ChatGPT kabi sunʼiy intellekt chat-botlaridan ko‘p foydalanish yolg‘izlik hissining ortishiga va boshqalar bilan muloqot qilish vaqtining qisqarishiga olib kelishi mumkin, deyiladi Bloomberg‘da eʼlon qilingan maqolada. Nashr o‘z navbatida OpenAI va Massachusets texnologiya instituti tadqiqotlariga asoslangan.

Image credit: gagadget.com

Tadqiqotlardan birida olimlar bir oy davomida ChatGPT bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan 1000 ga yaqin kishini kuzatishdi. Ishtirokchilarga tasodifiy ravishda kuniga kamida besh daqiqa foydalanish uchun chat-botning matnli versiyasi yoki uning ikkita ovozli variantidan biri taklif etildi. Baʼzilarga har qanday mavzuda ochiq suhbatlar o‘tkazish, boshqalarga esa sunʼiy intellekt bilan shaxsiy yoki shaxsiy bo‘lmagan suhbatlar o‘tkazish tavsiya qilindi.

Har kuni ko‘proq vaqtini matn terish yoki ChatGPT bilan ovozli muloqot qilishga sarflaganlar ko‘pincha chat-botga hissiy bog‘liqlikning yuqori darajasi, muammoli foydalanish, shuningdek, yolg‘izlik hissining kuchayishi haqida xabar berishdi.

Maʼlum bo‘lishicha, insoniy munosabatlarda hissiy bog‘lanishga moil bo‘lgan va chat-botga ko‘proq ishongan odamlar o‘zlarini yolg‘iz va hissiy jihatdan ChatGPT‘ga qaramlikni his qilish ehtimoli yuqori ekan. Shu bilan birga, tadqiqotchilar chat-bot ovozining jozibadorligi va salbiy oqibatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlay olishmadi.

Ikkinchi tadqiqotda olimlar dasturiy taʼminot yordamida uch million foydalanuvchining ChatGPT bilan suhbatlarini tahlil qilishdi, shuningdek, odamlarning chat-bot bilan o‘zaro munosabati haqida so‘rov o‘tkazishdi. Maʼlum bo‘lishicha, respondentlarning ozchilik qismi ChatGPT‘dan hissiy muloqot uchun foydalangan.

2022 yil oxirida ChatGPT‘ning taqdim etilishi generativ sunʼiy intellekt sohasida shov-shuvga sabab bo‘ldi. OpenAI kabi ishlab chiqaruvchilar inson muloqotini yaxshiroq taqlid qilish imkonini beruvchi ovozli funksiyalarga ega tobora murakkab modellarni yaratayotgani sababli, foydalanuvchilarning chat-botlar bilan parasotsial munosabatlar shakllantirish ehtimoli ortib bormoqda.

So‘nggi oylarda, ayniqsa yosh foydalanuvchilar va ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan odamlar orasida ushbu texnologiyaning ehtimoliy hissiy zararlari haqida yana xavotirlar paydo bo‘ldi. OpenAI yangi tadqiqotlarni odamlarning uning mashhur chatboti bilan o‘zaro munosabatini va bu ularga qanday taʼsir qilishini yaxshiroq tushunish usuli sifatida ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, bunday tadqiqotlar dastlabki bosqichda bo‘lib, chat-botlar yolg‘izlikning kuchayishiga qay darajada hissa qo‘shishi va ulardan foydalanish bunga moil bo‘lgan odamlarda hissiy qaramlikni qanchalik kuchaytirishi nomaʼlumligicha qolmoqda.

Tadqiqot hammuallifi va Massachusets texnologiya instituti aspiranti Keti Menying Fang natijalar chat-botdan faolroq foydalanish muqarrar ravishda salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida shoshilinch xulosalarga yetaklashidan xavotir bildirdi. Uning tushuntirishicha, tadqiqotda ChatGPT‘dan foydalanish vaqti asosiy omil sifatida nazorat qilinmagan, shuningdek, chat-botlardan foydalanmaydigan nazorat guruhi bilan taqqoslash o‘tkazilmagan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan