May oyining o‘rtalarida o‘ttiz nafar mashhur matematiklar OpenAI kompaniyasining o4-mini chat-botining matematik qobiliyatlarini sinab ko‘rish uchun Kaliforniyaning Berkli shahrida to‘planishdi. Ikki kun davomida ular uni professor darajasidagi savollar bilan sinovdan o‘tkazishdi va sunʼiy intellekt nihoyatda murakkab matematik masalalarni yecha olishini hamda allaqachon dunyoning aksariyat eng yaxshi aspirantlaridan ustun ekanligini aniqladilar.

Image credit: scitechdaily.com

Katta til modellari (KTM) jumlalardagi so‘zlar ketma-ketligini bashorat qila oladi. Biroq, boshqa ko‘plab KTMlar bilan taqqoslaganda, o4-mini va uning Gemini 2.5 Flash kabi analoglari kuchliroq mustahkamlangan maxsus maʼlumotlar to‘plamlarida o‘qitilgan. Bunday yondashuv anʼanaviy KTMlarga qaraganda murakkab matematik masalalarga chuqurroq kirishib keta oladigan chat-bot yaratishga imkon beradi, deb yozadi Scientific American.

o4-minining taraqqiyotini o‘lchash uchun OpenAI uchinchi tomon Epoch AI tashkilotiga yechimlari ilgari eʼlon qilinmagan 300 ta matematik masalani tuzishni topshirdi. Zamonaviy KTMlar allaqachon murakkab matematik savollarga to‘g‘ri javob bera oladi, ammo Epoch AI tomonidan tanlangan savollar ilg‘or KTMlar uchun murakkab bo‘lib chiqdi – ularning hech biri 6 tadan ortiq masalani yechmadi, yaʼni 2% chegarasidan o‘tmadi. Biroq o4-mini butunlay boshqacha natija ko‘rsatdi.

Epoch AI rahbari sifatida Elliot Gleyzer boshchiligidagi tadqiqot 2024 yil sentyabr oyida boshlandi. o4-mini uchun 300 ta matematik masala uchta murakkablik darajasiga – bakalavriat, magistratura va tadqiqot darajasiga bo‘lindi. 2025 yil aprel oyiga kelib, Gleyzer o4-mini taxminan 20% masalalarni yecha olishini aniqladi. To‘rtinchi darajani hatto matematika professorlari uchun ham qiyin bo‘lgan masalalar tashkil etardi. Tadqiqotda ishtirok etgan olimlar tasodifiy axborot sizib chiqishi va sunʼiy intellekt modelining ushbu vazifalar bilan erta tanishishi ehtimolini istisno qilish uchun maxfiylik shartnomasini imzolashlari kerak edi.

17-18 may kunlari tajriba ishtirokchilari Berklida yig‘ilib, o4-mini so‘nggi savollar blokiga qanday javob berishini tekshirishdi. 30 nafar olim olti kishilik guruhlarga bo‘lindi. Ular ikki kun davomida bir-birlari bilan musobaqalashib, o‘zlari yecha oladigan, ammo chat-botni chalg‘itadigan masalalarni o‘ylab topishdi.

Olimlar oxir-oqibat chat-botni boshi berk ko‘chaga kiritgan o‘nta savolni topishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, tadqiqotchilar sunʼiy intellekt bir yil ichida qanchalik rivojlanganidan hayratda qolishdi. Loyiha ishtirokchilaridan biri, London matematika instituti matematigi Xe Yanxuey o4-mini darajasini hech bo‘lmaganda juda aqlli aspirant bilan tenglashtirdi. Yechimlarni topish tezligi bo‘yicha esa u professional matematikdan ancha ustun edi: ekspert-insonga yechim topish uchun haftalar yoki oylar kerak bo‘lgan joyda modelga atigi bir necha daqiqa kifoya qildi.

Sunʼiy intellektning rivojlanishi texnologiyaga tahsin aytishdan tashqari, xavotirga ham sabab bo‘lmoqda. Tadqiqot ishtirokchilari foydalanuvchilar o4-mini natijalariga haddan tashqari ishonib qolishidan tashvishlanishdi.

«Induksiya bo‘yicha isbot bor, teskarisi bo‘yicha isbot bor, qo‘rqitish bo‘yicha isbot ham bor, – dedi Xe. – Agar siz biror narsani yetarlicha obro‘li tarzda aytsangiz, odamlar eʼtiroz bildirishdan cho‘chishadi. Menimcha, o4-mini qo‘rqitish orqali isbotlashni o‘zlashtirgan; u hamma narsani katta ishonch bilan gapiradi».

Oxirida tadqiqot ishtirokchilari matematikaning kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligi haqida fikr yurita boshladilar. Muhokamalar «beshinchi daraja»ga – hatto eng yaxshi matematiklar ham yecha olmaydigan masalalarga ko‘chdi. Agar sunʼiy intellekt shu darajaga yetsa, matematiklarning roli keskin o‘zgaradi. Shu munosabat bilan oliy taʼlimda ijodkorlikni rivojlantirish kelajak avlodlar uchun matematikani saqlab qolishning kaliti bo‘lib qoladi.

Stenford biznes maktabi olimlari jamoasi yaqinda investitsiya strategiyalarini tahlil qilish uchun chatbot ishlab chiqdi. U sunʼiy intellekt faqat ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda investitsion fondlar menejerlarining ishini qanchalik yaxshilay olishini tushunishga yordam beradi. Natijalar shunchalik taʼsirli bo‘lib chiqdiki, tadqiqotchilar bir yil davomida o‘z hisob-kitoblarida xato qidirishdi, ammo topa olishmadi. Sunʼiy intellekt tahlilchisi boshqaruvchilarning 93 foizini o‘rtacha 600 foizga ortda qoldirdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan