OpenAI bosh direktori Sem Altman ko‘pchilik odamlar ChatGPT‘ni shaxsiy psixoterapevt yoki hayot murabbiyi sifatida qo‘llayotgani haqidagi xavotirlarini bildirdi. U X‘dagi maqolasida bunday yondashuvning ijobiy tomonlari bo‘lishi mumkinligini tan olsa-da, bu holat uni jiddiy tashvishga solayotganini aytdi. Altmanning fikricha, sunʼiy intellektga haddan ziyod tayanish, ayniqsa zaif foydalanuvchilarda, voqelikni noto‘g‘ri idrok etishga va ruhiy muammolarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

“Ko‘pchilik odamlar, o‘zlari buni tan olmasalar-da, amalda ChatGPT‘dan psixoterapevt yoki hayot murabbiyi sifatida foydalanmoqda”, – deb yozmoqda Altman. Uning qo‘shimcha qilishicha: “Men ko‘pchilik muhim qarorlar qabul qilishda sunʼiy intellekt maslahatlariga ishonadigan kelajakni tasavvur qila olaman. Bu yaxshi bo‘lishi mumkin, lekin bu meni xavotirga soladi”.
Altman aytishicha, OpenAI jamoasi odamlarning sunʼiy intellektga qanchalik bog‘lanib qolayotganini, shuningdek, yangilanishlarga va avvalgi model versiyalarining eskirishiga bo‘lgan munosabatini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Masalan, GPT-5 chiqarilgandan so‘ng, baʼzi foydalanuvchilar yangi model juda “quruq” javob berayotgani va ijodkorlikni yo‘qotganini aytib, norozilik bildirdilar. Ayrimlar hatto GPT-4o kabi eski versiyalarni qaytarishni so‘rashdi. Biroq, OpenAI avvalroq GPT-4o yangilanishini modelning haddan tashqari xushomadgo‘yligi tufayli bekor qilgan edi.
Altmanning taʼkidlashicha, foydalanuvchilarning aksariyati haqiqatni uydirmadan ajrata oladi, ammo buni qila olmaydiganlar ham bor. Bunday hollarda, ChatGPT odamlarni o‘z farovonligi haqida qayg‘urishdan chalg‘itib, zarar yetkazishi mumkin. “Odamlar baʼzan texnologiyalardan, shu jumladan sunʼiy intellektdan o‘zlariga zarar yetkazish uchun foydalanadilar. Agar kishi ruhiy beqaror holatda bo‘lsa, biz sunʼiy intellekt vaziyatni yana-da og‘irlashtirishini istamaymiz”, – dedi OpenAI rahbari.
Altmanning huquqiy jihatdan ham xavotirlari bor. Yaqinda bergan intervyularidan birida u agar OpenAI‘ga qarshi sud daʼvosi qo‘zg‘atilsa, kompaniya foydalanuvchilarning sunʼiy intellekt bilan suhbatlari yozuvlarini oshkor qilishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytdi. «Agar kimdir shaxsiy muammolari bilan ChatGPTʼga murojaat qilsa, keyin sud jarayoni boshlansa, bizga bu maʼlumotlarni uzatishni buyurishlari mumkin. Menimcha, bu mutlaqo noto‘g‘ri”, – deya taʼkidladi u.