O‘ta o‘tkazgichlarni izlash doimo olimlarning intuitsiyasiga va uzluksiz tajribalarga asoslangan uzoq hamda mashaqqatli jarayon bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi tadqiqotlar sunʼiy intellekt bu jarayonni tubdan tezlashtirishga qodir ekanligini isbotlamoqda. Alibaba algoritmlari oltita yangi o‘ta o‘tkazuvchan materialni aniqladi. Ularning bir qismi sintezlanib, laboratoriyada tekshirildi, SI-agentlaridan biri esa hatto kristall tuzilmalarning eski maʼlumotlar bazasidagi xatoliklarni ham to‘g‘irladi.

Yaqinda Alibaba‘ning tadqiqot bo‘linmasi – DAMO Academy, Jenmin universiteti va Xitoy Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda Elements Claw tizimini taqdim etdi. Ishlab chiquvchilar uni o‘ta o‘tkazgichlarni kashf etish uchun maxsus yaratilgan birinchi sunʼiy intellekt agenti deb atamoqda. Grafik protsessorlarning atigi 28 soatlik ish vaqtidan foydalangan holda, tizim 2,4 millionta kristall tuzilmani tahlil qildi va 68 mingta potensial nomzodni bashorat qilib berdi. Futubull nashrining yozishicha, ulardan to‘rttasi sintezlanib, ularning o‘ta o‘tkazuvchanlik xususiyatlari real laboratoriya tajribalarida o‘z tasdig‘ini topgan.
Tasdiqlangan birikmalar qatorida Hf₂₁Re₂₅ (mavjud maʼlumotlar bazasidan topilgan), Zr₄VRe₇ (uning tuzilishi avval xato yozilgan), HfZrRe₄ (to‘liq sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan) va Zr₃ScRe₈ (tuzilishi jihatdan yaqin materiallarga qiyosan topilgan) mavjud. Ular orasidagi eng yuqori kritik harorat 6,5 kelvinga (yaʼni, taxminan –266,6 °C) yetadi. Bu xona haroratidan ancha yiroq bo‘lsa-da, muvaffaqiyatli bashorat va tajribaviy tasdiqning o‘ziyoq kishini umidlantiradi.
Tizim 125 millionta molekulyar va kristall tuzilmalar asosida oldindan o‘qitilgan milliard parametrli fundamental atom modeliga ega “ixtisoslashgan-umumiy integral” arxitekturaga qurilgan. U o‘ta o‘tkazuvchanlikni bashorat qilishda deyarli mukammal aniqlikka (AUC ko‘rsatkichi 0,996) erishadi, kritik haroratni esa 1 kelvindan kamroq o‘rtacha xatolik bilan baholaydi.
DAMO Academy‘ning ilmiy intellekt yo‘nalishi rahbari Jun Yuyning so‘zlariga ko‘ra, bu – “sunʼiy intellekt agenti tomonidan kashf etilgan va tajribada tasdiqlangan o‘ta o‘tkazgichlarning birinchi partiyasi”. Butun maʼlumotlar bazasi akademik maqsadlarda foydalanish uchun ochiq holda qoldirilgan.
Bundan avval SuperC xalqaro konsorsiumi olimlarining yutug‘i haqida xabar berilgan edi. Ular “kagome panjarasi” deb ataladigan ikkita yangi o‘ta o‘tkazgichni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Konsorsium yondashuvi shundan iboratki, avval mashinaviy o‘rganish yordamida elementlarning eng istiqbolli birikmalari doirasi toraytiriladi, so‘ng ular kvant-fizikaviy hisob-kitoblar yordamida tekshiriladi. Bu anʼanaviy usullarga qaraganda vaqt va resurslarni keskin tejaydi.
Bir necha kunlik farq bilan yuz bergan bu ikki yutuq materialshunoslikda paradigma o‘zgarishidan darak bermoqda. Agar ilgari yangi o‘ta o‘tkazgichning kashf etilishi olimning intuitsiyasiga va ko‘p yillik tekshiruvlarga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, endilikda sunʼiy intellekt millionlab variantlarni bir necha soat ichida ko‘rib chiqib, tadqiqotchilarga eng istiqbolli yo‘llarni ko‘rsatib bera oladi. Bunday surʼatlar bilan asosiy maqsad – xona haroratida ishlaydigan o‘ta o‘tkazgichni topishga – keyingi o‘n yillikdayoq erishilishi ehtimoldan xoli emas.