Xitoyning odamsimon robotlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyasi robotlarning odamlarga qaraganda ikki baravar kam samarali ekanligini e’tirof etdi. Xususan, BYD avtomobil konserni va Apple pudratchisi Foxconn bilan hamkorlik qiluvchi Shenchjendagi “UBTech” kompaniyasining brending bo‘yicha direktori Maykl Tam Walker S2 robotlari odamlarga nisbatan bor-yo‘g‘i 30–50 foiz samaradorlikka ega ekanligini ta’kidladi. Qolaversa, bu ko‘rsatkich faqatgina qutilarni joylashtirish va sifat nazorati kabi muayyan vazifalardagina kuzatiladi.

Image credit: ubtrobot.com

Shunga qaramay, yirik ishlab chiqaruvchilar raqobatchilardan ortda qolmaslik uchun hamon ushbu robotlarga buyurtma berishga shoshilmoqda. Maykl Tam “The Financial Times” nashriga bergan intervyusida bu holatni shunday izohladi: “Tasavvur qiling, agar Tesla o‘z ishlab chiqarish liniyalariga odamsimon robotlarni joriy etish orqali ustunlikka erishsa, bu BYDning ortda qolishini anglatishi mumkin”.

Shunday bo‘lsa-da, kompaniya kelajakka optimistik qaramoqda: “UBTech” 2027-yilga borib Walker robotining unumdorligini inson ko‘rsatkichining 80 foizigacha yetkazishni rejalashtirmoqda. “Daiwa Capital Markets” tahlilchisi Kelvin Launing fikricha, bu vaziyat asta-sekin yaxshilanib boradi va kompaniya o‘z maqsadiga erishishi mumkin. Shuningdek, u robotlar tanaffus yoki mehnat ta’tiliga muhtoj emasligini hisobga olganda, 80 foizlik samaradorlik zavodlar uchun to‘liq yetarli bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan