoblaydi. Xassabis AGI‘ni “insonga xos barcha murakkab qobiliyatlarni namoyish eta oladigan tizim” deb taʼriflamoqda.

Image credit: justthink.ai

“Menimcha, bugungi tizimlar juda sust, ular bajara olmaydigan ishlar hali ko‘p. Ammo keyingi besh-o‘n yil ichida bu imkoniyatlarning ko‘pchiligi rivojlanib, biz umumiy maqsadli sunʼiy intellekt deb ataydigan narsaga yaqinlasha boshlaymiz”, deydi Xassabis. U o‘z fikrida yolg‘iz emas – o‘tgan yili Xitoyning texnologiya giganti Baidu bosh direktori Robin Li AGI “10 yildan so‘ng” paydo bo‘lishini aytgan edi.

Xassabisning boshqa hamkasblarini unga nisbatan optimistroq deyish mumkin. Anthropic bosh direktori Dario Amodei “deyarli barcha vazifalarda deyarli barcha odamlardan ustun” bo‘lgan sunʼiy intellekt modeli “yaqin ikki-uch yil ichida” paydo bo‘lishiga ishonadi. Cisco kompaniyasining mahsulotlar bo‘yicha direktori Jitu Patel AGI joriy yildayoq yaratilishi mumkin, deb hisoblaydi. Tesla bosh direktori Ilon Mask AGI 2026 yilga kelib haqiqatga aylanishini bashorat qilmoqda, OpenAI bosh direktori Sem Altman esa bunday tizim “yaqin kelajakda” ishlab chiqilishi mumkinligini aytadi.

Xassabis o‘z bashoratlarida yana-da ilgarilab, AGI paydo bo‘lishi bilan barcha faoliyat sohalarida insondan ustun keladigan sunʼiy superintellekt (Artificial Super Intelligence, ASI) paydo bo‘lishini taxmin qilmoqda. Biroq, bunday yutuq qachon sodir bo‘lishini “hech kim aniq bilmasligini” tan oladi.

Xassabisning fikriga ko‘ra, AGI yaratishdagi asosiy muammo zamonaviy sunʼiy intellekt tizimlarini real dunyo kontekstini tushunish darajasiga yetkazishdir. “Masala shundaki, biz rejalashtirish va agent xulq-atvori, rejalashtirish va mulohaza yuritish g‘oyalarini qanchalik tez umumlashtirib, keyin ularni real dunyoga qo‘llay olamiz hamda atrofimizdagi voqelikni tushunishga qodir bo‘lgan dunyo modellari kabi narsalar bilan to‘ldira olamiz”, deb tushuntirmoqda Google DeepMind bosh direktori.

Xassabisning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ishlab chiquvchilarning eʼtiborini sunʼiy intellektning ko‘p agentli tizimlari tobora ko‘proq jalb etmoqda. Misol tariqasida u DeepMind‘ning sunʼiy intellekt agentlarini Starcraft o‘ynashga o‘rgatish bo‘yicha tadqiqotlarini keltirdi: “Biz bu borada katta ishlarni amalga oshirdik, masalan, Starcraft loyihasida bizda raqobatlasha oladigan va hamkorlik qila oladigan agentlar hamjamiyati yoki agentlar ligasi mavjud edi”.

Yuqori darajadagi menejerlar va yetakchi sunʼiy intellekt ishlab chiquvchilari bir fikrda yakdil – ular insoniyatning yaqin kelajagini hamma narsadan xabardor, qudratli va barcha bilimlarga ega sunʼiy intellekt tizimlarisiz tasavvur qila olmaydilar. Ular bu tizimlar har qanday sohada insondan ustun bo‘lishiga ishonishadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan