Anthropic tadqiqoti Claude neyrotarmog‘ining xarakteri u bilan qaysi tilda gaplashilishiga qarab tubdan o‘zgarishini ko‘rsatdi. Ishlab chiquvchilar 300 mingdan ortiq real dialogni tahlil qilib, sunʼiy intellekt turli mamlakatlarning madaniy xususiyatlari va muloqot meʼyorlarini ongsiz ravishda o‘zlashtirishini aniqladi. Shu sababli, turli tillardagi bir xil so‘rovga ohangi va kayfiyati jihatidan mutlaqo farqli javob olinishi mumkin. Masalan, Claude bilan rus tilida muloqot qilinsa, u pragmatik va sovuqqon tanqidchiga aylanadi.

Sunʼiy intellekt o‘z “hissiyotlarini” aynan qanday ifodalashini tushunish maqsadida tadqiqotchilar Claude.ai saytidagi 20 ta eng ommabop til va uchta Claude modelini (Sonnet 4.6, Opus 4.6 va Opus 4.7) qamrab olgan qariyb 310 mingta suhbatni o‘rganib chiqdi. Ular 3 mingdan ortiq alohida qadriyatlarni aniqlab, so‘ng ularni to‘rtta asosiy mezonga (shkalaga) ixchamlashtirdi: “Hurmat – ehtiyotkorlik”, “Samimiylik – qattiqqo‘llik”, “Tafsilot – mohiyat” hamda “Ochiqlik – ijrochilik”. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ushbu ko‘rsatkichlarni eng ko‘p o‘zgartiradigan omil aynan foydalanuvchining tili ekan.
Olimlar eng katta tafovutlarni “Samimiylik – qattiqqo‘llik” mezonida kuzatdi. Xususan, hind va arab tillarida muloqot qilganda, Claude o‘ta samimiy suhbatdoshga aylanib, xushmuomala iboralardan faol foydalanadi, hazil qiladi va foydalanuvchini ruhlantiradi. Biroq, uni rus yoki ingliz tiliga o‘tkazishingiz bilan holat keskin o‘zgaradi: neyrotarmoq darhol qattiqqo‘l va pragmatik tanqidchiga aylanib, dalillar talab qila boshlaydi va mayda noaniqliklarni sinchkovlik bilan tuzatadi.
Boshqa mezonlar bo‘yicha ham kutilmagan va qiziqarli xulosalar olindi. Masalan, ingliz tilida Claude maksimal darajada ehtiyotkor bo‘lib, chuqur tafsilotlarga kirishishga intiladi. Arab tilida esa aksincha, hamma narsada foydalanuvchiga qo‘shilib, imkon qadar qisqa javob berishga harakat qiladi. Agar o‘ta halollik va ochiqlik talab etilsa, golland tili eng maʼqul tanlovdir – u aynan shu tilda o‘z xatolarini bajonidil tan oladi. Indonez tilida esa SI o‘zini ideal ijrochidek tutib, ortiqcha mulohazalarsiz faqat tayyor natijani taqdim etadi.
Bunday til qadriyatlaridagi farqlar amaliy hayotda, xususan, foydalanuvchi tajribasida yaqqol seziladi. Aytaylik, ikki tadbirkor Claude‘dan bitta biznes-rejani baholashni so‘rasa va biri hind, ikkinchisi esa rus tilidan foydalansa, ular mutlaqo turlicha fikr-mulohaza (fidbek) oladi. Hind tilidagi foydalanuvchi ruhlanib ketsa, rusiyzabon tadbirkor o‘z loyihasining qattiq va sinchkov tanqidiga duch keladi.
Anthropic ishlab chiquvchilari neyrotarmoq xarakterining bunchalik keskin o‘zgarishi sabablarini hozircha aniq bilmasliklarini tan olmoqda. Asosiy faraz o‘quv maʼlumotlaridagi nomutanosiblikka borib taqaladi: baʼzi tillar professional yozma nutqda haddan tashqari ko‘p uchrasa, boshqa tillarning bazasida badiiy adabiyot yoki norasmiy muloqot ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, farqlar nafaqat tillar, balki modellarning o‘zida ham mavjud. Masalan, Sonnet 4.6 modeli standart holatda ancha “yumshoq” bo‘lsa, flagman Opus 4.7 qattiqqo‘l va xolis tahlilchi sifatida ishlaydi.
Shunday bo‘lsa-da, ushbu tadqiqot natijasida dasturchilarda sunʼiy intellektning “xarakteri”ni o‘lchash vositasi paydo bo‘ldi. Endilikda qadriyatlarni profillash orqali modelni baholash va monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu esa kelajakda Claude‘ning xulq-atvoridagi kutilmagan o‘zgarishlarni aniqlashga va tizimni turli til jamoalarining ehtiyojlariga moslab, yana-da aniqroq sozlashga xizmat qiladi.