OpenAI bosh direktori Sem Altmanning fikricha, hozirda dasturlashni o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun sunʼiy intellektga asoslangan vositalarni o‘zlashtirish asosiy vazifaga aylangan. Yaqinda bergan intervyusida esa u kodni yozishga yordam beradigan sunʼiy intellekt algoritmlari allaqachon yirik kompaniyalarda qo‘llanilayotganini taʼkidlagan edi.

Amerikalik tahlilchi Ben Tomson bilan suhbat chog‘ida OpenAI rahbari maktabni tugatgan paytida yaxshi kod yozishni o‘rganish eng muhim vazifa bo‘lganini aytdi. Hozirda esa, Altmanning fikriga ko‘ra, “eng muhim vazifa sunʼiy intellekt vositalaridan haqiqatan ham samarali foydalanishni o‘rganishdir”.
Bu fikrni yetakchi texnologik kompaniyalarning ko‘plab rahbarlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda va sunʼiy intellektning dasturiy kod yozishda tobora takomillashib borayotganini taʼkidlamoqda. Shu oyda Anthropic bosh direktori Dario Amodei bir yil ichida sunʼiy intellekt dasturchilar uchun barcha kodni yozishni boshlashini aytdi. Meta bosh direktori Mark Sukerberg ham yil boshida o‘z kompaniyasi “ilovalaridagi kodning katta qismini” yoza oladigan yangi sunʼiy intellekt algoritmi ustida ishlayotganini maʼlum qilgan edi.
Altmanning fikricha, sunʼiy intellektga asoslangan vositalarni o‘zlashtirish dasturlashni o‘rganishning “yangi shakli”dir. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda kod yozish ishlarining kamida yarmi avtomatlashtirilgan. “Menimcha, ko‘plab kompaniyalarda bu jarayon allaqachon 50 foizdan oshgan. O‘ylaymanki, hozircha hech kim jiddiy shug‘ullanmayotgan agent kodlashi katta ahamiyatga ega bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Altman.
Dasturchilarni ishga olish rejalari haqidagi savolga Altman hozirda ish yetarli ekanligini aytdi. Shu bilan birga, u uzoq muddatli istiqbolda aynan hozir yaratilayotgan sunʼiy intellekt mehnat bozorining qisqarishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. “Mening taxminimcha, har bir dasturiy taʼminot muhandisi maʼlum vaqt davomida ish bilan band bo‘ladi. Keyin esa, qaysidir nuqtada, ehtimol, bizga haqiqatan ham kamroq dasturchilar kerak bo‘ladi”, deb hisoblaydi Altman.