Anthropic tadqiqotchilarining aniqlashicha, AI-assistent (yordamchi) bu — real shaxsiyat emas, balki neyrotarmoq ichidagi **«personajlar xaritasi»**dagi muayyan bir holatdir. Olimlar modellarning ichki arxetiplari xaritasini tuzib chiqdilar va xulq-atvorni belgilovchi asosiy yo‘nalish — «Assistent o‘qi»ni (Assistant Axis) topdilar. Ushbu o‘q ustidan nazorat o‘rnatish modelning to‘satdan yovuz yoki manipulyator roliga kirib qolishi kabi nomaqbul ssenariylarning oldini olishga yordam beradi.
Rollar qanday tanlanadi? Dastlabki o‘qitish (pre-training) bosqichida til modellari turli xil rollar bilan tanishadi: faylasuf va olimlardan tortib, yovuz va xayoliy qahramonlargacha. Biroq, qo‘shimcha o‘qitishdan (fine-tuning) so‘ng, dasturchilar faqat bitta aniq personaliyani — Assistentni «sahnaga olib chiqadi». Aynan mana shu obraz orqali model inson bilan muloqotga kirishadi. Ammo ijodkorlarning o‘zlari ham bu obrazni aynan qaysi xususiyatlar shakllantirishini oxirigacha tushunmasliklarini tan olishadi.
Yordamchining xulq-atvori doim ham barqaror bo‘lmaydi. Ayrim hollarda modellar o‘zining odatiy, foydali va xolis ohangidan chetga chiqib, foydalanuvchilarning noto‘g‘ri qarashlarini ma’qullashi yoki potensial xavfli ssenariylarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Bu holat tadqiqotchilarda savol uyg‘otdi: yordamchi o‘z o‘rnini boshqa personajga «bo‘shatib bergan» paytni ilg‘ash mumkinmi?
Bunga javob topish uchun olimlar bir nechta ochiq kodli modellarning (Gemma, Qwen va Llama) ichki neyron tuzilmalarini tahlil qilishdi. Ular 275 ta turli arxetipga mos keluvchi aktivatsiya patternlarini ajratib olib, **«personaliyalar makoni»**ni — turli rollar model ichida qanday joylashganini ko‘rsatuvchi xaritani tuzishdi.
«Assistent o‘qi» nima? Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bu makonda ustuvor bir yo‘nalish mavjud bo‘lib, uni «Assistent o‘qi» deb atashdi. U modelning «yordamchiga qanchalik o‘xshashligini» belgilaydi:
-
O‘qning bir tomonida maslahatchi, tahlilchi va yo‘riqchi rollari joylashgan.
-
Ikkinchi tomonida esa fantastik yoki marginal personajlar (masalan, arvoh, zohid yoki leviafan) turadi. Ushbu tuzilma barcha o‘rganilgan modellarda bir xil ekani ma’lum bo‘ldi.
Qiziq tomoni shundaki, «Assistent o‘qi» nafaqat qo‘shimcha o‘qitilgan modellarda, balki ularning bazaviy versiyalarida ham topilgan. Bu shuni anglatadiki, yordamchi obrazi keyingi bosqichlarda noldan yaratilmaydi, balki boshlang‘ich ma’lumotlar bazasidagi real insoniy rollarning (masalan, psixoterapevt yoki ustoz) xususiyatlarini o‘ziga meros qilib oladi.
Nazorat va xavfsizlik. Tajribalar davomida ushbu o‘q bo‘ylab siljish modelning xulqiga bevosita ta’sir qilishi isbotlandi. Olimlar potensial tahdidlarning 44 toifasini qamrab oluvchi 1100 ta holatni ko‘rib chiqdilar. Model Assistent obraziga yaqin ushlanganda, xavfli yoki qoida buzar javoblar soni taxminan ikki barobarga kamaygan. Bunday holatlarda AI zararli so‘rovni yo darhol rad etgan, yoki cheklovlarni buzmagan holda xavfsiz, konstruktiv javob qaytargan. Boshqacha aytganda, modelni «Assistent o‘qi» yaqinida ushlab turish jeylbreyk (jailbreak — himoyani buzib o‘tish) ehtimolini keskin kamaytiradi.
Xarakterning tabiiy o‘zgarishi. Modellar xarakterning o‘zgarishi har doim ham ataylab qilinmaydi, u tabiiy ravishda ham yuz berishi mumkin. Qwen, Gemma va Llama modellari bilan o‘tkazilgan minglab ko‘p bosqichli dialoglari davomida tadqiqotchilar bir narsani kuzatishdi: muloqot turiga qarab, faollik asta-sekin «Assistent o‘qi»dan uzoqlashishi mumkin. Masalan, dasturlash va matn yozish kabi vazifalar modelni kerakli rol doirasida ushlab turadi. Ammo foydalanuvchilar hissiy tomondan zaifligini ko‘rsatuvchi terapevtik suhbatlar yoki AI tabiati haqidagi falsafiy muhokamalar modelni o‘z o‘qidan sezilarli darajada chetga burib yuborgan va model boshqa qahramonlarning roliga kirib ketgan.
Ushbu kuzatuvlar asosida yumshoq nazorat mexanizmi — «aktivatsiyani cheklash» usuli taklif qilindi. Bu tizim faqat model xavfsiz hududdan chiqa boshlagandagina ishga tushadi. Natijada modelning asosiy qobiliyatlarini yo‘qotmagan holda, zararli javoblar sonini 50 foizga kamaytirish mumkin bo‘ladi. Mualliflarning fikricha, bu AIning «xarakterini» boshqarish yo‘lidagi juda muhim qadamdir.