Anthropic kompaniyasi fayllar bilan ishlashga mo‘ljallangan Cowork nomli yangi AI-agentni e’lon qildi. Bu vosita Claude Code imkoniyatlaridan texnik bilimga ega bo‘lmagan foydalanuvchilarning ham foydalanishi uchun mo‘ljallangan. Yangilik Claude ish stoli (desktop) ilovasiga integratsiya qilingan bo‘lib, sun’iy intellektga foydalanuvchi tanlagan papkadagi fayllarni o‘qish, tahrirlash va yangilarini yaratish imkonini beradi. Jarayonni oddiy chat orqali boshqarish mumkin.

Image credit: hightech.plus

Cowork — amalda Claude Codening soddalashtirilgan va izolyatsiya qilingan versiyasidir. Undan foydalanish uchun buyruqlar satri (command line), virtual muhitlar yoki dasturlash ko‘nikmalari talab qilinmaydi. Foydalanuvchi shunchaki kompyuterdagi agent kirishi mumkin bo‘lgan papkani ko‘rsatadi va vazifani matn orqali tushuntiradi (masalan, fayllarni saralashdan tortib hisobotlarni tayyorlashgacha).

Ushbu vosita hozirda dastlabki sinov bosqichida bo‘lib, faqat narxi oyiga $100 dan $200 gacha bo‘lgan Claude Max tarifi obunachilari uchun ochiq. Boshqa tarif foydalanuvchilari kutish ro‘yxatiga yozilishlari mumkin. Birinchi bosqichda Cowork faqat macOS tizimidagi ilovada ishlaydi.

Cowork g‘oyasi kompaniya o‘z dasturchilari Claude Codedan kod yozish bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarda (yozishmalarni tahlil qilish, fayllarni boshqarish, sayohatlarni rejalashtirish, hatto pechni boshqarish va o‘simliklar o‘sishini monitoring qilish kabi maishiy ishlarda) faol foydalanayotganini payqaganidan so‘ng tug‘ildi. Bu jamoani Claude Agent SDK asosida yanada universal va qulay interfeys yaratishga undadi. Insayderlarning so‘zlariga ko‘ra, jamoa ushbu funksiyani taxminan bir yarim hafta ichida, asosan Claude Codening o‘zidan foydalangan holda ishlab chiqqan.

Cowork «agent sikli» deb ataluvchi usuldan foydalanadi: AI so‘rovga shunchaki javob bermaydi, balki harakatlar ketma-ketligini rejalashtiradi, ularni bajaradi, natijani tekshiradi va zarur bo‘lsa, aniqlik kiritishni so‘raydi. U parallel ravishda bir nechta vazifani bajarishi, Asana, Notion yoki PayPal kabi Anthropic konnektorlari bilan integratsiyalashuvi, shuningdek, Claude brauzer kengaytmasi orqali veb-saytlar bilan ishlashi mumkin.

Shu bilan birga, Anthropic xavflardan ogohlantiradi. Cowork mahalliy fayllarni o‘zgartirishi yoki o‘chirib yuborishi mumkinligi sababli, foydalanuvchilarga iloji boricha aniq va tushunarli ko‘rsatmalar berish tavsiya etiladi.

Kompaniya, shuningdek, tashqi kontentdagi yashirin buyruqlar (prompt injection) xavfini ham eslatib o‘tdi. G‘arazli niyatli shaxslar Claude internetda duch keladigan materiallar ichiga yashirin buyruqlarni joylashtirishi, bu esa AIni himoya mexanizmlarini chetlab o‘tishga yoki zararli harakatlarni bajarishga majbur qilishi mumkin. Anthropic himoya choralarini ko‘rgan bo‘lsa-da, xavf saqlanib qolmoqda.

Coworkning ishga tushirilishi samaradorlikni oshiruvchi AI vositalari bozorida Anthropicning Microsoft Copilot, OpenAI va Google bilan raqobatini kuchaytiradi. Kompaniya sinov bosqichi yakunlangach, Coworkga kirishni kengaytirish va Windows uchun versiyani chiqarish rejalarini ma’lum qildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan