Machine Intelligence Research Institute notijorat tashkiloti rahbari, Google va Microsoft kompaniyalarining sobiq muhandisi Neyt Soaresning bildirishicha, sunʼiy intellekt rivojlanishi tufayli insoniyatning halok bo‘lish ehtimoli «kamida 95 foiz» ekan.

Image credit: root-nation.com

“Siz aqlli kompyuterlarni ular nima qilayotgani haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmasdan yaratishingiz mumkin. Siz ulkan hajmdagi hisoblash quvvatini olib, uni haqiqatan ham ulkan hajmdagi maʼlumotlarga shunday tashlaysizki, bu qandaydir tarzda kompyuterlarni o‘zgartiradi. Bu narsalarning ichida nima bo‘layotganini hech kim bilmaydi”, deydi Neyt Soares.

Xavfsiz sunʼiy intellekt yaratish va texnologik jarayonning potensial xavflarini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Soares hozirgi vaziyatni jarlikka qarab katta tezlikda ketayotgan mashinaga o‘xshatdi.

“Men mashinani to‘xtata olmaymiz demoqchi emasman, lekin biz shunchaki to‘liq quvvat bilan jarlikka qarab uchib ketyapmiz”, dedi u.

The Times nashrining yozishicha, sunʼiy intellekt rivojlanishning boshlang‘ich bosqichida bo‘lib, uni tor yoki zaif sunʼiy intellekt deb taʼriflash mumkin. Biroq, maqolada aytilishicha, baʼzi ekspertlar fikriga ko‘ra u keyingi 12 oy ichida umumiy yoki kuchli sunʼiy intellektga aylanishi mumkin, bu esa unga inson kabi fikrlash imkonini beradi. Muayyan vaqtda uning o‘rnini sunʼiy superintellekt egallashi mumkin, shunda kompyuterlar saraton kasalligini davolash yoki galaktikalararo parvozlar kabi insoniyat faqat orzu qilishi mumkin bo‘lgan vazifalarni hal qila oladi. Bunday ssenariyda sunʼiy intellekt insoniyatni o‘ziga xalaqit berayotgan to‘siq sifatida qabul qilishi ehtimoli yo‘q emas.

The Times aniqlik kiritishicha, Soaresning ssenariysi juda salbiy hisoblanadi. Masalan, PauseAI harakati ijrochi direktori Xolli Elmor insoniyatning sunʼiy intellekt tufayli halok bo‘lish ehtimolini, yaʼni “P(doom)”ni 15-20 foiz, amerikalik milliarder Ilon Mask ham 20 foiz, Google korporatsiyasi bosh direktori Sundar Pichai esa 10 foiz deb hisoblaydi. Nashrning taʼkidlashicha, bunday bashoratlar optimistik deb baholanmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan