The Wall Street Journal sunʼiy intellekt (SI) sohasidagi texnologik qurollanish poygasi yangi bosqichga chiqqani va bu yo‘nalishga kiritilayotgan sarmoyalar misli ko‘rilmagan surʼatda o‘sayotganidan ogohlantirdi.

Dushanba kuni OpenAI o‘z maʼlumotlar markazlarini jihozlash uchun Advanced Micro Devices (AMD) kompaniyasidan chiplar sotib olish bo‘yicha bir necha milliard dollarlik shartnoma imzoladi. Bu yangilik ortidan AMD aksiyalari 24 foizga qimmatlashdi. OpenAI va uning raqobatchilari SI modellarini o‘qitish va ishlatish uchun shoshilinch ravishda yangi maʼlumotlar markazlarini qurmoqda.
Bugungi kunda sohaning yetakchisi Nvidia yuqori talabni qondirishga ulgurmayotgani sababli OpenAI anʼanaviy ravishda videoo‘yinlar uchun grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi AMD bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Shuningdek, kompaniya Broadcom bilan ham qiymati 10 milliard dollarlik chip ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
Nvidia‘ning bozor qiymati 4,55 trillion dollarga yetgan bir paytda, raqobat tobora kuchaymoqda — ko‘plab ishlab chiqaruvchilar bu ulkan bozorning hech bo‘lmaganda bir qismini egallashga intilmoqda. Morgan Stanley tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi uch yil ichida sunʼiy intellektni rivojlantirishga taxminan 3 trillion dollar sarmoya kiritiladi. Baʼzi ekspertlar SI sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar joriy yilning birinchi yarmida AQSH yalpi ichki mahsuloti o‘sishining asosiy omillaridan biri bo‘lganini taʼkidlamoqda.
Shu bilan birga, Amazon asoschisi Jeff Bezos sunʼiy intellekt atrofida “sanoat pufagi” shakllanayotganidan ogohlantirib, bu holatni dotkomlar davridagi haddan tashqari baholangan internet-startaplariga qiyosladi. Haqiqatan ham, OpenAI va boshqa ishlab chiquvchilar kiritilayotgan ulkan sarmoyalarni oqlash uchun yetarli daromad topa oladimi yoki yo‘qmi, bu hozircha nomaʼlum.
Shunga qaramay, Bezos “chang bosilib, g‘oliblar aniqlangach, jamiyat bu ixtirolardan katta foyda ko‘radi”, deya ishonch bildirdi. Uning fikricha, Bayden maʼmuriyati davridagi elektromobillar sohasida sunʼiy ravishda vujudga kelgan “davlat pufagi”dan farqli o‘laroq, SI sohasidagi xususiy sarmoyalar ancha samarali va tabiiy o‘sishni taʼminlamoqda.