Insoniyat tarixi – azaldan muttasil bilim jamg‘arish jarayonidan iborat bo‘lgan. Ming yilliklar davomida yaratilgan har bir kitob, ilmiy risola, fotosurat, so‘zlashuv bayoni yoki videotasvir ortida inson aql-zakovati va mehnati turardi. Bosma uskunalar, kameralar va hatto Internet ixtiro qilingandan keyin ham, bilimning asosiy yaratuvchisi – bu, shubhasiz, Inson edi.

Ammo sun’iy intellekt (SI) ushbu azaliy tartibni o‘zgartirib yubordi. Dastavval bu jarayon deyarli sezilmas kechdi: avtomatik yaratilgan sarlavhalar, sport o‘yinlarining qisqacha sharhlari va oddiy xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo bugunga kelib vaziyat tubdan o‘zgardi. Ulkan til modellari (LLM), tasvir generatorlari va dasturiy kod yozuvchi yordamchilar har kuni petabaytlab yangi ma’lumotlarni ishlab chiqarmoqda. Sekin, ammo ortga qaytmas jarayon boshlandi: ertangi kun ma’lumotlar ummonining asosiy muallifi endi inson emas, balki mashinaning o‘zi bo‘lishi kutilmoqda.
Bu shunchaki miqdor masalasi emas, bu – bilimning genezisi (kelib chiqish manbasi) masalasidir. Kelajakdagi har bir yangi model ikki xil ma’lumotlar oqimi asosida o‘qitiladi: insoniyat sivilizatsiyasining «meros fondi» va avvalgi avlod SI tomonidan yaratilgan, doimiy o‘sib boruvchi sun’iy baza. Ikkinchisi kengaygan sari, insoniy ulush nisbatan kamayib boradi. SI ning “intellektual ozuqasi” tabiiy (insoniy) manbadan asosan sun’iy (sintetik) manbaga ko‘chadi. Biz hozirda o‘ziga xos “teskari piramida” qurilishiga guvoh bo‘lmoqdamiz: uning insoniy poydevori mashinalar tomonidan yaratilayotgan ulkan, muttasil kengayib boruvchi bilimlar tuzilmasini qanday qilib ko‘tarib turishi – katta so‘roq ostida.
Raqamlar so‘zlaganda
Aniq o‘lchovlarni amalga oshirish mushkul, chunki SI yaratgan kontentning aksariyati maxsus belgilanmaydi. Shunga qaramay, taxminiy ko‘lamni tasavvur qilish mumkin:
- 2022–2023-yillar: Ochiq internetdagi yangi matnlarning taxminan 1–2 foizi SI tomonidan yaratilgan deb baholangan edi.
- 2024-yil oxiri: Ayrim platformalarning hisobotlariga ko‘ra, ma’lum toifalardagi (mahsulot sharhlari, forumdagi javoblar, qisqa yangiliklar) yangi kontentning 10–20 foizi to‘liq yoki qisman sintetik ekani qayd etilgan.
- Multimedia: Midjourney, DALL·E, Stable Diffusion kabi tasvir generatorlari hamda Sora va Runway kabi video modellar har oy milliardlab yangi media birliklarni ishlab chiqarmoqda. Bu ko‘rsatkich ko‘plab xosting maydonlariga insonlar tomonidan yuklanayotgan hajmdan ancha yuqoridir.
- Dasturiy kod: GitHub tahlillariga ko‘ra, 2025-yilda platformaga qo‘shiladigan yangi kod satrlarining 15–25 foizi Copilot va u kabilar hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Agar hozirgi eksponensial tendensiyalar (shiddatli o‘sish) saqlanib qolsa, raqamli kontentning 50 foizdan ortig‘i mashina muallifligiga o‘tadigan “burilish nuqtasi” (tipping point) 2030-yilgacha yetib kelishi mumkin. Bu chegara kesib o‘tilgach, kumulyativ effekt keskin kuchayadi: sintetik ma’lumotlar asosida o‘qitilgan har bir yangi model yanada samaraliroq “muallif”ga aylanib, jarayonni yanada tezlashtiradi.
Kelajakning uch ssenariysi
- Mo‘tadil plato (“Barqarorlik”)
Inson yaratgan ma’lumotlar hajmi o‘sishda davom etadi, garchi sintetik ma’lumotlarga qaraganda sekinroq bo‘lsa ham. Insoniy ulush qisqaradi, lekin taxminan 5-15 foiz atrofida barqarorlashadi. Bu xuddi Islom dini ta’limoti masalasida arab tili, G‘arb huquq tizimi va tibbiyot fanlarida lotin tilining fundamental poydevor (substrat) bo‘lib qolayotganiga o‘xshaydi. Modellar doimo yuqori sifatli va xilma-xil insoniy manbalarga tayangan holda “reallikdan uzilmay” turadi.
- Model tanazzuli (Intellektual “inbriding” halokati)
Agar insoniy signal (“human signal”) o‘ta kamayib ketsa, keyingi avlod modellari o‘zlaridan oldingi sintetik ajdodlari yo‘l qo‘ygan nozik xatolar, uslubiy g‘alizliklar va mantiqiy siljishlarni ko‘r-ko‘rona ko‘chira boshlaydi. Fikr xilma-xilligi yo‘qoladi. Bugungi kunda kichik miqyosdagi tajribalarda buning ilk belgilari ko‘rinmoqda: faqat o‘zi generatsiya qilgan materiallar asosida qayta o‘qitilgan modellar “model kollapsi”ga uchraydi – ularning intellektual salohiyati avval to‘xtaydi, so‘ngra degradatsiyaga uchraydi (xuddi juda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh oqibati kabi). Agar global veb-baza 90–99 foiz sintetik materialga aylansa, bu xavf sivilizatsiya miqyosidagi muammoga aylanadi.
- Gibrid hamkorlik (o‘zaro boyitish)
Inson va mashina bir-birini muttasil boyitadigan mustahkam aloqa tizimiga kiradi. Insonlar mashina ijodini saralaydi, tanqid qiladi va yo‘naltiradi; mashinalar esa insonlarga yuqori darajada fikrlash va yaratish imkonini beradigan “intellektual narvon” vazifasini o‘taydi. Bunda g‘oyaning kelib chiqishi emas, balki uning haqiqatligi va foydalilik darajasi muhim mezonga aylanadi. Mualliflik ikki qutbli (yo inson, yo mashina) tushunchadan yaxlit spektrga aylanadi.
Epistemologik xavf (haqiqatni yolg‘ondan ajratish qobiliyati yo‘qolishi yoki buzilishi): Nimalarni yo‘qotishimiz mumkin?
Eng chuqur xavotir texnik emas, balki madaniy va epistemologik (bilim tabiatiga oid) xususiyatga ega. Bilim – bu asrlar osha davom etib kelayotgan inson aql-zakovatining o‘zaro suhbatidir. Agar ushbu suhbatdagi yangi “ovoz”larning aksariyati haqiqatni emas, balki ravonlikni; originallikni emas, balki moslikni; donolikni emas, balki diqqatni jalb qilishni ko‘zlagan algoritmlardan chiqsa, sivilizatsiyaviy muloqotning mohiyati o‘zgaradi. Nozik xatolar qotib qolishi, haqiqat deb qabul qilinishi mumkin. Kam uchraydigan, ammo hayotiy muhim fikrlash tarzlari – masalan, she’riy yoki nostandart qarashlar – “o‘rtachalashtirish” (averaging) jarayonida silliqlanib, yo‘q bo‘lib ketishi hech gap emas.
Bundan tashqari, iqtisodiy muvozanat buziladi. Sintetik kontent tannarxi deyarli nolga teng, asl insoniy kontent yaratish esa qimmat va vaqt talab qiluvchi jarayondir. Agar maxsus choralar ko‘rilmasa, bozor iqtisodiyoti va platformalar arzon va tezkor mashina kontenti “toshqini”ni afzal ko‘rishi tabiiy.
Muvozanatni saqlash choralari
- Manbani tasdiqlash qatlami (Provenance Layer):
Inson yaratgan kontentni kriptografik imzolash va raqamli belgilar (watermarking) bilan himoyalash. Shuningdek, SI modellarini o‘qitishda tasdiqlangan insoniy materialning minimal foizini talab qiluvchi standartlarni joriy etish.
- Konstitutsiyaviy chegaralar va “Algoritmik axloq”:
Kelajak modellari “insoniy signalni saqlash” maqsadlari asosida loyihalashtirilishi kerak. Bunda algoritmlar sintetik ma’lumotlarga haddan tashqari tayanib qolgani uchun “jarimaga tortiladi” yoki aksincha, noyob insoniy holatlarni faol qidirishga rag‘batlantiriladi.
- Madaniy va huquqiy normalar:
Yuqori sifatli insoniy ma’lumotlarga xuddi nodir metallar yoki toza ichimlik suvi kabi strategik resurs sifatida qarash lozim. Ilmiy jurnallar, universitetlar va arxivlar yangi, birlamchi kontent yaratish va uni sertifikatlash uchun rag‘batlantirilishi shart.
- Xilma-xillikni saqlovchi o‘qitish:
Modellarni “reallikka bog‘lab turish” uchun saralangan insoniy bilim oqimlaridan doimiy foydalanish, inson-ekspertlar ishtirokida adversarial testing (ya’ni “sparring sherik”) va temporal ensembling (“vaqt ansambli”, turli davrlarga oid ma’lumotlarni birlashtirib o‘qitish, ya’ni o‘tmishning har bir o‘n yilligidan olingan ma’lumotlarni doimiy ravishda o‘qitish bazasiga qo‘shib borish) usullari qo‘llanilishi kerak.
1 foizlik kelajak
Tasavvur qiling: 2045-yil. Dunyodagi butun raqamli fond – matnlar, tasvirlar, videolar, dasturiy kodlar va ilmiy maqolalarning 99 foizi mashinalar tomonidan ishlab chiqarilgan. Qolgan bor-yo‘g‘i 1 foizi – insoniy: ko‘chadagi devorlarda yozilgan she’r; elektr energiyasi uzilib qolgan tunda sham yorug‘ida bitilgan kundalik; Internetdan uzilgan eski noutbukda yozilib, keyinchalik tarmoqqa yuklangan ilmiy kashfiyot.
O‘sha dunyoda mana shu 1 foiz Yer yuzidagi eng qimmatbaho resursga aylanadi. Chunki u – tizimga haqiqiy yangilik va tiriklik nafasi kirib keladigan yagona “darcha”dir.
Biz hali bunday keskin holatga mahkum emasmiz, lekin allaqachon shu jarlik yoqasida turibmiz. Savol piramidaning teskari bo‘lish-bo‘lmasligida emas, balki ushbu jarayonni qanchalik oqilona boshqara olishimizda va insoniy ovozni kelajak suhbatida eshitiladigan darajada kuchli saqlab qola olishimizdadir.
Mashinalar faqat ish o‘rinlarimizni egallash uchun kelayotgani yo‘q. Ular madaniyat, fan va tarixning muallifligiga da’vogarlik qilmoqda. Agar kelajak intellektlariga “aks-sadoning aks-sadosi”dan ko‘ra ko‘proq narsa qoldirmoqchi bo‘lsak, insonning ijodiy salohiyatiga azaldan bo‘lganidek – tengsiz va almashtirib bo‘lmas javhar sifatida munosabatda bo‘lishimiz shart.