Google DeepMind AlphaEarth Foundations nomli sunʼiy intellekt tizimini taqdim etdi. Bu Yerni sunʼiy yo‘ldosh orqali kuzatish texnologiyasi bo‘lib, global ekologik o‘zgarishlarni tez va yuqori aniqlik bilan tahlil qila oladi. Sunʼiy yo‘ldoshning terabaytlarda o‘lchanadigan maʼlumotlarini qayta ishlashga noyob yondashuv tufayli AlphaEarth 10×10 metr o‘lchamli batafsil xaritalarni avtomatik tarzda yaratadi. Bu esa anʼanaviy usullarga nisbatan xarajat va xatolarni kamaytiradi. Tizim allaqachon Amazoniya o‘rmonlarining kesilishini kuzatish uchun qo‘llanilmoqda.

AlphaEarth Yerni kuzatishdagi eng murakkab vazifalardan birini – ulkan hajmdagi tarqoq sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlarini qayta ishlashni hal qiladi. Har kuni sunʼiy yo‘ldoshlar terabaytlab maʼlumot qayd etadi, ammo bu maʼlumotlarni foydali va qaror qabul qilish uchun qulay xaritalarga aylantirish murakkab jarayon. Yangi yondashuv buni avtomatik ravishda va yuqori darajadagi batafsillik bilan amalga oshirish imkonini beradi.
AlphaEarth alohida sunʼiy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash o‘rniga, 10×10 metr kvadratlarda Yer yuzasining holatini aks ettiruvchi siqilgan raqamli xulosalar yaratadi. Bu xulosalar «joylashtirish maydonlari» deb ataladi.
Bunday yondashuv sezilarli darajada kam xarajatlar bilan yuqori aniqlikni taʼminlaydi: tizim boshqa sunʼiy intellekt yechimlariga nisbatan xotirada 16 baravar kam joy egallaydi va xatolar ehtimolini 24 foizga kamaytiradi.
AlphaEarth turli manbalardan olingan maʼlumotlardan foydalanadi: sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari, radar va lazer skanerlari, iqlim modellari. U vaqt davomidagi o‘zgarishlarni kuzatib borish va «uzluksiz vaqt» rejimida ishlashga qodir – hatto sunʼiy yo‘ldoshdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatuvlar bo‘lmagan kunlar uchun ham xaritalar tuzadi. Bunda Space Time Precision (STP) modelining arxitekturasi asosiy rol o‘ynaydi. U mahalliy maʼlumotlarning batafsil tahlilini katta masofalar va vaqt oralig‘idagi o‘zaro bog‘liqliklarni hisobga olish imkoniyati bilan birlashtiradi. Bunday yondashuv, ayniqsa, bulutli yoki to‘liq qamrab olinmagan hududlarda, masalan, sunʼiy yo‘ldosh monitoringining anʼanaviy usullari tez-tez muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan tropik mintaqalarda juda foydali.
Texnologiya, ayniqsa, zich yer usti kuzatuv tarmog‘i bo‘lmagan joylarda juda samarali. Kichik maʼlumotlar to‘plamini ham ekstrapolyatsiya qilish imkoniyati joyida qimmatbaho tadqiqotlarsiz aniq xaritalarni olish imkonini beradi.
AlphaEarth qishloq xo‘jaligi ekinlari turlarini aniqlash yoki evapotranspiratsiya (tuproqdan namlikning bug‘lanishi)ni hisoblash kabi vazifalarni bajara oladi, boshqa sunʼiy intellekt tizimlarining natijalari esa bu borada maqtanarli emas.
AlphaEarth allaqachon amaliyotda qo‘llanilmoqda. Braziliyada uning yordamida Amazoniya o‘rmonlarining kesilishi deyarli real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Global Ecosystem Atlas loyihasi butun dunyo bo‘ylab kam o‘rganilgan ekotizimlarni – qirg‘oqbo‘yi chakalakzorlaridan to cho‘llargacha xaritalash uchun bu tizimdan foydalanadi. Bu mamlakatlarga tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini aniqroq rejalashtirish va resurslarni boshqarishga yordam beradi. Umuman olganda, so‘nggi bir yil ichida 50 dan ortiq tashkilot ushbu yechimni sinovdan o‘tkazdi.
Tizim kuzatuv uchun mo‘ljallanmagan. 10 metrlik o‘lcham ekologik masalalar uchun yetarli, ammo yuzlarni yoki aniq inshootlarni tanib olish imkonini bermaydi. Tafsilot va maxfiylik o‘rtasidagi bunday muvozanat AlphaEarthni monitoring uchun ishonchli vositaga aylantiradi.
Yangi tizim allaqachon Google Earth Engine – olimlar, kompaniyalar va davlat tashkilotlari foydalanadigan platforma orqali mavjud. Suv toshqinlarini bashorat qilish va o‘rmon yong‘inlarini aniqlash kabi Googleʼning boshqa sunʼiy intellekt vositalari bilan birgalikda AlphaEarth sayyoraning universal raqamli modelini yaratish – Earth AI strategiyasining bir qismiga aylanmoqda.