Isroilning Rafael mudofaa kompaniyasi dunyoda birinchi marta yuqori energiyali lazerning jangda muvaffaqiyatli qo‘llanilganini eʼlon qildi. Taxminlarga ko‘ra, gap o‘ta kichik radiusli raketalarni tutib olish va yo‘q qilish uchun yaratilgan «Temir nur» raketaga qarshi mudofaa tizimi haqida bormoqda. Yo‘naltirilgan taʼsirli energiya quroli ilk bor real sharoitlarda 2024 yilda Yaqin Sharqdagi mojaroda ishlatilgan.

Harbiy harakatlarda lazerlardan foydalanish tarixi 1960 yillardan boshlangan – Vetnam urushi paytida lazerlar nishon ko‘rsatkich va masofa o‘lchagich sifatida qo‘llanilgan. 1982 yildagi Folklend urushida ular yordamida raqib vaqtincha chalg‘itilgan. Biroq, haqiqiy jangda obyektlarni ishdan chiqarish uchun lazer quroli ishlatilmagan. Shu paytgacha faqat dala sinovlari o‘tkazilgan.
Ammo, bu ertami-kechmi sodir bo‘lishi muqarrar edi va hozirgi harbiy mojarolar mudofaa kompaniyalariga o‘z ishlanmalarining samaradorligini amalda ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat yaratmoqda. Kecha Rafael Advanced Defense Systems X tarmog‘ida kompaniyaning lazer tizimi jang sinovidan o‘tgani, turli masofalardagi nishonlarni tutib olishda yuqori aniqlik va samaradorlik ko‘rsatgani haqida xabar berdi:
«Tarixda birinchi marta yuqori energiyali lazer tizimlari jangda havo nishonlarini tutib olish uchun qo‘llanildi. Bu misli ko‘rilmagan yutuq «Temir qilichlar jangi» paytida ro‘y berdi.»
Bu qayerda va qachon sodir bo‘lgani kompaniya tomonidan maʼlum qilinmagan. Biroq Isroil Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, voqea 2024 yilda yuz bergan. O‘shanda lazer tizimlari shia “Hizbulloh” tashkiloti aʼzolari tomonidan uchirilgan o‘nlab dron va raketalarni yo‘q qilishga erishgan. Ushbu tizimlarni ishlab chiqish Mudofaa vazirligi rahbarligida Rafael konserni mutaxassislarini jalb etgan holda amalga oshirilgan.
Gap Rafael lazer tizimining tajriba namunalari haqida ketmoqda, ular asosida yana-da kuchliroq «Temir nur», Isroil ustidagi «Temir gumbaz»ni kuchaytirishi kerak bo‘lgan raketaga qarshi mudofaa majmuasi yaratilgan. Uning quvvati 100 kVt, taʼsir masofasi 10 km. U har qanday ob-havo sharoitida ishlashga qodir va mavjud havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan uyg‘unlashgan. Bu uni ham harbiy obyektlarni, ham fuqarolik infratuzilmasini himoya qilishning universal vositasiga aylantiradi.
Rafael «Temir nur»ni yana-da takomillashtirishni, uning kuchini oshirishni va tutib olinadigan nishonlar doirasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, majmuani boshqa davlatlarga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Lazer quroliga ega davlatlar safiga yaqinda Hindiston ham qo‘shildi. Aprel oyida hindistonlik muhandislar tomonidan ishlab chiqilgan energetika qurollari mahalliy korxonalarda sinovdan o‘tkazildi.