Sunʼiy intellekt (SI), biznes va ommaviy axborot vositalari sohasining yetakchi vakillari inson aqlidan ustun bo‘lgan “superintellekt” yaratish poygasini sekinlashtirishga chaqirdi. Ularning taʼkidlashicha, bu jarayon insoniyatning iqtisodiy ahamiyatini yo‘qotishi, erkinligi cheklanishi va hatto yo‘q bo‘lib ketishi kabi jiddiy xavflarni keltirib chiqarmoqda.

850 dan ortiq jamoat arbobi va olimlar imzolagan ochiq xatda “superintellektni yaratish bo‘yicha musobaqani to‘xtatish” talab qilingan. Imzolovchilar orasida “sunʼiy intellektning cho‘qintirgan otalari”dan hisoblangan va Tyuring mukofoti (kompyuter fanlari bo‘yicha Nobel mukofoti analogi) sovrindorlari Jeffri Xinton va Yoshua Benjio ham bor. Ular safiga, shuningdek, Apple hammuassisi Stiv Voznyak va Virgin Group rahbari Richard Brenson ham qo‘shilgan.
Superintellekt – bu insonning bilish qobiliyatlaridan ustun turuvchi sunʼiy intellekt shaklidir. Mutaxassislar uning nazoratsiz rivojlanishi insoniyat uchun global xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Taniqli informatika mutaxassisi Alan Tyuring 1950-yillardayoq “mashinalar tabiiy ravishda nazoratni qo‘lga oladi” deya bashorat qilgan edi.
Maktub mualliflarining fikricha, superintellekt yaratish poygasi milliy xavfsizlik, iqtisodiyot va sog‘liqni saqlashda yangi imkoniyatlar ochishi mumkin bo‘lsa-da, uning xavflari ham o‘ta jiddiydir. Ular “bunday tizimlarni xavfsiz va nazorat ostida ishlab chiqish bo‘yicha keng ilmiy konsensusga erishilmaguncha hamda jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaguncha” bu boradagi ishlarni to‘xtatib turishni talab qilmoqda.
Ayni paytda, Meta kabi yirik texnologiya kompaniyalari “superintellekt” atamasini faol qo‘llab, o‘z modellariga qiziqish uyg‘otmoqda. Joriy yilda Meta o‘zining yirik til modellari bo‘limini Meta Superintelligence Labs deb nomlaganini eʼlon qilgan edi.
Qizig‘i, OpenAI rahbari Sem Altman va Microsoft AI rahbari Mustafo Sulaymon ushbu xatni imzolamagan. Vaholanki, Altman avvalroq “inson aqlidan ustun mashina intellekti insoniyat kelajagiga eng katta tahdid bo‘lishi mumkin” degan edi. Sulaymon ham “xavfsizligini aniq isbotlay olmasak, bunday intellektni yaratmasligimiz kerak” deya uning fikrini maʼqullagan.
Biroq, Altman superintellektdan farqli o‘laroq, umumiy sunʼiy intellekt (AGI) g‘oyasini ilgari surmoqda. AGI – inson bilish qobiliyatlariga teng yoki undan ustun, ammo superintellektdan avvalgi bosqichdagi tizimdir. Altmanning taʼkidlashicha, bunday intellekt inqiroz yoki hukmronlikka olib kelmasdan, insoniyatni yuksaltirishi mumkin.
Xatni imzolaganlar orasida nafaqat texnologlar, balki taniqli olimlar, diniy yetakchilar, jurnalistlar, jumladan, aktyor Stiven Fray va sobiq siyosiy strateg Stiv Bennon ham bor. Ularning barchasi sunʼiy intellekt rivoji shiddat bilan davom etar ekan, uning axloqiy va xavfsizlik chegaralarini belgilash vaqti kelganini taʼkidlamoqda.