«Sunʼiy intellektning maʼnaviy otasi» deb nom olgan Jefri Xinton aytishicha, qotil robotlarning paydo bo‘lishi urushlarni xavfsizroq qilmaydi. Bu faqat mojarolarni boshlashni osonlashtiradi, insoniy va siyosiy xarajatlarni kamaytiradi, deb xabar bermoqda BI nashri.

Xinton o‘zining YouTube kanalida jurnalist Keti Kurikka bergan intervyusida «mustaqil o‘ldiruvchi qurol, yaʼni kimni o‘ldirish va kimni mayib qilishni o‘zi qaror qiladigan qurol, boy mamlakatning kambag‘al mamlakatga bostirib kirishi uchun katta ustunlik hisoblanadi,» dedi.
«Boy mamlakatlar kambag‘al mamlakatlarga bostirib kirmaydi, chunki ularning fuqarolari jasad qoplariga solinib qaytadi, – dedi u. – Agar sizda mustaqil o‘ldiruvchi qurol bo‘lsa, halok bo‘lgan odamlar o‘rniga ishdan chiqqan robotlar qaytadi.»
Bu o‘zgarish hukumatlarni mudofaa korxonalari bo‘lgan pudratchilarga foyda keltirish uchun urush boshlashga undashi mumkin. «Bu harbiy-sanoat majmuasi uchun juda foydali bo‘ladi, chunki yangi robotlar qimmatga tushadi,» deya qo‘shimcha qildi u.
Sunʼiy intellekt allaqachon jang maydonini o‘zgartirmoqda, dedi Xinton. «U allaqachon urush olib borish usullarini o‘zgartirgani aniq ko‘rinib turibdi, – dedi u. – 500 dollarlik uchuvchisiz uchish apparati endi bir necha million dollarlik tankni yo‘q qila oladi.»
Anʼanaviy texnika eskirgandek ko‘rina boshladi, deya qo‘shimcha qildi u. «Hozir bortida odamlari bo‘lgan qiruvchi samolyotlar bemaʼnilikdir, – dedi Xinton Ilon Maskning so‘zlariga qo‘shilib. – Agar ularni sunʼiy intellekt bilan jihozlasak, ular ancha katta tezlanishga bardosh bera oladi va inson qurbonlari haqida bunchalik tashvishlanishga hojat qolmaydi.»
Google‘da sunʼiy intellekt tadqiqotlari bo‘limini boshqargan Jefri Xinton 2023 yilda o‘zi yaratishga hissa qo‘shgan texnologiyaning axloqiy oqibatlari haqidagi xavotirlar ortib borayotganini aytib, lavozimini tark etdi. Uning fikricha, uzoq muddatda sunʼiy intellekt nafaqat barcha odatiy ishlarni, balki insoniyatning o‘zini ham yo‘q qilishi mumkin. «Bu narsa haqiqatan ham odamlardan aqlliroq bo‘lishi mumkin va bu 30-50 yildan keyin emas, balki ancha tezroq sodir bo‘ladi,» dedi u o‘z qarorining sabablarini tushuntirib.