O‘tgan oyda Google olimlarga gipotezalar va tadqiqot rejalarini tuzishda yordam berish uchun yaratilgan “AI co-scientist” nomli dasturni eʼlon qildi. Kompaniya uni yangi bilimlarga ega bo‘lish usuli sifatida taqdim etdi, ammo mutaxassislar bu va shunga o‘xshash vositalar kutilgan natijalarni bermaydi deb hisoblamoqda.
“Bu dastlabki vosita qiziqarli bo‘lsa-da, jiddiy qo‘llanilishi ehtimoldan yiroq”, deydi Massachusets texnologiya instituti kompyuter nigohi bo‘yicha tadqiqotchisi Sara Biri TechCrunch nashriga bergan intervyusida.

Google sunʼiy intellekt kelajakda ilmiy tadqiqotlarni, ayniqsa, biotibbiyot kabi adabiyotlarga boy sohalarda sezilarli darajada tezlashtirishi g‘oyasini ilgari surayotgan so‘nggi texnologik gigantdir. Joriy yil boshida eʼlon qilingan maqolada OpenAI bosh direktori Sem Altman sunʼiy intellektning “o‘ta aqlli” vositalari “ilmiy kashfiyotlar va innovatsiyalarni sezilarli darajada tezlashtirishi” mumkinligini taʼkidlagan edi. Xuddi shunday, Anthropic bosh direktori Dario Amodey sunʼiy intellekt saratonning ko‘plab turlariga qarshi dori-darmonlarni ishlab chiqishda yordam berishi mumkinligini dadil bashorat qilmoqda.
Biroq, bugungi kunda ko‘plab tadqiqotchilar sunʼiy intellektni ilmiy jarayonni boshqarish uchun unchalik foydali deb hisoblamayapti. Ularning fikricha, Google AI co-scientist kabi ilovalar empirik maʼlumotlar bilan asoslanmagan oddiy reklamadan boshqa narsa emas.
Masalan, Google o‘z blogida ushbu vosita allaqachon suyak ko‘migiga taʼsir qiluvchi qon saratonining bir turi bo‘lgan o‘tkir miyeloid leykemiyani davolash uchun dori-darmonlarni qayta yo‘naltirish kabi sohalarda o‘z salohiyatini namoyish etganini taʼkidladi. Biroq, natijalar shunchalik noaniqki, “birorta obro‘li olim ularni jiddiy qabul qilmagan bo‘lardi”, deydi Arizona shtatining Tucson shahridagi Shimoli-g‘arbiy tibbiyot markazi patologi Favia Dubik.
Umuman olganda, ilmiy hamjamiyat Google‘ni natijalarni takrorlash imkoniyatini taqdim etmasdan, sunʼiy intellekt sohasidagi taxminiy yutuqni eʼlon qilgani uchun birinchi marta tanqid qilayotgani yo‘q.
2020 yilda Google sut bezi o‘smalarini aniqlashga o‘rgatilgan sunʼiy intellekt tizimlaridan biri radiolog mutaxassislarga qaraganda yaxshiroq natijalarga erishganini eʼlon qildi. Garvard va Stenford tadqiqotchilari Nature jurnalida raddiya eʼlon qilib, Google tadqiqotlarida batafsil usullar va kodlarning yo‘qligi “ularning ilmiy qiymatiga putur yetkazishini” taʼkidlashdi.
Olimlar, shuningdek, Google‘ni materialshunoslik kabi ilmiy fanlarga mo‘ljallangan sunʼiy intellekt vositalarining cheklovlarini yashirgani uchun tanqid qilishdi. 2023 yilda kompaniya o‘zining GNoME deb nomlangan sunʼiy intellekt tizimi yordamida 40 ga yaqin “yangi material” sintez qilinganini maʼlum qildi. Biroq, mustaqil tahlil shuni ko‘rsatdiki, bu materiallarning birortasi ham mutlaqo yangi emas.
“Google‘ning “AI co-scientist” kabi vositalarining kuchli va zaif tomonlarini turli fanlar bo‘yicha chuqur mustaqil baholashdan o‘tkazmagunimizcha to‘liq tushuna olmaymiz”, deydi Rochester texnologiya instituti dasturiy taʼminotni ishlab chiqish kafedrasi dotsenti Ashik Kudabuxsh. “Sunʼiy intellekt ko‘pincha nazorat qilinadigan muhitlarda yaxshi ishlaydi, ammo keng miqyosda qo‘llanilganda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin”.
Ilmiy tadqiqotlar uchun sunʼiy intellekt vositalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq muammolardan biri bu son-sanoqsiz buzuvchi omillarni oldindan ko‘ra bilishdir. Sunʼiy intellekt keng ko‘lamli tadqiqotlar talab qilinadigan sohalarda, masalan, mumkin bo‘lgan variantlarning ulkan ro‘yxatini qisqartirishda qo‘l kelishi mumkin. Ammo sunʼiy intellekt ilmiy yutuqlarga olib keladigan muammolarni nostandart tarzda hal qila oladimi yoki yo‘qmi, aniq emas.
“Tarix davomida biz mRNK vaksinalarini ishlab chiqish kabi eng muhim ilmiy yutuqlarning baʼzilari insonning intuitsiyasi va skeptitsizmga qarshi qatʼiyati tufayli yuzaga kelganini ko‘rdik”, dedi Kudabuxsh. “Sunʼiy intellekt hozirgi ko‘rinishida buni takrorlay olmasligi mumkin”.
Yaponiyadagi Sony kompyuter fanlari laboratoriyasining sunʼiy intellekt tadqiqotchisi Lana Sinapayenning fikricha, Google‘ning “AI co-scientist” kabi vositalari ilmiy faoliyatni noto‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan.
“Ko‘plab olimlar uchun, shu jumladan men uchun ham, gipotezalarni yaratish ishning eng qiziqarli qismidir”, dedi Sinapayen TechCrunch nashriga bergan intervyusida. “Nima uchun men o‘zim faqat og‘ir ish bilan shug‘ullanishim uchun sevimli mashg‘ulotimni kompyuterga topshirishim kerak? Umuman olganda, ko‘plab generativ sunʼiy intellekt tadqiqotchilari odamlar nima uchun nimanidir qilayotganini tushunmayotganga o‘xshaydi va natijada biz ishning aynan bizga quvonch keltiradigan qismini avtomatlashtiradigan mahsulotlar bo‘yicha takliflarni olamiz”.
Sunʼiy intellekt bilan bog‘liq texnik kamchiliklar va xavflar, masalan, uning xayoliy maʼlumotlar yaratishga moyilligi ham olimlarni jiddiy ishlarda undan foydalanishga ehtiyotkorlik bilan yondashishga majbur qilmoqda.
Kudabuxsh sunʼiy intellekt vositalari taraqqiyotga hissa qo‘shish o‘rniga ilmiy adabiyotlarda shunchaki shovqin ko‘tarishi mumkinligidan xavotirda.
Bu allaqachon jiddiy muammoga aylanmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot shuni aniqladiki, Google‘ning ilmiy adabiyotlarni bepul qidirish tizimi bo‘lgan Google Scholar‘da sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan ko‘plab “ilmiy safsatalar” paydo bo‘lgan.
Sinapayen aytishicha, hatto puxta rejalashtirilgan tadqiqotlar ham sunʼiy intellektning noto‘g‘ri ishlashi tufayli buzilishi mumkin. Adabiyotlarni ko‘rib chiqish va tahlil qilishda yordam beradigan vosita g‘oyasi unga maʼqul bo‘lsa-da, Sinapayen hozirda bu ishni bajarishda sunʼiy intellektga ishonmasligini taʼkidladi.
“Ishlab chiquvchilarning aytishicha, turli mavjud vositalar buni qila oladi, lekin men bu vazifalarni hozirgi sunʼiy intellektga topshirmagan bo‘lardim”, deydi Sinapayen. U ko‘plab sunʼiy intellekt tizimlari qanday o‘rgatilayotgani va ular sarflaydigan energiya miqdoriga qo‘shilmasligini ham qo‘shimcha qildi. “Hatto barcha axloqiy muammolar hal etilgan taqdirda ham, hozirgi sunʼiy intellekt mening ishimda uning natijalariga tayanishim uchun yetarlicha darajada ishonchli emas”, deya xulosa qilmoqda Sinapayen.