GTC 2025‘da eʼlon qilingan, Groot N1 deb nomlangan ushbu model sintetik va haqiqiy maʼlumotlarga asoslangan “universal” model hisoblanadi. Groot N1‘ning tanishtiruv videosida u insonning bilish jarayonlaridan ilhomlangan “tez va ohista fikrlash” uchun “ikki tizimli arxitektura”ga ega ekanligini taʼkidlanadi.

Groot N1 – bu Nvidia kompaniyasi o‘tgan yilgi GTC anjumanida taqdim etgan Project Groot‘ning takomillashgan ko‘rinishidir. Asosan sanoat sohasiga yo‘naltirilgan Groot loyihasidan farqli o‘laroq Disney va Google DeepMind kompaniyalari bilan hamkorlikda yaratilgan Groot N1‘ni ko‘pprofilli odamsimon robot deyish mumkin.
Nvidia maʼlumotlariga ko‘ra, Groot N1‘ning sekin fikrlovchi tizimi robotga atrof-muhit va ko‘rsatmalarni idrok etish, tahlil qilish va kerakli harakatlarni rejalashtirish imkonini beradi. Tezkor fikrlash tizimi esa ushbu rejani robotlashtirilgan harakatlarga, jumladan, bir necha bosqichda obyektlarni boshqarish kabi harakatlarga aylantiradi.
Groot N1 open-source sifatida taqdim etilgan. Model bilan bir qatorda, Nvidia sintetik o‘quv maʼlumotlarini yaratish uchun simulyatsiya asoslari va chizmalarni ham taqdim etmoqda.
“Umumiy robototexnika davri boshlanmoqda”, – deydi Nvidia bosh direktori Jensen Xuang o‘z bayonotida.
Odamsimon robotlar so‘nggi yillarda katta eʼtibor qozonmoqda. X1 va Figure kabi kompaniyalar odamlarga o‘xshab harakat qiladigan universal robotlarni yaratishga intilmoqda. To‘g‘ri, qiyinchiliklar bor va ular kam emas, ammo kompaniyalarning fikricha, texnologiyalar shunday darajaga yetdiki, ommaviy ishlab chiqariladigan odamsimon robotlar yaqin kelajakda real maqsadga aylanishi mumkin.