ChatGPT dunyo bo‘ylab yuz millionlab insonlar foydalanadigan eng ommabop sunʼiy intellekt vositasiga aylandi. Ko‘pchilik undan nafaqat ish yoki o‘qish, balki shaxsiy sirlarini bo‘lishish uchun ham foydalanmoqda. Biroq «Der Spiegel» nashrining tahlili shuni ko‘rsatadiki, bu suhbatlarning maxfiyligiga to‘liq kafolat yo‘q.

 

Nashrning yozishicha, ayrim hollarda ChatGPT suhbatlari OpenAI xodimlari tomonidan sifat nazorati yoki xavfsizlik maqsadida ko‘rib chiqilishi, baʼzan esa huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilishi mumkin.

Bunga AQSHda yuz bergan voqea yorqin misol bo‘la oladi: 19 yoshli talaba ChatGPT‘ga avtoturargohda 17 ta mashinaga zarar yetkazganini «iqror bo‘lib», sodir etgan jinoyatining og‘irligi va qamoqqa tushish ehtimoli haqida so‘ragan. Ko‘p o‘tmay, aynan shu yozishmalar sud hujjatlarida paydo bo‘ldi, bu esa suhbat maʼlumotlari politsiyaga taqdim etilganini anglatadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, foydalanuvchilar ChatGPT bilan nafaqat ish masalalari, balki eng shaxsiy va nozik mavzularni — depressiya, sog‘liq muammolari va munosabatlarni ham muhokama qilishadi. OpenAI bosh direktori Sem Altman ham buni tan olib, «odamlar ChatGPT‘ga o‘z hayotidagi eng maxfiy narsalarni aytishadi» deb taʼkidlagan.

Ammo asosiy muammo shundaki, ChatGPT shifokor yoki advokat kabi qonuniy maxfiylik majburiyatiga ega emas. Shu sababli, foydalanuvchi maʼlumotlari sud yoki politsiyaning rasmiy so‘rovi asosida oshkor qilinishi mumkin.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, ChatGPT‘dagi yozishmalar insonning ruhiy holati, qiziqishlari va dunyoqarashi haqida brauzer yoki Google qidiruv tarixidan kam maʼlumot bermaydi. Agar akkaunt buzilsa yoki maʼlumotlar sizib chiqsa, bu shantaj, shaxsiy maʼlumotlarni suiisteʼmol qilish yoki boshqa maxfiy axborotlarning tarqalishiga olib kelishi mumkin.

Sem Altmanning o‘zi ChatGPT hisoblarini «internetdagi eng maxfiy akkauntlardan biri» deb atagan. Shunga qaramay, mutaxassislar bunday platformalarda eng nozik shaxsiy maʼlumotlarni bo‘lishishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan