The Verge xabar berishicha, Windows 11 operatsion tizimining tarkibiy qismi bo‘lgan Copilot dasturi 11 mart kuni chiqarilgan operatsion tizimning so‘nggi oylik yangilanishini o‘rnatish paytida kompyuterlardan “beixtiyor o‘chirilmoqda”. Maʼlum qilinishicha, yangilanishlar paketini o‘rnatish natijasida Copilot dasturini ishga tushirish yorlig‘i vazifalar panelidan olib tashlanadi va dasturning o‘zi o‘chiriladi.

Microsoft Windows 11‘ning mart oyidagi yangilanishiga bergan izohida “Biz baʼzi qurilmalarga taʼsir ko‘rsatgan Microsoft Copilot dasturidagi muammodan xabardormiz”, dedi va muammoni hal qilish ustida ishlayotganini, unga duch kelgan foydalanuvchilar esa Microsoft Store‘dan Copilot dasturini qayta o‘rnatishlari va uni vazifalar paneliga “qo‘lda mahkamlashlari” mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Copilot sunʼiy intellekt yordamchisiga qiziqmagan baʼzi Windows 11 foydalanuvchilari ushbu yangilanish xatosida o‘zlariga maʼqul jihatlarni topdilar. So‘nggi bir yil davomida Microsoft Windows uchun sunʼiy intellekt yordamchisi mijozini bir necha bor takomillashtirdi. Dastlab veb-ilova o‘rniga dastur ishlab chiqildi, endi esa unda “Alt+probel” tugmalar birikmasi yordamida ovozli funksiyalarni tezkor chaqirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Microsoft, shuningdek, 4 aprel kuni kompaniyaning 50 yilligiga bag‘ishlangan maxsus tadbirda taqdim etishni rejalashtirayotgan Copilot‘ning qo‘shimcha yangilanishlari ustida ham ishlamoqda. Tadbirda Microsoft AI bosh direktori Mustafa Sulaymon aqlli yordamchining yangi funksiyalari haqida maʼlumot beradi. Mish-mishlarga ko‘ra, kompaniya OpenAI bilan raqobatlashish uchun o‘zining mulohaza yurituvchi sunʼiy intellekt modellarini ishlab chiqmoqda.