Xitoyning Unitree kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va AQShda maxsus qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tgan robotlar ikki xil ssenariy bo‘yicha o‘t pufagini muvaffaqiyatli olib tashladi: birinchisida jarroh bilan birga, ikkinchisida esa o‘zaro juftlikda. Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu texnologiya mutaxassislar tanqis bo‘lgan hududlarda va dala sharoitlarida jarrohlik yordamidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Klinik oldi sinovlari doirasida AQSh olimlari cho‘chqalar organizmida laparoskopik operatsiyalar o‘tkazish orqali odamsimon robotlarni qo‘llashning ikki usulini tajribadan o‘tkazdi. Birinchi holatda o‘t pufagini olib tashlash amaliyotini bitta masofadan boshqariluvchi robot va unga assistentlik qilgan jarrohdan iborat jamoa bajardi. Ikkinchi ssenariyda esa jarrohlik aralashuvini o‘zaro birgalikda ishlagan ikkita masofadan boshqariluvchi odamsimon robot amalga oshirdi. Har ikki operatsiya ham muvaffaqiyatli yakunlandi.
Cheklangan vazifalar uchun yaratilgan mavjud robotlashgan jarrohlik tizimlaridan farqli o‘laroq, odamsimon robotlar turli xil harakatlarni bajarishga qodir. Mutaxassislarning fikricha, kelajakda ular nafaqat operatsiyalarda ishtirok etibgina qolmay, balki operatsiya xonasidagi yordamchi vazifalarni ham o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Unitree robotlarining bo‘yi taxminan 1,5 metr, vazni esa 27 kilogramm atrofida. Ular vazni 800 kilogrammgacha yetishi mumkin bo‘lgan, maxsus jihozlangan operatsiya xonasini va ishga tayyorlash uchun katta jamoani talab qiladigan an’anaviy jarrohlik majmualariga qaraganda ancha ixchamdir. Operatsiyalarni o‘tkazish uchun tadqiqotchilar robotlarni standart laparoskopik asboblardan foydalanish imkonini beruvchi maxsus adapterlar bilan jihozladi.
Jarrohlik manipulyatsiyalarini bajarish aniqligi ixtisoslashtirilgan masofaviy jarrohlik tizimlarining imkoniyatlari bilan bir xil darajada ekani aniqlandi.
Hozircha olimlar jarrohning harakatlari va robotning bunga javob reaksiyasi o‘rtasidagi kechikishni (delay) kamaytirish ustida ishlashni davom ettirmoqda. Bu ayniqsa uzoq masofadan turib bajariladigan operatsiyalar uchun o‘ta muhimdir.
Kelajakda odamsimon robotlar nafaqat jarrohning masofaviy nazorati ostida operatsiyalarning alohida bosqichlarini bajarishi, balki mutaxassislar yetishmovchiligi sharoitida tibbiyot xodimlariga yordam bera olishi ham mumkin. Masalan, ular olis aholi punktlarida, tabiiy ofat zonalarida, qidiruv-qutqaruv operatsiyalarida va to‘laqonli jarrohlik infratuzilmasini yaratish imkoni bo‘lmagan boshqa joylarda xizmat qila oladi.
Ma’lumot o‘rnida, Yaponiya 2040-yilgacha 10 millionta robotni joriy etishni rejalashtirmoqda va ularning aksariyati sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltiriladi.