Claude sunʼiy intellekt modeli yaratuvchisi Anthropic kompaniyasi sunʼiy intellektning iqtisodiyot va mehnat bozoriga taʼsirini o‘rganish uchun «Economic Futures» dasturini ishga tushirdi. Ushbu tashabbus nafaqat ishsizlikning o‘sishi kabi potensial xavflarni baholashga, balki kelgusi o‘zgarishlarga moslashish choralarini ishlab chiqishga ham yordam beradi.

Dasturning yaratilishi ishchilarning ommaviy ravishda avtomatlashtirilgan tizimlar bilan almashtirilishi xavfi ortib borayotgani bilan bog‘liq. Yaqinda Anthropic bosh direktori Dario Amodei kelgusi 5 yil ichida sunʼiy intellekt ofis sektoridagi ish o‘rinlarining yarmigacha yo‘q qilishi va ishsizlik darajasi 20 foizgacha yetishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Bunday vaziyatda kompaniya faqat bashoratlar bilan cheklanib qolmasdan, balki haqiqiy maʼlumotlarni to‘plashga eʼtibor qaratishga qaror qildi, deb yozadi TechCrunch nashri.
Kompaniya vakili Sara Xekning taʼkidlashicha, asosiy vazifa amalda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishini tushunishdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur oldindan berilgan xulosalarga tayanmaydi. Masalan, agar ishsizlikning o‘sishi qayd etilsa, mutaxassislar uni yumshatish choralarini muhokama qiladilar, agar sunʼiy intellekt yalpi ichki mahsulotni sezilarli darajada oshirsa, bu o‘sishdan jamiyat manfaati yo‘lida qanday foydalanish mumkinligini aniqlash zarur bo‘ladi.
Dastur uchta yo‘nalishga eʼtibor qaratadi: tadqiqotlarni moliyalashtirish, strategik yechimlarni muhokama qilish uchun forumlar tashkil etish va sunʼiy intellektning iqtisodiyotga taʼsiri haqida maʼlumot to‘plash. Kompaniya allaqachon sunʼiy intellektning unumdorlik va bandlikka taʼsirini o‘rganayotgan olimlar uchun 50 000 dollargacha bo‘lgan grantlar uchun arizalarni qabul qilishni boshladi.
Bundan oldin, fevral oyida Anthropic sunʼiy intellektning uzoq muddatli taʼsirini tahlil qilish uchun «Economic Index» ochiq maʼlumotlar bazasini ishga tushirgan edi. Bunday maʼlumotlarni yopiq saqlaydigan ko‘plab raqobatchilardan farqli o‘laroq, «Economic Index»dagi tadqiqotlar to‘liq ochiq holda mavjud.
Shuni taʼkidlash joizki, Anthropic sunʼiy intellektning ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirini faol o‘rganishni boshlagan yagona texnologik kompaniya emas. Yaqinda OpenAI o‘z dasturini taqdim etib, taʼlimda sunʼiy intellektni targ‘ib qilish va maxsus iqtisodiy zonalarni yaratishga eʼtibor qaratgan edi. Biroq, bu tashabbus mehnatni avtomatlashtirish tufayli ish o‘rinlarining yo‘qolishi muammosiga bevosita yechim taklif etmaydi.