2025 yilning ikkinchi choragi jahon mikrochip ishlab chiqarish sanoati uchun rekord natijalarni qayd etdi. TrendForce maʼlumotlariga ko‘ra, shartnomali yarimo‘tkazgich zavodlarining umumiy daromadi 41,7 milliard dollarga yetib, o‘tgan chorakka nisbatan 14,6 foizga o‘sdi.

TSMC – tarixiy rekord bilan birinchi o‘rinda
Tayvanning TSMC kompaniyasi yana bir bor sohada mutlaq yetakchi ekanini namoyish qildi. Kompaniyaning choraklik daromadi 30,24 milliard dollarga yetib, 18,5 foizga o‘sdi. Uning bozordagi ulushi esa 70,2 foizga yetdi – bu tarixiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ushbu o‘sish asosan quyidagilar hisobiga taʼminlandi:
- yangi avlod smartfonlari uchun protsessorlar;
- sunʼiy intellektga ixtisoslashgan grafik chiplar;
- noutbuk va shaxsiy kompyuterlar uchun mikrosxemalar.
TSMC dunyodagi Apple, Nvidia va AMD kabi yirik kompaniyalar uchun strategik yetkazib beruvchi sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamlamoqda.
Samsung Foundry – katta tafovut bilan ikkinchi o‘rinda
Janubiy Koreyalik Samsung Foundry 3,16 milliard dollarlik daromad qayd etib (+9,2%), bozor ulushini 7,3 foizga yetkazdi. Kompaniya smartfonlar va Nintendo Switch 2 kabi o‘yin konsoli uchun chiplar ishlab chiqarish hisobiga o‘sishga erishdi. Biroq TSMC bilan farq hanuz katta — deyarli o‘n baravar.
Xitoyning SMIC – kuchli uchlikda
Xitoylik SMIC kompaniyasi 2,21 milliard dollarlik tushum va 5,1 foiz ulush bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Davlat subsidiyalari va mahalliylashtirish dasturlariga qaramasdan, ilg‘or texnologiyalarda ishlab chiqarishdagi muammolar kompaniyaning o‘sishini cheklab turibdi.
Qolgan ishtirokchilar
- UMC (Tayvan) – 1,9 mlrd dollar (+8,2%), bozor ulushi 4,4%.
- GlobalFoundries (AQSH) – 1,69 mlrd dollar (+6,5%), bozor ulushi 3,9%.
- HHGrace (Xitoy) – 1,06 mlrd dollar (+5%), bozor ulushi 2,5%.
- Vanguard, Tower, Nexchip va PSMC ham barqaror o‘sish qayd etdi.
Yaqin istiqbol
Tadqiqotchilar uchinchi chorakda ham talabning o‘sishi kutilmoqda. Yangi smartfonlar va noutbuklar chiqishi bilan buyurtmalar ko‘payadi, ilg‘or texnologik jarayonlar esa bozorda ustunligini saqlab qoladi. Biroq o‘sish surʼati ikkinchi chorakdagidan pastroq bo‘lishi mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, TSMC shartnomali chip ishlab chiqarish bozorida mutlaq ustunlikka ega bo‘lib, raqobatchilarini ancha orqada qoldirmoqda. Bu tendensiya yaqin yillarda butun global texnologiya bozoridagi kuchlar muvozanatiga taʼsir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.