«Shaxsiy super intellekt»
So‘nggi bir necha oy ichida sunʼiy intellekt tizimlarimizning o‘z-o‘zini takomillashtirayotganini ko‘ra boshladik. Takomillashish hozircha sekin, ammo inkor etib bo‘lmaydi. Super intellektni rivojlantirish endi ko‘z o‘ngimizda.
Yaqin yillarda sunʼiy intellekt barcha mavjud tizimlarimizni takomillashtirib, bugun tasavvur qilib bo‘lmaydigan yangi narsalarni yaratish hamda kashf etish imkonini berishi aniq ko‘rinib turibdi. Ammo super intellektni nimaga yo‘naltirishimiz hali ochiq savol bo‘lib qolmoqda.

Bu bir tomondan insoniyat uchun yangi davr bo‘lsa, boshqa tomondan tarixiy tendensiyalarning davomidir. Bundan 200 yil oldin ham odamlarning 90 foizi yashash uchun oziq-ovqat yetishtiruvchi dehqonlar edi. Texnologik taraqqiyot insoniyatning ko‘p qismini tirikchilik tashvishlaridan ozod qilib, o‘zlari tanlagan mashg‘ulotlarga ko‘proq eʼtibor qaratish imkonini berdi. Har bir bosqichda odamlar yangi topgan mahsuldorlikdan foydalanib, ilgari mumkin bo‘lmaganiga erishdilar, fan va sog‘liqni saqlash chegaralarini kengaytirdilar, shuningdek, ijodkorlik, madaniyat, munosabatlar va hayotdan zavqlanish uchun ko‘proq vaqt ajratdilar.
Super intellekt insoniyatga taraqqiyot surʼatlarini tezlashtirishga yordam berishiga ishonchim komil. Ammo, ehtimol, undan ham muhimroq jihati shundaki, super intellekt shaxsiy imkoniyatlarning yangi davrini boshlab berish salohiyatiga ega bo‘lib, unda odamlar dunyoni o‘zlari istagan yo‘nalishda yaxshilash uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladilar.
Sunʼiy intellekt keltiradigan farovonlik qanchalik ulkan bo‘lmasin, hayotimizga yana-da muhimroq taʼsir ko‘rsatadigan narsa – bu har bir kishining maqsadlariga erishish, dunyoda ko‘rishni istagan narsalarni yaratish, har qanday sarguzashtni boshdan kechirish, yaqinlariga yaxshiroq do‘st bo‘lish va orzu qilgan insonga aylanishga yordam beradigan shaxsiy super intellektga ega bo‘lishidir.
Meta‘ning maqsadi har bir kishiga shaxsiy super intellektni taqdim etishdir. Biz bu kuchni odamlarning qo‘liga berib, uni o‘z hayotlarida qadrlaydigan narsalarga yo‘naltirishlariga ishonamiz.
Bu sohadagi boshqalardan farqli o‘laroq, ular super intellekt barcha qimmatli ishlarni markazlashgan holda avtomatlashtirishi va insoniyat uning mahsuloti hisobiga yashashi kerak deb hisoblaydi. Meta‘da esa biz odamlarning shaxsiy intilishlari orqali doimo farovonlik, fan, sog‘liq va madaniyatni rivojlantirib kelganimizga ishonamiz. Bu kelajakda ham tobora muhim ahamiyat kasb etadi.
Texnologiya va odamlar hayoti kesishmasi Meta‘ning eʼtibor markazida va bu kelajakda yana-da muhimroq bo‘ladi.
Agar tendensiyalar davom etsa, odamlar unumdorlik dasturlariga kamroq vaqt sarflab, ijod va aloqalar o‘rnatishga ko‘proq vaqt ajratishlarini kutish mumkin. Bizni chuqur biladigan, maqsadlarimizni tushunadigan va ularga erishishimizga yordam bera oladigan shaxsiy super intellekt eng foydali bo‘ladi. Ko‘zoynak kabi shaxsiy qurilmalar kontekstimizni tushunadi, chunki ular biz ko‘rayotgan narsalarni ko‘radi, eshitayotganlarimizni eshitadi va kun davomida biz bilan muloqot qiladi. Bu qurilmalar asosiy hisoblash vositalarimizga aylanadi.
Fikrimizcha, super intellektning afzalliklarini dunyoga imkon qadar kengroq yoyish kerak. Shu bilan birga, super intellekt yangi xavfsizlik muammolarini keltirib chiqaradi. Bu xavflarni kamaytirish borasida qatʼiy bo‘lishimiz va ochiq manba sifatida nimani tanlashimizda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Shunday bo‘lsa-da, erkin jamiyat qurish uchun odamlarga imkon qadar ko‘proq imkoniyat berishga intilishimiz kerak, deb hisoblaymiz.
Bu o‘n yillikning qolgan qismi, ehtimol, ushbu texnologiya qanday yo‘l tutishini va super intellekt shaxsiy imkoniyatlarni kengaytirish vositasi bo‘ladimi yoki jamiyatning katta qismini almashtirishga qaratilgan kuch bo‘ladimi, aniqlash uchun hal qiluvchi davr bo‘ladi.
Meta har bir kishiga kuch beradigan shaxsiy super intellektni yaratishga qatʼiy ishonadi. Bizda zarur bo‘lgan ulkan infratuzilmani qurish uchun resurslar va tajriba, mahsulotlarimiz orqali milliardlab odamlarga yangi texnologiyalarni yetkazib berish imkoniyati va irodasi mavjud. Men Metaʼning saʼy-harakatlarini ushbu kelajakni qurishga yo‘naltirishdan mamnunman.